“Agar bu ukrainaliklar uchun tinchlikka erishishimiz va odamlarni yo‘qotmasligimiz mumkin bo‘lgan yagona konfiguratsiya bo‘lsa, albatta, biz bunga boramiz”, – deydi Zelenskiy britaniyalik jurnalist Pirs Morganga bergan intervyusida. Bundan tashqari, u agar aholiga tinchlik olib kelishning yagona sxemasi Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralar stoliga o‘tirish bo‘lsa, bunga tayyorligini ham aytgan. Bu haqda “Ukrainskaya pravda” xabar bermoqda.
Shuningdek, Zelenskiy bu vaziyatda uning Kreml rahbariga shaxsiy munosabati ahamiyatga ega emasligini ta’kidlab, uni dushman deb hisoblashini aytgan.
Prezident hozirgi kunda Ukraina barcha hududlarni qaytarib ololmasligini va “erishish ehtimoli bo‘lmagan natija uchun millionlab odamlarni yo‘qotishi mumkin emasligini” ta’kidlagan.
Zelenskiy “vatan uchun jonini fido qilganlarga bergan qasamyodini buza olmasligi”ni aytgan. Siyosatchi Konstitutsiyani buzish va bosib olingan hududlarni Rossiyaga tegishli deb tan olish mumkin emasligini qayd etgan.
Bundan tashqari, Ukraina prezidenti jangovar harakatlar davom etayotgan paytda mamlakatda saylovlar o‘tkazish imkoniyatini yana bir bor inkor etdi.
Eslatib o‘tamiz, mamlakatda navbatdagi prezidentlik saylovi 2024-yil 31-mart kuni o‘tkazilishi kerak edi. Ukrainadagi harbiy holat tufayli ular o‘tkazilmagan.
Ukrainaning urushni tugatish shartlari quyidagilardan iborat:
Ukraina qo‘shinlarni 1991-yil chegaralariga olib chiqishni nazarda tutuvchi “tinchlik formulasi”ni amalga oshirishni talab qilmoqda. Gap 2014 va 2022-yillarda Rossiya tomonidan u yerda o‘tkazilgan “referendumlar” va Ukrainaning Qrim, Donetsk, Lugansk, Xerson va Zaporojye viloyatlari noqonuniy anneksiya qilingani haqida ketmoqda. Moskva “tinchlik formulasi” asosida muzokaralar olib borish imkoniyatini istisno qiladi.
Rossiya shartlari esa quyidagicha:
Putin o‘t ochishni to‘xtatish uchun o‘z shartlarini ilgari surdi, jumladan, Ukraina qo‘shinlari o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilingan DXR, LXR, Xerson va Zaporojye viloyatlaridan olib chiqilishi, ushbu to‘rtta hudud va Qrim go‘yoki xalqaro miqyosda Rossiyaning bir qismi sifatida tan olinishi, Ukrainaning NATOga a’zolikdan voz kechishi va sanksiyalarni olib tashlash.
Zelenskiy esa bu takliflarni “ishonib bo‘lmaydigan” ultimatum deb ataydi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!