IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan haydovchilik guvohnomasi olish uchun o‘tkaziladigan imtihonlar olish monopollashtirilayotganiga oid xabarlarga munosabat bildirdi.
Departamentning ta’kidlashicha, 2020-yil 7-dekabrdagi prezident qarori hamda ushbu hujjat asosida tasdiqlangan Hukumatning 272-son qarori tasdiqlangan.
Mazkur hujjatlarga ko‘ra, 2021-yil 1-apreldan boshlab haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish faoliyati uchun lisenziyaga ega tadbirkorlik subyektlariga barcha toifadagi avtomototransport vositalarini (trolleybus va tramvaydan tashqari) boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni o‘tkazish huquqi berilgan.
Haydovchilik guvohnomasini olishda nazariy va amaliy imtihonlarni o‘tkazish huquqiga ega bo‘lish uchun esa tadbirkorlik sub’yektlari zimmasiga ma’lum bir talablar belgilab qo‘yilgan. Bunda eng avvalo imtihonlar inson omilisiz, to‘liq avtomatlashtirilgan holda amalga oshirilishi, zamonaviy avtodrom mavjudligi, maxsus himoyalangan dasturiy ta’minotlar kompleksiga egaligi hamda imtihonlar jarayonida olingan ma’lumotlarga hamda imtihon natijalariga o‘zgartirish kiritish imkoniyatining cheklanganligi va boshqa shu kabi talablar o‘rnatilgan.
“Ushbu talablarga to‘laqonli javob beradigan imtihon tizimi uchun sarmoya kiritgan istalgan tadbirkorlik sub’yekti lisenziya olish uchun ariza topshirishi mumkin. Bunda hech bir tadbirkorlik sub’yektiga cheklov yoki to‘siq yo‘qligini ma’lum qilamiz”, – deyiladi Departament munosabatida.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 4-fevraldan Toshkent shahri Sergeli tumanida joylashgan “Toshkent imtihon markazi” mazkur yo‘nalishdagi o‘z faoliyatini boshladi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur tashkilot bilan bog‘liq ayrim yuridik manzil va nomlar ayni paytda Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonovga tegishli bo‘lgan Avtotest’ga aloqador bo‘lib chiqmoqda.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!