Odamlarni o‘zingizni hurmat qilishga majbur qilib bo‘ladimi? Yo‘q. Majbur qilib bo‘lmaydi, albatta. Biroq bunga erishish uchun o‘zingizni hurmat va e’tiborga loyiq darajada tutishingiz mumkin. Hurmatli odamlarning do‘stlari ko‘p bo‘ladi, muvaffaqiyatlarga erishadi, atrofidagilarning muhabbati bilan to‘lib-toshadi, shaxsiy hayotlariga ham havas qilsa arziydi.
Har birimiz bizga ko‘nglimizdagidek munosabat bildirishlarini istaymiz. Ammo hamma vaqt ham bunday bo‘lavermaydi. Gohida bizga e’tibor bermasliklari yoki hurmatsizlik qilishlari mumkin. Atrofdagilarning hurmat-e’tiborini qozonish, qadrlashlari uchun o‘zimizni qanday tutishimiz kerak? Quyidagi maslahatlar bu borada yordam beradi.
Boshqalarning hurmatiga qanday qilib sazovor bo‘lish mumkin?
“Haqiqiy kuchli odamlar o‘zini hurmat qilishlarini istashlarini tushuntirishmaydi. Shunchaki, ularga hurmatsizlik qilganlar bilan muomala qilmay qo‘yishadi, xolos”. – Sherri Argov.
Hurmat mehr va muloyimlikda emas
Mehribon, muloyim, o‘zgalarga yo‘l beradigan, yaxshi odam bo‘lish kerakmi? Ortiqcha mulozamatli odam kuchsiz kishi sifatida qabul qilinishi mumkin. O‘z shaxsiy fikriga ega bo‘lmagan, o‘z qiziqishlarini himoya qilolmagan va atrofdagilarga yoqishga intilgan odam ojiz ko‘rinadi. Ojizlarni esa hurmat qilishmaydi.
Hurmat harakatda yashirin
Aldoqchi, ayyor va o‘z so‘zida turmaydigan odamlarni hurmat qilmaydi. Odam haqidagi eng yaxshi ma’lumotni uning so‘zlaridan emas, harakatlaridan olish mumkin. Odamning bugungi harakati atrofdagilarning u haqdagi ertangi fikrlarini shakllantiradi. Shunday ekan, o‘z vazifangizni sifatli ado eting va sof vijdonli bo‘ling. Muhimi, hamma harakatingiz yetarli darajada halol va to‘g‘ri bo‘lmog‘i lozim. Aytgan so‘zingizda, bergan va’dangizda turing va oxirigacha bajaring. Juda kam odam bunday sifatga ega bo‘ladi va darrov ko‘zga tashlanasiz. Yaxshi harakatlaringiz bilan atrofdagilarning hurmatini qozonasiz.
Agar hurmat istasangiz, hammaga hurmat bilan munosabat qiling
Odamlarga hurmat bilan munosabatda bo‘ling, ular hatto ijtimoiy jihatdan pastroq maqomda bo‘lishsa ham. O‘zaro hurmat – hurmatning asosi. Siz atrofingizdagi odamlarga e’tibor bilan muomala qilsangiz, ularning nazdida hurmatga loyiq odamga aylanasiz. Siz odamlarni tabaqalamasdan go‘zal muomala qilasiz.
Tanqidni to‘g‘ri qabul qiling
Hatto eng hurmatli va kuchli odamlarni ham tanqid qilishadi. Tanqidni tushunishga harakat qiling, tabassum bilan qabul qila olsangiz yanayam yaxshi. Agar siz haq bo‘lsangiz, behuda depsinishning nima keragi bor. Agar haqiqatni aytishayotgan bo‘lishsa, buni yana-da kuchliroq bo‘lishingiz uchun imkoniyat, deb qabul qiling.
O‘zingizni mutaxassis sifatida tuting
O‘zingizni munosib tuting, yaxshi kiyining, odob-ahloq me’yorlari va xushmuomalalikni unutmang. Hamma vaqt yaxshi xislatlaringizni, o‘z kasbingizning mohir ustasi sifatidagi mahoratlaringizni ko‘rsata oling. So‘kinish, mayda gap-so‘zlar, mish-mishlar, g‘iybatlar darajasiga tushib ketmang. Imo-ishoralaringizni ham nazorat qiling. Hurmat qilishlarini istasangiz o‘zingizni mutaxassis sifatida namoyon eting.
Hurmat va mansabni chalkashtirmang
Ayrim odamlar katta mansab va mavqega ega bo‘lish orqali odamlarning hurmatini qozonish mumkin, deb hisoblaydi. Gap shundaki, mavqe va lavozim hurmat qilinishi mumkin, ammo odam emas. Kattakon boshliq ahmoqona so‘zlarni aytsa, qo‘pol bo‘lsa, boshqalarning fikri bilan ish ko‘rsa, bundaylarni kim ham hurmat qilardi? Bunday odamlarni, u qanaqa mansabda bo‘lishidan qat’i nazar, hech kim va hech qachon hurmat qilmagan va hurmat qilmaydi ham. Hurmat – bu o‘zni munosib va xushmuomala tuta olish qobiliyatidir.
Atrofdagilar uchun namuna bo‘la oling
Boshqalar havas qiladigan va sizga intiladigan inson bo‘ling. Yetakchilik qobiliyatingizni qo‘llang, mas’uliyatni zimmangizga oling, atrofingizdagi odamlarga e’tiborli bo‘ling va ular uchun vaqt ajrating. Shunday odamga aylaning-ki, boshqalar xuddi o‘shanday darajani istagan, ammo qo‘rqqan yoki eplolmagan bo‘lishsin. Atrofdagilar uchun namuna bo‘ling va hech narsa obro‘yingizga putur yetkaza olmasin.
O‘z-o‘zinga ishonish hurmatga sazovor bo‘ladi
Bema’ni fikrlar tarqatib, uni tasdiqlashlarini sabrsizlik bilan kutadigan kimsalarni kuzatishdan yomoni bo‘lmasa kerak. Bu o‘z-o‘zini past baholash sanaladi. Hech qachon lanjlikka, loqaydlikka, bema’ni gap-so‘zlarga, ming‘irlab yurishga yo‘l qo‘ymang. Ishonch bilan harakat qiling. Agar inson nima qilishini bilsa va ishonch bilan qadam tashlasa, uni hurmat qilishadi.
Qanday qilib hurmatga sazovor bo‘lish mumkin?
“Imkoni boricha har qanday odamni hurmat qilishga intiling. Toki o‘sha odam hurmatingizga loyiq ekanligini ko‘rsatmagunicha”. – Boris Akunin.
1. Obro‘ni yoshlikdan asrang.
2. Halol va atrofdagilar bilan xushmuomalada bo‘ling.
3. Atrofingizdagi odamlarning ismlarini eslab qoling va ismini aytib murojaat qiling.
4. Hamma vaqt sokin bo‘ling va his-tuyg‘ularingizni nazorat qiling.
5. Odamlarga, sizga qanday munosabat qilishlarini istasangiz, o‘shanday munosabat qiling.
6. Muloqotdoshingizni muhim va zarur inson ekanligiga ishontira biling.
7. Bo‘lar-bo‘lmasga bosim o‘tkazishga, kuch ishlatishga yoki manipulyatsiyaga o‘tmang.
8. O‘zgalar fikri va istaklarini hurmat qiling.
9. O‘zingizning ijobiy va afzal xislatlaringizni namoyon qila oling.
10. Bahs jarayonida shaxsga daxl qilmang.
11. Atrofingizdagilarga xush keluvchi va quvvatlovchi so‘zlar ayting.
12. O‘zingizni boshqalardan afzal bilmang.
13. Kechikmang va puxta bo‘ling. O‘zgalar vaqtini hurmat qiling.
14. Boshqalarni bekorga muhokama qilmang, tanqid ostiga olmang.
15. Odamlarning ko‘ziga qarab gapiring va o‘z fikringizni aniq bildiring.
16. Hamma xatoliklar uchun aybni zimmangizga olmang.
17. O‘zingizni shunday tuting-ki, hamsuhbatingiz yoningizda o‘zini juda ham bemalol va qulay his qilsin.
18. O‘zingizni go‘yoki hamma narsani biladigandek ko‘rsatmang. Zerikarli ham bo‘lmang.
19. Xushmuomalalik bilan voz kechishni va “yo‘q” deyishni o‘rganing. Hamma narsaga rozi bo‘lavermang.
20. O‘zingizni yetuk va ideal odam sifatida ko‘rsatishga urinmang, bu boshqalarning ensasini qotiradi.
21. Kuchli va irodali odamlarni, bu so‘zlarning tom ma’nosi bilan hurmat qilishadi.
22. Atrofdagilarni kuzating va hech narsani e’tiborsiz qoldirmang.
23. O‘zingizning va o‘zgalarning g‘alabalaridan quvonishni o‘rganing.
24. Bajara olmaydiganingizga va’da bermang.
25. O‘zgalarga laganbardorlik qilmang va yoqishga urinmang.
26. Zaif, muhtoj odamga o‘xshab ko‘rinmang.
27. Aslingizdek ko‘rining, kimgadir o‘xshashga intilmang.
28. Bekorchi gaplar, pichinglar, mish-mishlar va shunga o‘xshash narsalar bilan shug‘ullanmang.
29. Ko‘zingiz to‘q bo‘lsin.
30. Kuch – adolatda. Haqiqat kim tomonda bo‘lsa –o‘sha odam kuchli va hurmatli bo‘ladi.
Odamlarning hurmatiga qanday qilib sazovor bo‘lish mumkin? O‘zingizni munosib tuting, o‘zingizni hurmat qiling va boshqalarga e’tiborli bo‘ling.
Navfalbek Boltayev tayyorladi
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!