O‘zbekiston energetika sohasida kadrlar tayyorlashda Fransiyaning ENEDIS kompaniyasi bilan hamkorlik qiladi. Bu haqida “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston elchixonasi xodimlari energetika sohasida milliy kadrlarni zamonaviy amaliyot asosida tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida Luara vodiysi Amaliy fanlar milliy maktabi (Institut National des Sciences Appliquées – INSA) direktori Yann Shamayar va Fransiyaning yetakchi energetika kompaniyalaridan biri – ENEDIS vakillari bilan uchrashuv o‘tkazgan.
O‘zbekiston rahbariyati tomonidan iqtisodiyotning turli sohalari uchun malakali kadrlarni tayyorlash bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar haqidagi ma’lumot taqdim qilingan. Energetika davlatni jadal rivojlantirish borasidagi strategik yo‘nalishlardan biri bo‘lgani sababli ushbu sohaga malakali kadrlarni tayyorlash muhim ahamiyat kasb etishi alohida ta’kidlangan.
Amaliy fanlar milliy maktabi direktori Yann Shamayar O‘zbekistonda energetika sohasi uchun mutaxassislarni tayyorlashga berilayotgan e’tiborni e’tirof etgan. Shuningdek, respublikaning tegishli tashkilotlari va o‘quv muassasalari bilan ushbu yo‘nalishda hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirgan.
Uning ma’lumotiga ko‘ra, hozirgi kunda INSA’da 1 ming 660 nafar talaba tahsil olmoqda. Ularning 17 foizini xorijiy mamlakatlar fuqarolari tashkil etadi. Chet ellik yoshlarning o‘qishi va yashashi bilan bog‘liq xarajatlar Fransiya hukumati tomonidan beriladigan stipendiyalar va Yevropa Ittifoqining Erasmus+ dasturi orqali moliyalashtirilmoqda.
Institut ilmiy-tadqiqot ishlariga ham katta e’tibor qaratadi. Uning hududida 2 ta laboratoriya mavjud. Ta’lim dargohi xalqaro hamkorlik yo‘nalishini ham yaxshi yo‘lga qo‘ygan. Ayni paytda Braziliya, Italiya, Marokko, Xitoy, Yangi Zelandiya ta’lim dargohlari bilan mustahkam aloqalar o‘rnatilgani ta’kidlangan. Vyetnamda esa institutning filiali ochilgan.
Milliy maktab vakillari O‘zbekiston bilan “energetika muhandisligi” sohasida malakali kadrlarni tayyorlash bo‘yicha hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanini ta’kidlagan. Ushbu yo‘nalishdagi hamkorlik ENEDIS energetika kompaniyasi ko‘magida amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!