1920 yil 22 avgustda jahon adabiyotining taniqli namoyondalaridan biri - mashhur «Farengeyt bo‘yicha 451°» asarining muallifi, dono ertakchi va yulduzlararo sayohat haqida orzu qilgan fantast yozuvchi Rey Bredberi dunyoga kelgan. Kitobxonlarda ilmiy fantastika va fentezi janridagi asarlarga aynan u birinchi bo‘lib qiziqish uyg‘ota olgan, deb hisoblanadi.
Biroq ko‘pchilik nazarida Bredberi mo‘jiza kutayotgan abadiy yosh bola va bu mo‘jizani ro‘yobga chiqargan abadiy sehrgar qiyofasidagi yozuvchi bo‘lib qoladi. Biz bugun bu fantastning eng mashhur asarlaridan olingan parchalarni e'tiboringizga havola etamiz.
Ko‘zlaringni kattaroq och, hayotga shunday tashnalik bilan yashaki, go‘yoki 10 soniyadan keyin o‘lib qolasan. Dunyoni ko‘rishga harakat qil. U har qanday fabrikada yaratilgan yoki pulga sotib olingan orzudan ham go‘zalroq.
Bir xil insonlar bilan doimo yonma-yon yashaganingda, ularda hech qanday o‘zgarish sezmaysan. Uzoq vaqt, yillar ular bilan ko‘rishmaganingdagina ular bilan sodir bo‘lgan o‘zgarishlarga hayron bo‘lib qolasan.
Shlyapada quyonlarni qidirish – xuddi ba'zi odamlarning boshlarida bir tomchi bo‘lsa ham ma'no-mazmun qidirish kabi besamar ishdir.
Kim hayratlanishdan to‘xtasa, u sevishdan to‘xtagan bo‘ladi, sevishdan to‘xtadingmi, bilginki, sening hayoting yo‘q, kimning hayoti bo‘lmasa, uni tiriklayin qabrga kirgan deb hisoblayver.
Hayotdan to‘liq lazzatlanib yashash – tezroq o‘lish demakdir. Mayli shunday bo‘la qolsin: tezroq o‘lishni afzal bilaman, biroq bundan oldin hayotning boshqa lazzatlarini ham totib ko‘rishim kerak.
Nima qilishing ahamiyatsiz, biroq nimaga qo‘l ursang ham u o‘z shaklini o‘zgartirsin, avvalgidan boshqacharoq ko‘rinish olsin, unda sening bir parchang bo‘lsa ham qolsin. Ana shu ahamiyatlidir. Uy oldidagi o‘tni o‘rayotgan odam bilan haqiqiy bog‘bon orasidagi farq ham aynan ana shundadir.
Olamni saqlab qoladigan biror narsa yarat, yo‘lda cho‘kib ketsang ham, jilla qursa qirg‘oqqa qarab suzganligingni bilasan.
Ijodiyotning asosiy siri shundaki, o‘z g‘oyalaringizga mushukka kabi munosabatda bo‘ling – shunchaki ularni o‘z ortingizdan borishga majbur qiling.
Muhabbat – bu kim bilandir yilning to‘rt faslini birga baham ko‘rishni xohlashingizdir. Biror odam bilan nastarin guli bilan to‘shalgan bahorgi jaladan qochishni, yozda esa daryoda cho‘milib, mevalar terishni xohlashingizdir. Kuzda esa murabbo pishirib, sovuq kirmasligi uchun deraza atrofini berkitishingizdir. Qishda esa unga uzoq tunlarni va tumovni o‘tkazishga yordam berishingizdir...
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!