Toshkent metropoliteni 42 yildan buyon ishlab kelmoqda. Uning qurilishi uchun Sharof Rashidov bor kuch-g‘ayrati bilan mehnat qilgan. Balki, buni ko‘pchilik bilar, balki bilmas, bugun biz, Toshkent metrosi ilk bora ishga tushirilgan sana munosabati bilan tarixda o‘tgan voqealar haqida yana eslashga qaror qildik.
Xo‘sh, Rashidov metro uchun nima qilgan?
“Rashidov bo‘lmaganda metro bo‘lmasdi”, degan gap-so‘zlar ba’zan qulog‘imizga chalinib qoladi. Toshkent metrosi yaqin vaqtgacha Markaziy Osiyoda yagona edi.
O‘sha vaqtlarda Oʻzbekiston kommunistik partiyasi Markaziy kengashining 1-kotibi bo‘lgan Sharof Rashidov 1966-yildagi kuchli zilziladan so‘ng vayronagarchiliklarni saranjomlagach, Toshkentda yerosti yo‘li qurilishi uchun kurasha boshlaydi. Dastlab, SSSR hukumati uning bu harakatiga qarshi chiqadi. Markazdagilar hali zilzilani, hali yerosti suvlarini bahona qilib, metro qurilishiga rozi bo‘lishmaydi. Qo‘pol qilib aytganda, ular Rashidovga “Sizlarga metroni kim qo‘yibdi” qabilida muomala qilishgan. Biroq Sharof Rashidov eng bilimdon va tajribali mutaxassislar ishtirokida tahliliy ma’lumotlar tayyorlatib, Toshkentda metropoliten qurishga asos borligini isbotlab bergan.
Yana bir qiziq tomoni, o‘sha vaqtlarda Kreml metroni Toshkentda emas, Olmaotada qurishni ko‘zlagan. Lekin Rashidov “yerosti relsi”ni Toshkentga bura olgan.
Ana shundan so‘ng 1972-yili poytaxtda metro qurilishi boshlangan. Qurilish 1977-yili yakunlanib, metro 6-noyabrda ilk bora ishga tushirilgan.
Mana shundan beri, biz eng arzon va eng tezyurar transport vositasidan mamnunlik bilan foydalanamiz. Bugun ishlab turgan metro stansiyalarining hammasi bir vaqtda qurib, ishga tushirilmagan. Ya’ni, 1977-yili “Olmazor”, “Chilonzor”, “Mirzo Ulugʻbek”, “Hamza” (hozirgi “Novza”), “Milliy bog‘” (avvalgi “Yoshlik”), “Xalqlar doʻstligi”, “Paxtakor”, “Mustaqillik maydoni”, “Amir Temur xiyoboni” bekatlari ishga tushirilgan bo‘lsa, 1980-yili “Hamid Olimjon”, “Pushkin”, “Buyuk ipak yoʻli” bekatlari foydalanishga topshirilgan.
1984-yili “Alisher Navoiy”, “Oʻzbekiston”, “Kosmonavtlar”, “Oybek” va “Toshkent” bekatlari ishga tushgan va shu tarzda yillar davomida yangi metro bekatlari qo‘shilib boravergan. Bu jarayon hamon davom etmoqda. Bugungi kunda Toshkent metropolitenida 3 ta yo‘nalish 29 ta bekat yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatayapti. Uning umumiy uzunligi 38,25 km.ni tashkil etadi.
Aytgancha, bugun nafaqat metro ishga tushgan kun balki, uning ochilishida fidoyilik ko‘rsatgan inson – Sharof Rashidov tug‘ilgan sana. U 1917-yili 6-noyabr kuni Jizzaxda tug‘ilgan. Rashidov nafaqat davlat arbobi balki, yozuvchi ham bo‘lgan. Uning “Bo‘rondan kuchli”, “Qudratli to‘lqin” romanlari, “Kashmir qo‘shig‘i”, “Komde va Mo‘dan” kabi qissalari chop etilgan.
Adib hayotining so‘nggi yillarida yozgan “Dil amri” qissasi urush yillarida Belarus tuprog‘ida jang qilgan o‘zbek jangchilarining hayotiga bag‘ishlangan.
Bu inson haqida yana juda ko‘p qiziqarli ma’lumotlar bor. Biz ularga keyinroq to‘xtalamiz.
Nozima RAHMATOVA tayyorladi
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!