$
12965.34 UZS
-14.82
161.34 UZS
-0.29
14525.07 UZS
-81.5
26° Kechasi 16°

Shavkat Mirziyoyevning “Yangi O‘zbekiston” gazetasiga bergan intervyusi e’lon qilindi

09:13 / 17.08.2021

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Yangi O‘zbekiston” gazetasiga bergan intervyusi e’lon qilindi.

Qayd etilishicha, prezidentdan intervyuni gazeta bosh muharriri Salim Doniyorov olgan. Quyida intervyuning to‘liq matnini o‘qib chiqishingiz mumkin.

Savol. Muhtaram Prezident, avvalo, gazetamiz uchun intervyu berishga rozilik bildirganingiz uchun sizga minnatdorlik izhor etamiz.
Ma’lumki, keyingi besh yil davomida mamlakatimizda keng miqyosdagi demokratik o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. “Yangi O‘zbekiston” degan tushuncha real voqelikka aylanmoqda. Siz davlat boshlig‘i, ana shu ijtimoiy-siyosiy jarayonlarning tashabbuskori va ularning markazida turgan islohotchi rahbar sifatida bu yangilanishlarning mazmun-mohiyatini birinchi navbatda nimalarda ko‘rasiz?

Javob. Avvalo shuni aytish kerakki, o‘z yurtida ozod va erkin hayot, adolatli jamiyat barpo etishdek ulkan maqsadni o‘z oldiga qo‘ygan har qanday xalq, har qanday millat og‘ir, mashaqqatli va murakkab taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tadi.
Kelajakka katta umid va ishonch bilan qarab, hamisha sabr-matonat bilan yashagan o‘zbek xalqi ham 1991-yil 31-avgustda muqaddas orzusiga erishdi – jonajon Vatanimiz o‘z davlat mustaqilligini qo‘lga kiritdi.

Nasib etsa, yana sanoqli kunlardan keyin ana shu qutlug‘ sananing 30 yilligini ulkan shodiyona sifatida keng nishonlaymiz.
Bu shonli bayram oldidan mamlakatimizda katta tayyorgarlik ishlari amalga oshirilmoqda. Joylarda keng ko‘lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari shiddat bilan olib borilmoqda. Jumladan, poytaxtimizga tutash 100 gektardan ortiq ulkan hududda “Yangi O‘zbekiston” bog‘i hamda betakror Mustaqillik majmuasi jadal sur’atlar bilan bunyod etilmoqda. Nasib etsa, bu yil eng ulug‘, eng aziz bayramimizni mana shu yangi maydonda o‘tkazamiz.

Hech shubhasiz, istiqlol yillarida yurtimizda yangi davlat va jamiyat qurish yo‘lida tarixiy ishlar amalga oshirildi, mard va olijanob xalqimizning bukilmas irodasi va ulkan salohiyati bilan katta marralar zabt etildi. Tarixan qisqa muddatda mamlakatimiz Konstitutsiyasi – Asosiy qonunimiz ishlab chiqildi va qabul qilindi. Vatanimiz suveren davlat sifatida jahon hamjamiyatidan munosib o‘rin egalladi. O‘zbekistonda zamonaviy davlatchilik asoslari yaratilib, konstitutsiyaviy tuzumga asos solindi. Davlat hokimiyatining uchta mustaqil tarmog‘i – qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatlari qaror topdi. Tom ma’nodagi konstitutsiyaviy davlat barpo etildi.
O‘zbekiston Respublikasining suvereniteti va davlat mustaqilligini, sarhadlarimiz daxlsizligi, xalqimizning tinch-osoyishta hayoti hamda milliy manfaatlarimizni ishonchli himoya qilishga qodir bo‘lgan Qurolli Kuchlar tashkil etildi. Milliy valyutamiz – so‘m joriy etildi va oltin-valyuta zaxiralarimiz shakllantirildi.

Qadimiy tariximiz, boy madaniy merosimiz, milliy-diniy qadriyatlarimiz, o‘zligimiz tiklandi. Mana shunday unutilmas tarixiy jarayonlarda faol ishtirok etish nasib etganidan baxtiyorman.

Mustaqil taraqqiyot borasida erishgan ulkan yutuqlar bilan birga, yo‘limiz ayrim xato va kamchiliklardan ham xoli bo‘lmaganini ochiq aytish lozim. Mustabid tuzumdan voz kechib, demokratik jamiyat barpo etishga qaratilgan jarayonlar, murakkab va tahlikali davrning o‘zi turli muammo va vazifalarni oldimizga ko‘ndalang qo‘ydi. Ularni muvaffaqiyatli hal etish uchun bilim va tajribamiz, iroda va qat’iyatimiz ba’zan yetsa, ba’zida yetmagan holatlar ham bo‘ldi.
Shu bois mamlakatimiz taraqqiyotini yangi, yuksak bosqichga ko‘tarish, buning uchun yangi islohotlarni amalga oshirish obyektiv zarurat, eng muhim strategik vazifaga aylandi.

Darvoqe, “yangi” degan so‘zning biz uchun alohida ahamiyati bor. Masalan, eng ko‘hna bayramlarimizdan biri Navro‘z – Yangi kun deb atalishini esga olaylik. Ushbu qadimiy bayram bilan bog‘liq qadriyat va an’analar hayotimizga shu qadar singib ketganki, xalqimiz asrlar davomida, buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy aytganlaridek, “Har tuning qadr o‘lubon, har kuning bo‘lsin Navro‘z!” degan ezgu tilaklar, pok niyatlar bilan yashab keladi.

Yoki o‘tgan asrning boshlarida yurtparvar, millatparvar bobolarimiz “jadidchilik”, ya’ni yangilanish va erkinlik, adolat va tenglik, ilm-ma’rifat va milliy o‘zlikni anglash g‘oyalarini bayroq qilib, kurash maydoniga mardona chiqqanlarini barchamiz yaxshi bilamiz. Bu ulug‘ zotlarning maqsadi – jaholat va qoloqlik girdobida qolib kelayotgan Turkiston xalqini dunyoviy ilm-fan, ilg‘or kasb-hunarlar bilan qurollantirib, umumbashariy rivojlanish yo‘liga olib chiqishdan iborat edi.

Jadidlar tomonidan tashkil etilgan yangi usuldagi maktablar, teatr, kutubxona va muzeylar, gazeta va jurnallar, Turkiston farzandlarini chet ellarga o‘qishga yuborish maqsadida tuzilgan xayriya jamiyatlari xalqimizni necha asrlik g‘aflat uyqusidan uyg‘otdi, milliy ozodlik harakati uchun beqiyos kuch berdi. Afsuski, yurtimizda bolsheviklar diktaturasi o‘rnatilgani, chor mustamlakachilik siyosati yangicha shaklda davom ettirilgani ma’rifatparvar bobolarimizga o‘z maqsad-muddaolarini to‘liq amalga oshirish imkonini bermadi. Lekin ularning ezgu orzu-niyatlari xalqimizning qon-qonida, tarixiy xotirasida saqlanib qoldi va hanuz yashamoqda, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
Shu ma’noda, bugungi kunda butun xalqimizning qalbidan chuqur joy olgan, umummilliy harakatga aylanib borayotgan “Yangi O‘zbekiston” g‘oyasi zamirida ana shunday ulug‘ ajdodlarimiz, umuman olganda, milliy tariximizda Birinchi va Ikkinchi uyg‘onish davrlariga asos solgan alloma bobolarimizning orzu-intilishlari va armonlari ham mujassam, desak, adashmagan bo‘lamiz.

Javob. O‘tgan yil dekabr oyida Oliy Majlisga yo‘llangan Murojaatnomada bu haqda atroflicha to‘xtalib o‘tgan edim. Shu bois savolingizga qisqacha javob bermoqchiman.
Birinchi ustuvor vazifa: ijtimoiy siyosat mamlakatimizda davlat siyosatining eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib kelgan, hozir ham shunday va kelgusida ham shunday bo‘lib qoladi.

Bugungi kunda xalq farovonligini, odamlarning hayot darajasini har tomonlama oshirish, buning uchun yangi ish o‘rinlari, daromad manbalarini yaratish, kambag‘allikni qisqartirish, qishloq va shaharlarimizni obod qilish iqtisodiy strategiyamizning eng muhim yo‘nalishlari hisoblanadi.
Yurtimizda ijtimoiy muammolarni hal etishning mutlaqo yangi va o‘ziga xos tizimi yaratildi. Siz, jurnalistlar, bundan, albatta, yaxshi xabardorsiz. Keyingi paytda “temir daftar”, “ayollar daftari”, “yoshlar daftari”, “mahallabay” va “xonadonbay” ishlash usullari aynan shu maqsadda joriy etilmoqda. Shu asosda muammoga oid mavhum ko‘rsatkichlar emas, balki yordam va ko‘makka muhtoj har bir oila va fuqaroning, xotin-qizlar, yoshlarning muammolari o‘z joyida aniq o‘rganilmoqda, ular vaqtida va samarali hal etilmoqda.

Keksalar, nogironlar, og‘ir ahvolga tushib qolgan insonlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga mehr va muruvvat ko‘rsatish kabi ezgu an’analar bugungi kunda yangicha ma’no-mazmun, amaliy harakatlar bilan boyib, takomillashib bormoqda. Bu borada, ayniqsa, “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Besh muhim tashabbus”, “Har bir oila – tadbirkor”, “Yoshlar – kelajagimiz” kabi dasturlar o‘z ijobiy natijasini bermoqda.

Birgina “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 2021-yilda barcha shahar va tumanlardagi jami 7 ming 794 ta qishloq va mahallada umumiy qiymati 20,8 trillion so‘mlik qurilish, ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Ta’kidlash kerakki, milliy tariximizda qishloq va mahallalarimizni obodonlashtirishga hech qachon bunchalik katta mablag‘ ajratilmagan, eng muhimi, ularning rivojiga bu qadar jiddiy e’tibor berilmagan.

Ana shunday keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirish uchun rahbarlar qulay va shinam kabinetlardan chiqib, bevosita pastga, mahalla darajasiga tushib ishlamoqda.
Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning aniq manzilli xususiyatga ega ekani har bir muhtoj insonga uning real ehtiyojini hisobga olgan holda yordam ko‘rsatish imkonini bermoqda. Bunda ushbu toifaga mansub hech bir inson e’tibordan chetda qolmasligiga alohida ahamiyat qaratmoqdamiz.

Taklif va tashabbuslar ilgarigidek faqat “tepa”dan emas, balki ko‘proq quyidan bo‘lmoqda. Ularni amalga oshirishda esa quyi, o‘rta va yuqori bo‘g‘indagi davlat boshqaruv idoralarining samarali hamkorligi ish bermoqda. Shu asosda jamiyatimizning ijtimoiy manzarasi butunlay o‘zgarmoqda, samarali boshqaruvning natijadorligi oshmoqda, eng muhimi, odamlarning hayotga, mehnatga, o‘zining taqdiri va ertangi kunga ishonchi ortmoqda.
Men bunday o‘zgarishlarni jamiyat taraqqiyotining eng asosiy sifat ko‘rsatkichlari, deb hisoblayman.
Albatta, ijtimoiy himoya tizimidagi ayrim kamchilik va nuqsonlar saqlanib qolmoqda. Biz ularni bosqichma-bosqich bartaraf etamiz, ushbu tizimni takomillashtirib, yaxshi natija beradigan, jamiyatdagi barcha sog‘lom kuchlarni shu maqsad atrofida birlashtiradigan darajaga yetkazamiz.
Muhtoj fuqarolarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri, aniq maqsad bilan moddiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirishda asosiy e’tibor aholining kam ta’minlangan qatlamlariga dotatsiya berish emas, balki ularga daromad topish uchun zarur sharoit va imkoniyatlar tug‘dirishga qaratilmoqda.
Ikkinchi ustuvor vazifa: iqtisodiy taraqqiyot sohasida o‘sish nuqtalarini aniqlash va ularga alohida ahamiyat qaratish, shu tariqa Yangi O‘zbekiston iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshirish muhim rol o‘ynaydi.

Bizni eng qiynaydigan masalalardan biri – sog‘liqni saqlash sohasidagi korrupsiya holatlaridir. O‘tgan yilning o‘zida tizimda 30 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ni talon-toroj qilish holatlari aniqlandi va aybdorlar qonuniy jazoga tortildi. Shuning uchun bu sohada ta’sirchan nazorat tizimini o‘rnatishga, avvalo, jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga jiddiy ahamiyat berilmoqda.

Aholining tibbiy madaniyatini oshirish, odamlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi tamoyillarini keng targ‘ib etish nafaqat tibbiyot sohasi, balki butun jamiyatimiz oldidagi dolzarb vazifadir. Har bir inson o‘z sog‘ligi haqida avvalo o‘zi o‘ylashi, g‘amxo‘rlik qilishi kerak. Ayniqsa, koronavirus pandemiyasi butun yer yuzida, jumladan, yurtimizda ham davom etayotgan hozirgi paytda buning ahamiyati beqiyosdir.

Shu bois beparvolikka, loqaydlikka berilishga aslo haqqimiz yo‘q. Koronavirus hali ham yonimizda, biz bilan birga yashamoqda. Shuning uchun mamlakatimizda tegishli tibbiyot markazlari, dori-darmon va himoya vositalarining yetarli zaxirasi shakllantirildi. Hududlarda 60 ta kislorod stansiyasini ishga tushirib, reanimatsiya va intensiv davolash bo‘limlarini kislorod bilan uzluksiz ta’minlash bo‘yicha ishlar jadal olib borilmoqda. Yurtimizda vaksina ishlab chiqarish bo‘yicha amaliy ishlar boshlandi.
Respublikamizda shu yil 1-apreldan boshlab aholini koronavirusga qarshi emlash jarayonlari uzluksiz davom etmoqda.
Fursatdan foydalanib, xalqimizni o‘z sog‘lig‘iga mas’uliyat bilan qarab, bu xavfli kasallikka qarshi emlash tadbirlarida faol ishtirok etishga yana bir bor chaqiraman.
Oltinchi ustuvor vazifa: biz yangi sharoitda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni kuchaytirishga intilmoqdamiz. Bunday yondashuv – bugungi va kelgusi rivojlanishimiz uchun mustahkam poydevordir.

Shu ma’noda, Yangi O‘zbekistonni barpo etish – yaqin va olis tariximiz, betakror va noyob madaniy boyliklarimizni yanada chuqur o‘rganib, ularga tayanib, mustaqil milliy taraqqiyot yo‘limizni yangi bosqichda davom ettirish demakdir.
Keyingi yillarda madaniy-gumanitar yo‘nalishda – madaniyat, kino, raqs va tasviriy san’at sohalarini, adabiyot va kitobxonlikni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirayotgan ishlarimiz xalqimizga yaxshi ma’lum, albatta. Xususan, xalqaro maqom anjumani, baxshichilik va milliy hunarmandchilik festivallarini tashkil etganimiz va yuksak saviyada o‘tkazganimiz Yangi O‘zbekistonni dunyoga keng targ‘ib etishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
Milliy tariximizni xolis va haqqoniy tadqiq etish uchun bugungi kunda O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi, Fanlar akademiyasi qoshida

O‘zbekistonning yangi tarixi markazi, “O‘zbekiston tarixi” telekanali faoliyat ko‘rsatmoqda.
Islom dini rivoji yo‘lida beqiyos xizmat qilgan buyuk muhaddis bobolarimizning diniy va ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish va targ‘ib etish maqsadida Samarqandda – Imom Buxoriy, Surxondaryoda – Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, shuningdek, Toshkentda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ish olib bormoqda.

Toshkent shahrida barpo etilayotgan O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi xalqimizning boy diniy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish va dunyoga targ‘ib etish, yosh avlodimizni milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda beqiyos o‘rin tutadigan ilm-ma’rifat markaziga aylanadi.
Biz hozirgi murakkab va shiddatli zamonda ma’naviy-ma’rifiy ishlarning o‘rni va ta’siri tobora ortib borayotganini hisobga olib, bu sohadagi faoliyatimizni yanada kuchaytirishga alohida ahamiyat bermoqdamiz. “Ma’naviyat va ijodni qo‘llab-quvvatlash maqsadli jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risida” hamda “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” shu yil mart oyida qabul qilingan Prezident qarorlari ayni shu sohadagi vazifalarni samarali hal etishga qaratilgandir.

Afsuski, ba’zi yetakchi va mutasaddilar manmanlikka berilib, havolanib, oyog‘i yerdan uzilganini bilmay qoladi. Bu – ular uchun haqiqiy fojia. Albatta, bunday rahbarlarga bizning safimizda o‘rin bo‘lishi mumkin emas. Bu nafaqat Prezidentning, ayni paytda xalqimizning, hayotning talabidir.
Savol. Siz davlat rahbari uchun xalq bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotda bo‘lish o‘ta muhim ahamiyatga ega ekanini doimo ta’kidlab kelasiz. Lekin hayotda barcha masalalar bo‘yicha xalq bilan gaplashish, uning fikrini olish imkoni bormi? Siz ana shunday “bo‘shliq”ni to‘ldirishga qanday erishasiz?

Javob. Men Prezident sifatida ish boshlagan birinchi kunlardanoq o‘z komandamni haqiqiy holatga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan balandparvoz gaplar va “chiroyli” raqamlarni yoqtirmasligimni aytib, qattiq ogohlantirganman.

Qanchalik achchiq va noqulay bo‘lmasin, men faqat to‘g‘ri va haqqoniy ma’lumotni bilishni istayman. Bu men uchun to‘g‘ri qarorlar qabul qilishga yordam beradi.
Albatta, bu talabni hamma ham tushunib yetgani yo‘q, haliyam eskicha usulda ma’lumot berishga urinishlar bo‘lib turadi. Lekin men bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qilaman. Ana shu haqiqatni tushunmaganlarning ko‘pchiligi bilan xayrlashdik va bu masalada talab doimo qattiq bo‘ladi.
Xalqimiz, Vatanimiz manfaatlari, jamiyatimizning kelajagi, farzandlarimizning baxtini ta’minlashga qaratilgan bugungi islohot jarayonlarining o‘zi shuni talab etmoqda. Bu borada boshqacha yo‘l tutishga haqqimiz yo‘q.

Yana bir bor aytaman, rahbar va mutasaddi shaxslar o‘rtasida kimki ana shu o‘tkir talabni tushunmasa, qanchalik og‘ir bo‘lmasin, ular bilan xayrlashamiz.
Mening mamlakatimiz bo‘ylab amalga oshiradigan har bir tashrifimdan asosiy maqsad – xalq qanday yashayotgani, nima bilan nafas olayotganini bilishdan iborat. Bu – o‘ta muhim masala. Shuning uchun ko‘p hollarda safar davomida yo‘nalishni to‘satdan o‘zgartirishimga to‘g‘ri keladi. Bunday kutilmagan, hech qanday protokolda qayd etilmagan “marshrut”lar joylardagi rahbarlarni bo‘shashmasdan, doimo ishchan holatda turishga o‘rgatadi, deb o‘ylayman.
Afsuski, necha bor aytishim, ogohlantirishimga qaramasdan, joylarda faqat mening tashrifim oldidan ko‘cha va maydonlarni tozalash, bir kechada binolar oldida “maysazor” va “gulzor”lar paydo qilish, umuman, haqiqiy holatni bo‘yab ko‘rsatishdek xo‘jako‘rsin ishlar davom etmoqda. Ko‘zbo‘yamachilik, odamlarni qiynash, soxta va balandparvoz gaplarga o‘chlik yillar davomida ba’zi rahbarlarning qon-qoniga shu qadar singib ketgan ekanki, ulardan qutulish qiyin bo‘lyapti. Lekin qanday bo‘lmasin, bu kabi illatlarga butunlay chek qo‘yishimiz kerak. Chunki bunday holatlar rostgo‘y, soxta gap va ishni umuman qabul qilmaydigan xalqimizning asl tabiatiga mutlaqo yotdir.
Mahalliy hokimiyat idoralarining ishi Prezident kelib ketishi bilan tugamasdan, aksincha, tashrifdan keyin yangitdan boshlanishi, hatto oldingidan ham ko‘payishi lozim. Shundagina ishimizda sur’at va sifat bo‘ladi, natija uchun ishlashga o‘rganamiz. Ilgari hokimlar tashrifdan tashrifgacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida bamaylixotir, ta’bir joiz bo‘lsa, yallo qilib yurardi, endi esa ular o‘z oldiga aniq maqsad va vazifa qo‘yib, xalq bilan maslahat asosida astoydil ishlamoqda. Chunki ular biladi: Prezident kelgusi safar albatta har bir masala bo‘yicha aniq natijani so‘raydi.

Biz o‘z oldimizga qo‘ygan ezgu maqsad – xalqimizni rozi qilish yo‘lidagi ulkan vazifalar, islohotlarimiz, qolaversa, bugungi hayotning o‘zi zamonaviy uy-joylar qurish sur’ati va sifatini yanada oshirishni talab etmoqda.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, biz ilgari uy-joy qurilishiga zamon talablaridan kelib chiqib, bunday keng yondashmaganmiz va hozirgidek keng ko‘lamdagi qurilish ishlarini amalga oshirmaganmiz.
Biz bu yo‘lda dastlabki qadamlarni qo‘yib, katta tajriba orttirmoqdamiz. Barcha hududlarimizda aholi uchun qulay va shinam, barcha zamonaviy sharoitlarga ega bo‘lgan uy-joylar barpo etilmoqda. Ipoteka bozori rivojlanmoqda. Hayotimizga “arzon uy-joylar”, “aqlli uy”, “aqlli shahar”, “raqamli xizmatlar” degan yangi tushuncha va ko‘nikmalar kirib kelmoqda.

Kelgusida uy-joy fondini shunday darajaga olib chiqishimiz kerakki, aholining barcha qatlamlari uy-joy sotib olish va bu borada tanlash imkoniga ega bo‘lishi lozim.
Albatta, bu borada turli muammolar ham mavjud va biz ularni joylardagi mahalliy boshqaruv organlari bilan birgalikda hal etyapmiz.
Misol uchun, ko‘pqavatli uylar oralig‘idagi bo‘sh joylarda qurilishlar qilish, moratoriy e’lon qilinganiga qaramasdan, daraxtlarni kesish, yashil hududlarni kamaytirish holatlari ko‘pchilikni ranjitmoqda. Ba’zi rahbarlarning beparvoligi yoki manfaatparastligi tufayli turarjoy mavzelarida odamlar sayr qiladigan, sport bilan shug‘ullanadigan, farzandlari bilan birga toza havoda dam oladigan ochiq joyning o‘zi qolmayapti.

Albatta, biz bunday holatlarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rmasdan turolmaymiz. Shuning uchun ham Toshkentda va boshqa yirik shaharlarda yangi qurilishlarni shahar tashqarisidagi hududlarda amalga oshirish choralari belgilanmoqda. Turarjoy mavzelari ichida kommunal infratuzilmalar – gaz, elektr energiyasi, ichimlik suvi va kanalizasiya tarmoqlarini modernizatsiya qilmasdan, yangi binolar qurish amaliyotiga barham berildi.
Savol. Mamlakatimizda yoshlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning ta’lim olishi, mehnat qilishi, bilim va qobiliyatini ro‘yobga chiqarishi uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda. Yurtimizda 2021-yilning “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”, deb e’lon qilingani buning yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi. Yangi O‘zbekistonni bunyod etish jarayonida yoshlarning o‘rni va asosiy vazifalari nimalardan iborat, deb bilasiz?

Javob. Yoshlar – xalqimizning asosiy tayanchi va suyanchi. Keng ko‘lamli islohotlarimizni samarali amalga oshirishda ular hal qiluvchi kuch bo‘lib maydonga chiqmoqda. Aynan zamonaviy bilim olgan, ilg‘or kasb-hunarlarni, innovatsion texnologiyalarni, xorijiy tillarni puxta egallagan o‘g‘il-qizlarimiz mamlakatimizni yanada taraqqiy ettirishda yetakchi o‘rin tutadi.

Ma’lumki, yoshlar yangicha fikrlashga, yangi-yangi g‘oyalarni dadil o‘rtaga tashlab, ularni amalga oshirishga, muammolarni ijodiy va nostandart yondashuvlar asosida hal etishga moyil bo‘ladi. Shuning uchun hozirgi kunda yosh avlod vakillarining bilim olishi, ilm-fan, innovatsiyalar, adabiyot, san’at va sport sohasidagi iste’dod va salohiyatini yuzaga chiqarishi, ularning jamiyatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok etishi uchun barcha sharoitlarni yaratishga ustuvor ahamiyat bermoqdamiz.
Imom Buxoriy bobomiz to‘plagan muborak hadislardan birida: “Yoshlikda o‘rganilgan ilm toshga o‘yilgan naqsh kabidir”, deb aytiladi.

Buyuk allomalarimiz ana shunday hikmatlarga amal qilib, ilm-fan sohasida buyuk kashfiyotlarni amalga oshirganlari va umumbashariy tafakkur rivojiga beqiyos hissa qo‘shganlari tarixdan yaxshi ma’lum.

Ana shunday qutlug‘ an’analarni davom ettirib, yurtimizda yangi Xorazmiylar, Farg‘oniylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Mirzo Ulug‘beklar, Navoiylarni tarbiyalab yetkazish – nafaqat vazifamiz, balki tarix va kelajak oldidagi muqaddas burchimizdir.
Savol. Mamlakatimizda keyingi yillarda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash borasida erishilayotgan yutuqlar haqida so‘z borganda, xotin-qizlarning o‘qishi, bilim olishi, mehnat qilishi, ularning sog‘ligini saqlash, iste’dod va qobiliyatini ro‘yobga chiqarish, onalik va bolalikni himoya qilish, gender tenglik bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar birinchi navbatda tilga olinmoqda. Buning sababi nimada?

Javob. Buning sababi oddiy, albatta. Chunki dunyodagi har qanday xalq, davlat va jamiyatning taraqqiyot va madaniyat darajasi avvalo ularning xotin-qizlarga bo‘lgan munosabati bilan belgilanadi.

Ayol bor ekan, oila degan muqaddas qo‘rg‘on, farzand degan bebaho ne’mat bor. Ayollarimiz baxtli bo‘lsa, albatta, oilamiz, jamiyatimiz ham baxtli bo‘ladi.
Xotin-qizlar barcha soha va tarmoqlarda erkaklar bilan teng huquqqa ega bo‘lib, yuksak hurmat-ehtiromda yashagan mamlakatda albatta tinchlik va hamjihatlik, o‘sish va yuksalish bo‘ladi.

Shuning uchun ham biz uchun buyuk Ona timsoli bo‘lgan ayol zotini xalqimiz azal-azaldan ulug‘lab, e’zozlaydi.
Odamzotga asrlar davomida mehr tuyg‘usini singdirib, uni go‘zallik, vafo va sadoqat, vatanparvarlik ruhida tarbiyalab kelayotgan aziz va mukarram zot ham onalarimizdir.
Bu hayotda nimaga, qanday yutuq va natijalarga erishgan bo‘lsak, ularning barchasi munis va mehribon onalarimiz tufaylidir. Shuning uchun biz xotin-qizlarimiz oldida doimo qarzdorlik hissi bilan yashaymiz. Ularga har qancha mehr va e’tibor ko‘rsatsak, arziydi.

Yurtimiz aholisining qariyb yarmini tashkil etadigan muhtarama onalar, opa-singillarimizning qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash, xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirish borasida davlat siyosatini olib borishda biz aynan ana shunday qadriyatlarga tayanamiz.
Keyingi yillarda bu muhim masalaning amaliy ijrosiga qaratilgan 24 ta hujjat, jumladan, 2 ta qonun, Prezidentning 6 ta farmon va qarori, Vazirlar Mahkamasining 16 ta qarori qabul qilingani opa-singillarimizga bo‘lgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik ifodasidir.

Hurmatli ayollarimiz hayotimizning barcha soha va tarmoqlarida faol ishtirok etib, Yangi O‘zbekistonni barpo etishga beqiyos hissa qo‘shmoqdalar. Ularning orasida deputat va senatorlar, vazir va hokimlar, akademiklar, professorlar, O‘zbekiston Qahramonlari, Xalq o‘qituvchilari, Xalq shoirlari, Xalq artistlari borligini barchamiz yaxshi bilamiz.
Bugungi kunda mamlakatimizda Gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha komissiya, Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi, Respublika Xotin-qizlar jamoatchilik kengashi kabi tuzilmalar opa-singillarimizning manfaatlarini himoya qilishda muhim rol o‘ynamoqda.

Mamlakatimizda xotin-qizlarni ish o‘rinlari, uy-joy bilan ta’minlash, ularga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash masalalariga alohida e’tibor berilmoqda. Bu borada ayollarni kasb-hunarlarga qayta o‘qitish markazlari joriy etilgani, arzon uy-joylar dasturi amalga oshirilayotgani muhim ahamiyatga egadir. Har yili og‘ir turmush sharoitida yashayotgan ayollarning uy-joy bo‘yicha boshlang‘ich badallari davlat byudjeti hisobidan to‘lab berilmoqda.
Jamiyat hayotida faol ishtirok etayotgan, turli sohalarda ibratli natijalarga erishayotgan, sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalashga munosib hissa qo‘shayotgan opa-singillarimiz 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar bayrami, Mustaqillik kuni, turli kasb bayramlari munosabati bilan davlatimizning yuksak mukofotlari, shuningdek, “Moʻtabar ayol” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanmoqda.

Zulfiya nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlangan qizlarning soni 367 nafarga yetgani ham ana shunday ishlarimiz qatoriga kiradi.
Suhbatimiz boshida aytilganidek, “Ayollar daftari” tizimi asosida xotin-qizlar o‘rtasida kambag‘allik va ishsizlikni tugatish bo‘yicha izchil ish olib borilmoqda.
Savol. Yurtimizda xonadonlarimizning fayzu farishtasi bo‘lgan keksa avlod vakillari, muhtaram faxriylarimizga alohida mehr va g‘amxo‘rlik ko‘rsatib kelinmoqda. Bu boradagi amaliy ishlarning kelgusi rivoji haqida ham fikringizni bilmoqchi edik.

Javob. Men har doim bugungi tinch-osoyishta, erkin va farovon hayotimiz haqida o‘ylaganimda, bunday yorug‘ kunlarga yetib kelishda qancha-qancha avlod vakillari, ota-bobolarimiz tinimsiz mehnat qilganlari, o‘z boshiga tushgan barcha sinov va mashaqqatlarni sabr-matonat bilan yengib o‘tganlarini chuqur minnatdorlik bilan eslayman. Ular o‘zlari qiynalib bo‘lsa ham bizni shunday tinch va dorilomon kunlarga yetkazganlari – bu hech narsa bilan o‘lchab, baholab bo‘lmaydigan ulkan jasorat, fidoyilik va qahramonlikdir.

Shuning uchun bunday mard va olijanob ajdodlarimizdan o‘tganlarining xotirasini ulug‘lab, hamisha chuqur hurmat-ehtirom bilan yod etish, bugun oramizda yashab kelayotgan muhtaram nuroniylarimizni har tomonlama ardoqlash – muqaddas burchimizdir.
Eng muhimi, bunday savobli ishlarimiz yoshlarimiz uchun ham tarbiya va ibrat maktabiga aylanadi.

Albatta, siz, jurnalistlarga yaxshi ma’lum – yurtimizda keksa avlod vakillarini qo‘llab-quvvatlash, ularning mazmunli umr kechirishi uchun zarur sharoitlarni yaratish borasida katta ishlar qilinmoqda. Xususan, pensiya va nafaqalarni rasmiylashtirish, ularni o‘z vaqtida to‘lash, turli ijtimoiy xizmatlardan foydalanish bilan bog‘liq qiyinchilik va muammolar bartaraf etildi. Jamiyatimiz hayotida faol ishtirok etib kelayotgan otaxon va onaxonlarimiz “Nuroniy” jamg‘armasi tomonidan moddiy va ma’naviy rag‘batlantirilmoqda.

Keksa avlod vakillarining salomatligini asrash, ularga respublikamizdagi turli sanatoriya va dam olish uylariga imtiyozli yo‘llanmalar berish, bayram kunlarida ularni alohida qutlab-tabriklash, doimiy izzat-hurmat ko‘rsatish ezgu an’anaga aylanib bormoqda.
Takror aytaman, o‘z vaqtida bor kuch-g‘ayrati, bilim va salohiyatini Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi uchun bag‘ishlagan bunday tabarruk insonlar oldida biz bir umr qarzdormiz. Muhtaram nuroniylarimizning hayotini yanada fayzli qilish, ular o‘zlarining boy tajribasi, foydali maslahatlari bilan ijtimoiy hayotimizda, ayniqsa, Yangi O‘zbekiston yoshlarini tarbiyalashda yanada faol ishtirok etishlari uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratamiz.

Bu masalalarga alohida urg‘u berib gapirayotganim, albatta, bejiz emas. Biz Yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayonida xalqimizni rozi qilishni o‘z oldimizga ulug‘ maqsad qilib qo‘ygan ekanmiz, buni jamiyatimizning har bir a’zosi o‘z hayotida sezishi, his etishi biz uchun g‘oyat muhimdir.
Hozirgi kunda mamlakatimizning barcha hududlarida uch avlod vakillari o‘rtasida samimiy uchrashuvlar o‘tkazilayotgani, ularda muhtaram nuroniylarimiz ham faol ishtirok etib, o‘zlarining mehnat va hayot tajribasi, bugungi tinch va yorug‘ kunlarning qadr-qimmati va ahamiyati haqida bildirayotgan fikrlari yoshlarimiz uchun chinakam tarbiya maktabi bo‘lib xizmat qilmoqda.

Savol. Eng ulug‘ va eng aziz ayyom – Mustaqillik bayramimiz arafasida gazetamiz sahifalarida turli kasb egalari bo‘lgan yurtdoshlarimizning ezgu tilaklari berib borilmoqda. Siz Vatanimiz mustaqillikka erishgan birinchi kunlardan boshlab mamlakatimizda yangi davlat va jamiyat qurish jarayonlarida faol ishtirok etib kelgan atoqli rahbar, bugungi kunda esa Yangi O‘zbekistonni barpo etish konsepsiyasining tashabbuskori va uni amalga oshirish yo‘lidan butun xalqimizni dadil oldinga boshlab borayotgan milliy yetakchi, Prezident sifatida ushbu bayram munosabati bilan xalqimizga qanday tilaklar bildirgan bo‘lardingiz?

Javob. Albatta, mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan biz barcha soha va tarmoqlar bo‘yicha taraqqiyotimiz yakunlarini chuqur sarhisob qilib, kelgusi rejalarimizni yanada aniq belgilab olamiz. Ayniqsa, yurtimizdagi har bir insonning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ta’minlash, xalqimizning yanada erkin va farovon yashashiga erishish biz uchun bundan buyon ham bosh maqsad bo‘lib qoladi.

Men uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sifatidagi faoliyatimning ma’no-mazmunini tashkil etadigan eng ulug‘ maqsad –xalqimizning tinch va osoyishta, erkin va farovon hayot haqidagi orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarish yo‘lida sidqidildan fidokorona xizmat qilishdan iboratdir.
Barchamizga rizq-nasiba bergan, oq yuvib, oq tarab voyaga yetkazgan el-yurtimiz oldida biz hamisha qarzdormiz. Aziz va ardoqli xalqimizning roziligiga erishish – biz uchun eng buyuk saodatdir. Chunki xalq bizdan rozi bo‘lsa, Yaratgan ham rozi bo‘ladi.
Necha-necha ajdodlarimiz orzu-niyat qilib o‘tgan mana shunday buyuk ishlarni amalga oshirish bugun bizga nasib etgan ekan, bu o‘zligini anglagan har bir vatandoshimiz uchun chinakam baxt va sharaf emasmi?

Ishonchim komil, biz jonajon Vatanimizga bo‘lgan cheksiz mehrimiz va sadoqatimizni muqaddas bayroq qilib, bor bilim va tajribamiz, aql-zakovatimizni ishga solib, yagona xalq, yagona millat bo‘lib, ko‘zlagan ezgu maqsadlarimizga, albatta, yetamiz.

Yangi O‘zbekiston jahon maydonida kuchli salohiyat, munosib obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan, har tomonlama obod va farovon  mamlakatga aylanadi.
Men bunga nafaqat ishonaman, balki shu yo‘lda bor bilim va tajribamni, kuch-g‘ayratimni safarbar etishga hamisha tayyorman. Barcha yurtdoshlarimizni ana shunday ulug‘ safda – Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari qatorida bo‘lishga da’vat etaman.

Bugungi imkoniyatdan foydalanib, ko‘pmillatli xalqimizni yaqinlashib kelayotgan Mustaqillik bayrami bilan chin qalbimdan tabriklayman. Har bir xonadon, har bir vatandoshimizga tinchlik-xotirjamlik, fayz-u baraka, baxt-u saodat doimo yor bo‘lishini tilayman.


Bu ham qiziq

Jizzaxda bozor yaqinidagi choyxona yonib ketdi

Jizzaxda bozor yaqinidagi choyxona yonib ketdi

Jizzax viloyati, Jizzax shahar, “Xalqabod” MFYda joylashgan bozor yaqinidagi choyxonada yong‘in sodir bo‘lganligi to‘g‘risid…
14:23 / 17.05.2025
Tramp 1 mln nafar g‘azolikni Liviyaga ko‘chirish niyatida

Tramp 1 mln nafar g‘azolikni Liviyaga ko‘chirish niyatida

AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati G‘azo sektoridan 1 million falastinlikni Liviyaga ko‘chirish rejasini ishlab chiqmo…
13:53 / 17.05.2025
Navoiyda zavod ishchilari 2 mlrd so‘mlik oltinni “uxlatmoqchi” bo‘lishdi

Navoiyda zavod ishchilari 2 mlrd so‘mlik oltinni “uxlatmoqchi” bo‘lishdi

Davlat xavfsizlik xizmatining Navoiy viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan ichki ishlar organlari bilan hamkorli…
10:18 / 17.05.2025
Endi yo‘llarni ta’mirlash kechqurun amalga oshiriladi

Endi yo‘llarni ta’mirlash kechqurun amalga oshiriladi

O‘zbekistonda 1-iyundan boshlab soat 07:00 dan 21:00 gacha shahar ko‘chalarida yo‘llarni ta’mirlash va yo‘l belgilarini qo‘l…
20:08 / 16.05.2025
Bog‘cha tarbiyachilarining malakasi, mahorati va psixologik tayyorgarligini oshirish uchun kasbiy sertifikatlash tizimi joriy etiladi

Bog‘cha tarbiyachilarining malakasi, mahorati va psixologik tayyorgarligini oshirish uchun kasbiy sertifikatlash tizimi joriy etiladi

Davlat va xususiy bog‘cha tarbiyachilarining malakasi, mahorati va psixologik tayyorgarligini oshirish uchun kasbiy sertifik…
20:42 / 15.05.2025
YANGI QONUN LOYIHASI: noto‘g‘ri ma’lumotlar tarqalishining oldini olish qanday amalga oshiriladi?

YANGI QONUN LOYIHASI: noto‘g‘ri ma’lumotlar tarqalishining oldini olish qanday amalga oshiriladi?

Odamlarning kundalik hayotiga dezinformatsiya, feyk, troll va bot kabi tushunchalar chuqur kirib borar ekan, davlatlarning x…
11:03 / 16.05.2025
O‘zbekistonda ayrim yo‘l belgilar o‘rnatilishi qayta ko‘rib chiqiladi

O‘zbekistonda ayrim yo‘l belgilar o‘rnatilishi qayta ko‘rib chiqiladi

O‘zbekistonda “To‘xtash taqiqlangan” va “To‘xtab turish taqiqlangan” yo‘l belgilarining maqsadga muvofiq o‘rnatilganligi nuq…
20:04 / 16.05.2025
Ertaga may oyidagi eng yuqori harorat kuzatilishi mumkin

Ertaga may oyidagi eng yuqori harorat kuzatilishi mumkin

Ertaga poytaxtda so‘nggi 170-yillikdagi may oyida hech qachon kuzatilmagan eng yuqori harorat rekordi yangilanishi mumkin.
22:40 / 15.05.2025
O‘zbekistonlik bokschilar umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egallashdi

O‘zbekistonlik bokschilar umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egallashdi

Ikkinchi o‘rin 5 ta oltin, 3 ta kumush, 10 ta bronza bilan mezbonlarga nasib etdi. Italiya 3 ta oltin, 3 ta kumush va 1 ta b…
20:18 / 17.05.2025
Toshkentda metan “zapravka” 1,4 mlrd so‘mlik elektrdan noqonuniy foydalangani aniqlandi

Toshkentda metan “zapravka” 1,4 mlrd so‘mlik elektrdan noqonuniy foydalangani aniqlandi

Toshkent viloyatining Zangiota tumanida 1,4 mlrd so‘mlik elektrdan noqonuniy foydalangan metan zapravka aniqlandi. Bu haqda …
09:32 / 17.05.2025

O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!

O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!