Davlat rahbarining 2022-yil 30-apreldagi “Ichki turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-232-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishi asosida joriy yilning 7-11-avgust kunlari Qashqadaryo viloyati, Shahrisabz tumanidagi “Lochin” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida “Yoshlar turizmi” xalqaro II qurultoyi o‘tkazilmoqda.
Qurultoy doirasida Madaniyat va turizm vazirligi hamda Qashqadaryo viloyati hokimligi hamkorligida press-tur tashkil etiladi. Unda 30 dan ortiq jurnalist va blogerlar, shu jumladan, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan hamkorlikda mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan chet el diplomatik korpus vakillariga taklifnomalar yuborilgan.
Shuningdek, Qashqadaryo bilan birodarlashgan viloyatlar va shaharlar delegatsiyalari ham qurultoyga taklif etilgan. Ular qatorida MDHga a’zo Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozoqiston, Turkmaniston kabi davlatlarning yoshlari ham bor.
Rossiya, Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozoqiston, Turkmaniston va boshqa bir qator davlatlarning yetakchi nashrlarida Qashqadaryoda o‘tkaziladigan xalqaro qurultoy haqida maqola va chiqishlar e’lon qilingan. O‘zbekistondagi mahalliy ommaviy axborot vositalarida esa 50 ga yaqin targ‘ibot materiallari yoritilgan va efirga uzatilgan.
Xalqaro qurultoyda yurtimizning har bir hududidan 50 dan ortiq iqtidorli, ijtimoiy himoyaga muhtoj, shu jumladan nogironligi bo‘lgan hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan o‘quvchi, talaba va yoshlar ham jalb qilingan.
Besh kun davomida mehmonlarni ajoyib va betakror tadbirlar kutib turibdi. Qurultoy doirasida tanlov, musobaqa, taqdimot, uchrashuv, aksiya, loyiha hamda kitobxonlik kuni, milliy va etnosport turlari bo‘yicha sport musobaqalari, madaniy-ko‘ngilochar, yoshlar uchun biznesni tashkil qilish, hunarmandchilik mahsulotlarini tayyorlash bo‘yicha davra suhbatlari, yoshlar bilan taniqli teatr va kino ijodkorlarining ijodiy muloqotlari, mamlakatimizdagi Elchixona konsullari bilan qurultoy ishtirokchilarining uchrashuvlari kabi bir qator tadbirlar shular jumlasidan.
Yakunida faol ishtirok etgan guruhlar va hudud jamoalari vakillari faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishi ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, qurultoy ishtirokchilarining har biriga Madaniyat va turizm vazirligining maxsus sertifikati topshiriladi.
Yoshlar turizmi xalqaro qurultoyi doirasida:
“Do‘stlik kechasi” va “Do‘stlik gulxani” tadbirlari;
“Tug‘ilgan kun” va “Yulduzlar tashrifi” loyihalari;
“Eng yaxshi turizm loyihasi” tanlovi;
“Turizm spartakiadasi” musobaqasi;
“Turizm-kvest” va “Zakovat” intellektual o‘yini;
“Biz, bir jamoamiz” mavzusida hududlarning taqdimotlari;
Yosh turizm elchilari Kengashi a’zoligiga saylovlar;
Milliy va etnosport turlari bo‘yicha sport musobaqalari, yuqori natijalarga erishgan hamda yoshlarga o‘rnak ko‘rsatadigan sportchilar va murabbiylar ishtirokida “mahorat darsi”;
“Xazrati Bashir ota” maqbarasi hamda Shahrisabz tumanidagi Oqsaroy me’moriy yodgorligi bo‘ylab sayohat;
Yagona tizim ishlab chiqish muhokamasi va qabul qilinishi, yillik faoliyatning yagona tizimi bo‘yicha umumiy yig‘ilish;
Qurultoyning tantanali ochilish va yopilish marosimlari o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
“Yoshlar turizmi” xalqaro II qurultoyiga mingdan ortiq ishtirokchilar kelishi kutilmoqda.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!