“Toshkent shahri markazidagi O‘zbekiston matbuoti va jurnalistikasi ramzi bo‘lgan “Matbuot uyi” chigal taqdiri bilan tarixda alohida iz qoldiradigan bo‘ldi” deb yozmoqda O‘zA. Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, bino auksionda sotilmaydi.
O‘tgan 2018-yili 21-aprelda 15 milliard qarzdorligi uchun auksionga qo‘yilgan bino keyinchalik Toshkent shahar hokimiyati tomonidan savdodan olinib, “Matbuot uyi” vakillariga qaytarilgan edi.
O‘shanda O‘zbekiston Milliy Axborot agentligining surishtiruvi natijasida quyidagi ma’lumotlar aniqlagan.
Ya’ni, O‘zA muxbiriga “O‘zsanoatqurilishbank” Mirobod tumani yuristining axborot berishicha, “Matbuot uyi” Toshkent shahar “Toshbozorsavdo” uyushmasi tomonidan mazkur bankka garovga qo‘yilgan.
So‘rov yuzasidan “Toshbozorsavdo” uyushmasi vakilining dalolat berishicha, Toshkent shahar hokimiyati qarori bilan “Toshbozorsavdo” uyushmasiga kredit olish maqsadida garov ta’minoti sifatida “Matbuot uyi” qo‘yilgan. Biroq “Toshbozorsavdo” uyushmasi nodavlat, notijorat maqomga ega bo‘lib, uyushma “Matbuotchilar uyi”ni garovga qo‘yish huquqiga ega emas. Garovga qo‘yish huquqi va qaror Toshkent shahar hokimiyati tomonidan 2016-2017-yillarda amalga oshirilgan.
Hokimiyat 2016-2017-yillarda bozorlarni ta’mirlash, qurish evaziga “Matbuot uyi”ni “qurbon” qilgan. Aytishlaricha, kredit “Toshbozorsavdo” uyushmasi xarajatlari uchun olingan va sarflangan.
O‘shanda qarzdorlik miqdori 15 milliard ekanligi aniqlangan, auksionda esa 18 milliard 750 ming so‘m miqdorida sotilishi ko‘rsatilgan edi.
“Bu yil ham yana xuddi o‘sha miqdordagi summa bilan bino auksionga qo‘yildi. Aftidan “O‘zsanoatqurilishbank”dan “Toshbozorsavdo” uyushmasi uchun olingan mablag‘lar hamon qaytarilmagan ko‘rinadi” , deyiladi xabarda.
Oqibatda yana bu yil 18-noyabr sanasida ushbu bino E-ijro auksion ochiq auksioniga qo‘yildi. Bir necha kundan so‘ng bu ochiq auksion savdolari saytidan olib tashlandi. Agentlik manbalari ma’lumotiga ko‘ra, bino auksionda sotilmaydi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!