Artur Konan Doyl asariga ko‘ra, detektiv Sherlok Holms va do‘sti doktor Vatson 1881-1904-yillarda Londondagi Beyker Strit, 221-B xonadonda istiqomat qilishgan. 1990-yil 27-martda detektiv asarlar muxlislarining sevimli qahramoni Sherlok Holms muzeyi ochildi. Ushbu muzey Londonda Beyker Strit 221-B da joylashgan bo‘lib, aslida ushbu asar paydo bo‘lguniga qadar bu nomdagi ko‘cha va bunday uy bo‘lmagan.
Faktlar
• Muzeyni tashkil qilish jarayonida, asl raqami 239 bo‘lgan xonadonga “Sherlok Holms uyi” nomini osish uchun “221b Baker Street” nomli firma ochilgan. Shu bilan birga muzeyning rasmiy pochta manzili ham mavjud: 221b, Baker Street, London, NW1 6XE.
• Muzeyning birinchi qavatida suvenir va esdaliklar sotiladigan do‘kon mavjud. Ikkinchi qavatda mehmonxona va unga ulanib ketgan Sherlokning xonasi bor. Uchinchi qavatda esa doktor Vatson va Hadson xonimlarning xonalari joylashgan. Binoning to‘rtinchi qavatidagi xona avvaliga xo‘jalik mahsulotlarini saqlash uchun ishlatilgan bo‘lsa, hozirda turli xil qahramonlar (Moriarti, Iren Adler va boshqalar)ning mumdan yasalgan haykallari mavjud.
• Uy interyeri Artur Konan Doyl asarida ta’riflaganday yaratilgan. Holmsning uy-muzeyida ko‘pgina predmetlarni “jonli” tarzda ko‘rishingiz mumkin. Masalan, Sherlokning ko‘pchilikka tanish bo‘lgan skripkasi, shlyapa, kimyoviy tajribalar uchun qo‘llaniladigan asbob va boshqalar.
• Muzeyga tashrif buyuruvchilar mashhur izquvar va do‘stining xonalari hamda buyumlari bilan tanishib chiqishlari, kamin yonidagi kresloda o‘tirib, esdalik uchun suratga tushishlari mumkin.
• Uy mebellari 1860-1934-yillar oralig‘ida tayyorlangan bo‘lib, ushbu bino nafaqat Sherlok Holms uy-muzeyi, balki XIX asr oxirlarida Londonda joylashgan turar-joylarning klassik namunasi hisoblanadi.
• Muzey har kuni soat 9:30 dan 18:00 gacha faoliyat ko‘rsatadi. Muzeyda hech qanday to‘lovlarsiz suratga olish va videolavhalar tayyorlashga ruxsat berilgan.
Guljahon Sanjarbekova tayyorladi
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!