Bolaga kiyim xarid qilish har bir ota-ona uchun zavqli mashg‘ulot bo‘lishi bilan birga, uning parvarishida alohida e’tibor talab qiladigan jihatlardan biri sanaladi. Mutaxassislarning aniqlashicha, sifatli xomashyodan tayyorlangan kiyim kishi salomatligiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Bu borada kichkintoylar uchun mo‘ljallangan kiyimlar ham birinchi navbatda uning sog‘lig‘i uchun foydali bo‘lishi kerak. Tanlangan kiyim bolaning nozik terisi bilan bevosita aloqada bo‘lganligi sabab, u bola uchun qulay bo‘lishi, yoqimsiz hissiyotlarni keltirib chiqarmasligi, shuningdek, bola terisini tashqi ta’sirlardan himoya qila olishi talab etiladi.
Alohida ko‘rsatmalar mavjud
Kichkintoy uchun kiyim tanlashda, avvalo, uning yoshiga, gavda tuzilishiga e’tibor berishni unutmaslik kerak. Negaki, kichkintoy uchun tor va yoshiga mos kelmaydigan kiyim uning harakatlanishini cheklashi mumkin. Shuning uchun ham mutaxassislar bola bemalol harakatlana olishi uchun unga biroz kattaroq kiyim tanlashni tavsiya etishadi. Bola kiyimi namlikni yetarlicha singdira oladigan va havo o‘tkazish xususiyatiga ega bo‘lishi muhim. Xususan, kiyim gazlamasi bolada ter ajralishiga to‘sqinlik qilmasligi lozim. Bu borada kichik yoshdagi bolalar uchun ortiqcha bezaklardan xoli bo‘lgan kiyimlarni tanlagan ma’qul. Undagi ortiqcha elementlar qanchalik bejirim bo‘lmasin, bola “o‘lja”siga aylanishi, uni og‘ziga solishi, chaynashi hech gap emas.
Qaysi gazlamadan tayyorlangani ma’qul?
Jajji bolajonlarimiz uchun kiyim tanlashda uning matosiga e’tibor berish tavsiya etiladi. Bu borada paxta tolasidan tayyorlangan kiyimlarni xarid qilganingiz maqsadga muvofiqdir. Negaki, ular juda muloyim va bola teriga xush yoqadi. Qolaversa, paxta tolasidan tikilgan kiyimlarda bola terisi bemalol “nafas oladi”. Ularni tez-tez yuvishda ham, dazmol qilishda ham noqulayliklarni tug‘dirmaydi.
Mavsumga ham e’tibor bering
Bola uchun kiyim tanlashda uning mavsumga mos bo‘lishi muhim sanaladi. Negaki, yilning sovuq kunlarida kichkintoy kiyimi issiqlikni o‘zida yetarlicha saqlay olish xususiyatiga ega bo‘lishi kerak. Bu borada ota-onalarga tabiiy jundan tikilgan kiyimlar ayni qo‘l keladi. Negaki, junli matolar kishi tana haroratini bir me’yorda ushlab turadi va ter ajralishiga to‘sqinlik qilmaydi. Bahor va yoz mavsumi uchun esa farzandingizga paxta tolasidan tayyorlangan kiyimlarni kiydirish maqsadga muvofiqdir. Bundan tashqari, trikotajdan tikilgan kiyimlardan yilning istagan mavsumida foydalanish mumkin. Trikotaj juda yumshoq tolalardan tayyorlangan bo‘lib, bola terisini tashqi ta’sirlardan juda yaxshi himoyalaydi. Bundan tashqari, mazkur mato turi bolaning o‘tirib-turishi, yugurishi uchun juda qulay.
Kiyimlarni rangiga qarab tanlaymiz
Psixologlarning ta’kidlashlaricha, bolalar kiyimlaridagi ranglar uning rivojlanishiga ham ta’sir ko‘rsatar ekan. Xususan, bola kiyimidagi yorqin ranglar uning xulq-atvoriga, kayfiyatiga va hattoki xotirasi rivojlanishiga ham ta’sir ko‘rsatadi. Bundan tashqari, bu bolada ranglarni to‘g‘ri farqlay olish ko‘nikmasining shakllanishiga yordam beradi. Yetarlicha to‘q rangdagi yoki bir xil rangdagi kiyim-bosh bola kayfiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, uning tez zerikishiga sabab bo‘lishi mumkin. Xususan, kichkintoylar uchun mo‘ljallangan kiyimlar sariq, yashil, ko‘k, pushti ranglardan iborat bo‘lishi tavsiya etiladi. Barchamizga ma’lumki yashil rang asab tizimini tinchlantirish xususiyatiga ega. Sariq rang esa bolada jo‘shqin kayfiyatni uyg‘otadi. Ko‘k rangdagi kiyimlar ham o‘g‘il bolalar, ham qiz bolalar uchun birday mos kelishi bilan ahamiyatlidir. Qolaversa, oilaviy sayr uchun ham juda mos keladi. Juda faol va ta’sirchan bolajonlar uchun qizil rang aralash kiyimlarni kiyish tavsiya etiladi. O‘z o‘rnida mazkur rang bola kayfiyatini ko‘tarishi bilan birga asab tizimini qo‘zg‘atish xususiyatiga egaligi uchun to‘q qizil rangli kiyimlarni iloji boricha kamroq xarid qilgan ma’qul.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!