Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi talabalar uchun ikkita grant dasturini e'lon qildi. Bu haqda UzA xabar bermoqda.
Jamg‘arma tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida tashkil etilgan matbuot anjumanida bu haqda batafsil ma'lumot berildi.
Grant dasturlarining biri oliy o‘quv yurtlarida o‘qish uchun mo‘ljallangan. Ushbu dastur ikki yildan buyon amalga oshirib kelinmoqda. O‘tgan yili 9 nafar talaba g‘olib bo‘lgan. Bu yildan dasturga ba'zi o‘zgarishlar kiritildi. Endilikda dasturda Madaniyat vazirligiga qarashli ta'lim muassasalaridan boshqa oliy o‘quv yurtlari talabalari ham ishtirok eta oladi. Lekin bakalavriat bosqichining birinchi kurs talabalari hamda boshqa grant dasturlari g‘oliblari tanlovda qatnasha olmaydi. Grant g‘oliblari bakalavr yoki magistr darajasini egallagandan so‘ng bir yil davomida madaniyat va san'at muassasalarida faoliyat yuritadi.
Xorijiy oliy o‘quv yurtlarida o‘qishga yo‘naltirilgan navbatdagi grant dasturi 2019-2020 o‘quv yili uchun mo‘ljallangan. Ushbu dastur orqali talabalar chet el oliy o‘quv yurtlarida magistrlik bosqichida o‘qish imkoniyatini qo‘lga kiritadi. Qaysi davlat oliy ta'lim muassasasini tanlash g‘olibning ixtiyorida. Tanlovda 30 yoshdan oshmagan nomzodlar qatnasha oladi. G‘oliblarning chet elda ta'lim olish, borish-kelish, turar joy va sug‘urta xarajatlari jamg‘arma tomonidan qoplanadi.
Har ikki dastur madaniyat va san'at sohasida menejment, qayta tiklash va saqlash, arxitektura, madaniy sayyohlik, grafik dizayni, tasviriy san'at, muzeyshunoslik ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha nomzodlarni saralaydi.
– Mazkur dasturlar mamlakatimiz madaniy muhitining rivojlanishi haqida chin ma'noda qayg‘uradigan, yangi g‘oya va tashabbuslarga boy yigit-qizlarni aniqlab beradi, – deydi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasining ta'limni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Madina Badalova. – Ekspertlar kengashi nomzodlarni tanlashda ularning o‘z bilim va ko‘nikmalarini yurtimiz madaniy muassasalarida qo‘llashga qay darajada tayyor ekanligiga alohida e'tibor qaratadi.
Grant dasturlarida ishtirok etish istagidagi talabalar joriy yil 15 sentyabrgacha ariza topshirish kerak. Buni jamg‘arma sayti orqali onlayn tarzda amalga oshirish imkoni mavjud.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!