Bugun, 24-fevral kuni Iqtisodiyot va sanoat vazirligida bozor mexanizmlari asosida ipoteka kreditlarini takomillashtirishning yangi mexanizmlarini joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda Iqtisodiyot va sanoat vaziri Botir Xodjayev, Moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Timur Ishmetov, shuningdek, vazirlik va idoralarning boshqa mutasaddilari ishtirok etishdi.
O‘zbekiston Prezidentining 2019-yil 28 -noyabrdagi PF-5886-son “Ipoteka krediti mexanizmlarini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlashning yangi tartibi joriy etiladi.
Unga muvofiq:
– uy-joyning maydoni va narxiga cheklov o‘rnatilmaydi;
– aholi birlamchi bozorda (yangi qurilgan) uy-joyni mustaqil tanlaydi;
– tadbirkorlik subyektlari uy-joylar loyihasini buyurtmachi aralashuvisiz tayyorlaydi;
– uy-joylar qurilishini o‘z mablag‘i va bozor tamoyillariga asoslangan bank krediti hisobidan amalga oshiradi;
– ajratiladigan ipoteka kreditining eng ko‘p miqdorini aniqlash maqsadida Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Qurilish vazirligi har yili kvartira bir kvadrat metrining tegishli hududdagi o‘rtacha bozor qiymati hamda ikki va uch xonali kvartiralar maydonining eng kam me’yorlarini inobatga olgan holda uy-joylarning hisoblangan qiymatini belgilaydi;
– kvartira qiymatining uy-joy hisoblangan qiymatidan oshgan va kredit bilan qoplanmagan qismi qarzdorning o‘z mablag‘lari hisobidan to‘lanadi;
– ipoteka kreditlari bozor stavkasi bo‘yicha taqdim etiladi;
– ipoteka bozorini uzoq muddatli resurslar bilan ta’minlash maqsadida Moliya vazirligi pul mablag‘larini tijorat banklariga 15 yil muddatga bozor shartlari asosida joylashtiradi (resurlar miqdoriga cheklovlar qo‘yilmagan);
– Markaziy bankning asosiy stavkasi pasaygan taqdirda ipoteka kreditlari va Moliya vazirligi resurslari foiz stavkalari ham pasayadi, ko‘tarilganda esa o‘zgarishsiz qoladi.
Shuningdek, tadbirkorlik subyektlariga o‘z mablag‘lari hamda bank kreditlari hisobidan qurilgan birlamchi bozordagi kvartiralarini aholiga ipoteka kreditlari orqali sotish imkoniyati beriladi va buning uchun banklarga uzoq muddatli kredit resurslari ajratiladi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!