Oʻzbekistondan 30-sentyabr kuni joʻnab ketgan 34 nafar delegatsiya vakillari Moskva shahrida oʻz ijodiy jarayonlarini boshlab yuborishdi. “Oʻzbek kinosi kunlari” tadbiriga hozirda Rossiyada istiqomat qilayotgan Oʻzbekistonlik kinoijodkorlar ham tashrif buyurishmoqda.
“O‘zbekkino” Milliy agentligi axborot xizmatining ma’lumot berishicha, “Oʻzbekkino” Milliy agentligi, Rossiya Federatsiyasi Madaniyat vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasining Moskva shahridagi Elchixonasi tomonidan oʻtkazilayotgan ushbu tadbirlardan ikkala davlat uchun ham kino sanʼati sohasidagi hamkorliklar uchun keng yoʻl ochilishi kutilmoqda.
Bundan tashqari ushbu kino kunlarini oʻtkazishdan maqsad, Rossiyada oʻzbek kinematografiyasini ommalashtirish, mamlakatlar, tarixan yaqin xalqlar oʻrtasidagi madaniy va mamlakatlar oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni mustahkamlashdan iboratdir.
“– Kino kunlari doirasida biz “Oʻzbekkino” va Rossiyaning yirik kinokompaniyalari oʻrtasida qoʻshma kino loyihalarini tashkil etish boʻyicha qator memorandumlar imzolashni rejalashtirmoqdamiz, turli yillarda yaratilgan va ayni paytda Rossiyaning “Gosfilmofond”ida saqlanayotgan oʻzbek filmlarini qaytarish boʻyicha muzokaralar olib boramiz, – deydi Oʻzbekiston delegatsiyasiga rahbarlik qilayotgan “Oʻzbekkino” Milliy agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov. –Mamlakatimiz uchun boʻlgʻusi kinokadrlarni shakllantirishning muhimligini anglagan holda, Oʻzbekiston delegatsiyasi tarkibiga bir guruh iqtidorli yoshlar ham kiritildi, ular uchun VGIK, Mosfilmga tashriflardan tashqari Rossiya kino sanʼatining koʻzga koʻringan ustalari ishtirokida mahorat saboqlari va treninglar oʻtkazamiz.”
Rossiyada Oʻzbek kinosi kunlari Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning 2018-yil oktyabr oyida boʻlib oʻtgan uchrashuvi yakunlari boʻyicha iqtisodiyotimizning koʻplab sohalarida doʻstlik va hamkorlikni mustahkamlash hamda 2019-2024-yillarda iqtisodiy hamkorlik dasturining qabul qilingan chora-tadbirlari doirasida oʻtkazilmoqda.
Shunday ekan, Rossiyada Oʻzbek filmlari haftaligi Rossiyada yashovchi rus tomoshabinlari va Oʻzbek diasporasi vakillariga katta ekranda yangi oʻzbek kinosini tomosha qilish, kartinalar ijodkorlari bilan suhbatlashish, oʻzbek kinosi tendensiyalari bilan tanishish imkonini beradi. Dastur soʻnggi yillardagi eng yaxshi professional badiiy va hujjatli filmlarni oʻz ichiga oladi.
Taniqli aktyorlar, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artistlar Matyoqub Matjonov, Fotih Jalolov, Rajab Adashev, Karim Mirxodiyev, yosh aktyorlar Adiz Rajabov, Xusan Rashidov, aktrisa Feruza Saidovalarning ushbu delegatsiya tarkibida borligi Moskalik oʻzbek kinosi muxlislarini juda quvontirdi.
“Oʻzbekkino” Milliy agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligida taniqli kinorejissyorlar Rustam Saʼdiyev, Umid Hamdamov, Sarvar Karimov va boshqa yosh rejissyorlar Moskvalik professional kinorejissyorlar bilan kino sohasidagi aloqalarini rivojlantirish va hamkorlikda filmlar olish boʻyicha muzokaralar olib borishmoqda.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!