Mulla Muhammad Ibrohimbek Chaqaboy toʻqsabo oʻgʻli (1889, Dushanba atrofidagi Koʻktosh qishlogʻi - 1932.31.8, Toshkent) - Shoʻro hukumatiga qarshi kurash harakati rahbarlaridan biri. Ibrohimbek (Ibrohimbek qo‘rboshi, Ibrohimbek laqay) mahalliy madrasada saboq olgan. 1919-yilda Hisor begi huzurida qilgan xizmatlari evaziga qorovulbegi, keyinchalik Buxoro amiri tomonidan devonbegi, toʻpchiboshi va lashkarboshi lavozimlariga koʻtarilgan. Sobiq amir Olimxon 1921-yilning boshlarida Ibrohimbekni butun qoʻshinlariga qoʻmondon qilib tayinlagan. Buxoro qoʻrboshilarining qurultoyi (1921.17.09)da Ibrohimbekka "Islom lashkarboshisi" degan unvon berilgan.
Harbiy harakatlari
Dala qoʻmondoni Ibrohimbek Sovet tarixshunosligiga 1920-yillarda Shoʻro hukumatiga qarshi kurashgan "bosmachilar"ning eng taniqli rahbari sifatida kirgan. Uzoq yillar mobaynida u Sovet kinosining eng yovuz obrazi va Sovet adabiyotining eng salbiy qahramoni boʻlib qoldi. Birovlar uchun u murosasiz dushman, boshqa birovlar uchun esa istilochilarga qarshi kurashchi namunasi edi. U qisqa muddat ichida 10 ming nafardan ortiq askar toʻplab, Koʻlob, Baljuvon, Qorategin, Darvoz, Hisor viloyatlarini qizil qoʻshindan tozalagan. 1922-yili Dushanbe shahrini bosqinchilardan ozod etishda qatnashgan. 1923-yilning bahorida Ibrohimbek qoʻl ostida faqat Sharqiy Buxoroda 47 ta qoʻrboshi dastalari harakat qilar, askarlarining soni Hisorning oʻzida 20 ming kishi edi. 1923-yilning yozida u Hisor vodiysi va Panj daryosi atrofida qator muvaffaqiyatli harbiy harakatlarni oʻtkazdi. 1925-yil yanvar oyida Ibrohimbek Surxon vohasida, Sherobod-Boysun atroflarida shoʻro qoʻshinlariga qarshi muvaffaqiyatli kurash olib borgan.
Amir Sayid Olimxon Ibrohimbek haqida
Oʻrta Osiyo respublikalari tuzilgach, u Tojikiston va Oʻzbekistonning asosan, togʻli viloyatlarida kurashni davom ettirgan. 1926-yil 21-iyunda keskin janglardan soʻng Afgʻoniston hududiga oʻtib ketgan. Ibrohimbek 1926-1929-yillarda Kobul yaqinidagi Qalʼai Fotuda - sobiq amir Sayid Olimxonning qarorgohida yashagan.
Buxoro amirligining soʻnggi amiri Siyyid Amir Olimxon oʻzining “Buxoro xalqining hasrati tarixi” asarida Ibrohim qoʻrboshi haqida, “Ibrohimbek boʻlsa oʻsha tavsif qilingan yetti yil davomida bolsheviklarga qarshi musulmon xalqi va bu bandayi ojizni deb urush qildi, jang asnosida qahramonliklar koʻrsatib, uning yakunlaridan hamisha meni xabardor etib turdi”, - degan iliq fikrlarni bildiradi. 1928-1929- yillarda Ibrohimbek boshchiligidagi muhojirlar Afgʻonistondagi siyosiy kurashga, harbiy mojarolarga qatnashishga majbur boʻlishgan. 1928-yilning oxirlarida qo‘rboshi Kobuldan Shimoliy Afgʻonistonga kelib, oʻz mavqeini mustahkamladi.
Sharqiy Buxoroda "bosmachilik"ning eng koʻzga koʻringan follaridan biri Ibrohimbek boʻldi. Shuningdek, hududlarda Madaminbek, Junaidxon kabi mustamlakachi hukumatga qarshi kurash olib borgan qo‘mondonlar yetishib chiqqandi. Baʼzan "bosmachilar" otryadlari Rossiya podshosiga boʻysungan Oq podsho tsrsfdorlsri bilan ittifoqda ham urushga kirganlar. Ularga Turkiya, Eron, Afgʻoniston va Xitoy yordam berib turganligi hamda harbiy tayyorgarliklarda Oq gvardiya atamani Dutov, Turkiya ofitserlari va Britaniya harbiy zobitlari koʻmaklashgani aytiladi.
Dastlabki mag‘lubiyat
1929-yil 15-aprel – 31-mayda sovet qoʻshinlari Afgʻonistonga bostirib kirdi. Sovet qoʻshinlari 19-aprel Mozori Sharifni, 22-aprelda Toshqoʻrgʻon shaharlarini bosib olishdi.
1930-yil 24-25-mayda qoʻrboshilar qurultoyi chaqirilib, boʻlgʻusi jang harakatlari va chegaraning turli nuqtalaridan Tojikiston SSR hududiga oʻtish masalalari kelishib olindi. Ibrohim qo‘rboshi mustamlakachilarga qarshi yalpi hujum muddati qilib 3-iyul kunini belgiladi. Biroq josuslar orqali bu rejadan voqif boʻlgan sovet rejimi rahbarlari zudlik bilan qarshi zarba uyushtirdilar. 1930-yil 20-iyunda ikkinchi marta Afgʻonistonga bostirib kirishdi. Bir hafta davom etgan janglarda Ibrohimbekning 839 jangchi-si, shuningdek, koʻplab tinch aholi vakillari oʻldirildi. Kuchlar teng boʻlmagan jangda Ibrohimbek qo‘rboshi magʻlubiyatga uchrab, oʻzining yaqin safdoshi Oʻtanbek qoʻrboshi va qolgan-qutgan harbiy kuchlari bilan Qora Botir togʻlariga chekindi.
So‘nggi jang
1931-yilning boshlariga kelib, Ibrohimbek oʻz harakatini faollashtirib, muhojirlarning tarqoq kuchlarini yana birlashtirdi. Qo‘rboshi 1500 kishilik saralangan qoʻshini va 8 ta qoʻrboshisi bilan 1931-yil 30-martda Tojikiston Respublikasi hududiga kirgan. Uning qoʻshini bilan shoʻro askarlari oʻrtasida aprel-iyun oylarida shiddatli janglar boʻlgan. 12-iyunda Oqbosh togʻidagi soʻnggi jangda Ibrohim qo‘rboshi yaralanib, magʻlubiyatga uchragan. 1931-yil 23-iyunda chekistlar tomonidan qoʻlga olinib, Toshkentga olib kelingan.
1932-yil mart oyida Ibrohimbek qo‘rboshi sud qilinib, 31-avgustda qatl qilingan. Stalin bu gʻalabani isyonchilar ustidan erishilgan muhim gʻalaba deb hisoblagan. Chunki buni Stalin bolsheviklarga qarshi bosh koʻtargan Oʻrta Osiyo xalqlarini dastaklayotgan bir necha davlatlarga munosib javob deb bilgan.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!