Xalqaro valyuta fondi, XVF (International Monetary Fund, IMF)ni tashkil etishga oid qaror 1944-yil 22-iyulda BMTning Bretton-Vuds pul va moliya masalalari bo‘yicha konferensiyasida qabul qilingan. Buning uchun 1945-yil 27-dekabrda dastlabki 29 ta davlat tomonidan imzolangan bitimning asoslari ishlab chiqildi (XVF Nizomi). Ushbu sana bugun Xalqaro valyuta jamg‘armasi tashkil topganining rasmiy kuni hisoblanadi.
Fondning asosiy vazifalari:
• pul-kredit yo‘nalishi bo‘yicha xalqaro hamkorlikni rivojlantirish;
• valyuta kurslarining barqarorligini ta’minlash, valyuta sohasidagi standartlarga va qonunlarga asoslanib ish olib borish;
• ko‘p tomonlama hisob-kitoblar tizimining yaralishini ta’minlash va valyuta cheklovlarini yo‘qotish;
• a’zolariga vaqtinchalik moliyaviy yordam ko‘rsatishda to‘lov balansidagi farqni bartaraf etishga ko‘maklashish kabilar.
Fondning moliyaviy manbalari, asosan, 189 a’zo-davlatlarning badallari (“kvotalar”) hisobiga shakllantiriladi. Ularning umumiy miqdori hozirgi vaqtda 212,7 milliard SDR yoki 293 milliard AQSh dollariga teng. Kvotalar a’zo davlatlar iqtisodiyotining nisbiy hajmidan kelib chiqqan holda formula bo‘yicha belgilanadi.
Xalqaro valyuta fondining asosiy moliyaviy roli to‘lov balansida qiyinchiliklarga uchragan a’zolarga qisqa muddatli kreditlar berishdan iborat. Fonddan mablag‘ oluvchi a’zolar, o‘z navbatida, bunday qiyinchiliklarning sabablarini bartaraf etish uchun siyosiy islohotlarni amalga oshirishga kelishib oladi. XVFdan qarz olish miqdori kvotalarga mutanosib ravishda cheklangan. Fond, shuningdek, kam daromad ko‘ruvchi a’zo-davlatlarga imtiyozli yordam ko‘rsatadi.
Jamg‘armaning boshqaruv organi – barcha a’zo davlatlar vakillaridan iborat Boshqaruv Kengashi hisoblanadi. U har yili yig‘iladi. Kundalik ishlarni 24 kishilik Ijroiya kengashi boshqaradi. Xalqaro valyuta fondining tarkibi 133 mamlakatdan 2500 ga yaqin xodimni qamrab oladi.
Quyida esa Xalqaro volyuta fondi so‘nggi yillarda eng katta yordam ko‘rsatgan davlatlar bilan tanishamiz:
2009-2010-yil. Belarus
3,5 milliard dollarlik kredit berilgan. 2009-yilgi iqtisodiy inqiroz o‘sha davrning yalpi ichki mahsulot o‘sishini 0,2 foizgacha keskin pasayishiga sabab bo‘ldi. Ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlariga talab pasaydi. Kredit olishdan maqsad – Belarus hukumatining to‘lov balansidagi salbiy saldoni qoplash edi.
Xalqaro valyuta fondi shartlariga binoan hukumat milliy valyutani 40 foizga qadrsizlantirishi, soliq siyosatini o‘zgartirishi belgilandi. Shuningdek, hukumat pul-kredit siyosati tamoyillarini o‘zgartirishi kerak edi.
Kredit 2015-yil mart oyida muddatidan oldin to‘langan.
2008-2010-yillar. Turkiya
Kredit summasi 23,5 milliard dollarni tashkil etgan. Kreditga bo‘lgan ehtiyoj YaIM o‘sish sur’atlarining pasayishi, milliy valyutaning qadrsizlanishi bilan izohlanadi. XVF taqdim etgan kreditning maqsadi iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash edi. Qarz berish shartlari – xarajatlarni sezilarli darajada pasaytirish bo‘lgandi.
Kredit 2013-yilda to‘lab bo‘lingan.
2008-2013-yillar. Vengriya
Kredit summasi 12 milliard dollarni tashkil etadi. Hukumat pulni 17 oy davomida bo‘lib-bo‘lib oldi. Kredit olish uchun murojaat sababi – bir necha yillar davomida byudjet taqchilligi tufayli yuzaga kelgan juda katta davlat qarzi edi.
XVF’ning qarz shartlari: mavjud qarzlarni to‘lashdan tashqari barcha byudjet toifalarining xarajatlarini kamaytirish edi.
2013-yil avgust oyida Vengriya hukumati kreditni muddatidan 1 yil oldin to‘lab bo‘ldi.
1998-yil. Rossiya
12 milliard dollarlik kredit ajratildi. Kredit 1998-yil davomida uchta transh bilan berildi.
Kredit shartlari quyidagicha edi: inflyatsiyaning 6,9 foizgacha pasayishi, davlat byudjeti defitsitining 2 foizdan oshmasligi, tashqi savdoni liberallashtirish, bir vaqtning o‘zida aksiz solig‘ini oshirish bilan neft va gazga eksport bojlarini bekor qilish, eksport qilinadigan tovarlarni majburiy bojxona ko‘rigidan o‘tkazish va bojxona to‘lovlarini kamaytirish, import qilinadigan alkogol mahsulotlariga bo‘lgan cheklovlarni olib tashlash.
Kredit 2005-yil yanvar oyida muddatidan oldin to‘langan.
1997-yil. Janubiy Koreya
Kredit summasi 19,5 milliard dollarni tashkil etdi. 1994-1996-yillarda yalpi ichki mahsulotning o‘sishi 5-8 foizni, 1997-yilda -5 foizni tashkil etdi. Inqiroz sababi: asosiy kapitalning haddan tashqari to‘planishi, kredit olish imkoniyatining ko‘pligi, qisqa muddatli tashqi qarzdorlikning yuqori ulushi, bank-moliya nazoratining sust tizimi va qat’iy belgilangan kurs kabilar edi.
Kredit shartlari: moliyaviy islohotlarni jadallashtirish, bank tizimini qayta qurish, qat’iy soliq siyosatini yuritish, chet el investorlari uchun bozorni ochish. Hukumat inflyatsiyani 3 foiz darajasida ushlab turishga, to‘lov balansi taqchilligini YaIMning 1 foizigacha kamaytirishga majbur bo‘ldi.
Kredit 2001-yil avgust oyida to‘lab bo‘lingan.
Sarvinoz Omonova tayyorladi
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!