O‘zbekistonda elektromobillarni quyosh energiyasi yordamida yuqori tezlikda zaryadlovchi qurilma yaratildi. Bu haqida Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, vazirlik tomonidan elektromobillarni zaryadlovchi maxsus qurilma loyihasi moliyalashtirilgan bo‘lib, ushbu loyiha asosida O‘zbekiston iqlimiy sharoitini hisobga olgan holda energiya saqlash tizimiga ega bo‘lgan quyosh fotoelektrik tizimlari orqali mahalliy elektr tarmog‘i bilan parallel holda ishlaydigan elektromobillarni tez zaryadlash qurilmasi yaratilgan.
Xususan, ushbu qurilma Energetika vazirligi huzuridagi Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot institutining yetakchi olimi, texnika fanlari doktori Nuraddin Matchanov boshchiligidagi bir guruh olimlar tomonidan ishlab chiqilgan.
Qurilma elektromobillarni tez, shuningdek, xavfsiz zaryadlash uchun mo‘ljallangan. O‘rta quvvatli va taqsimlangan generasiya ob’yektlarini o‘rnatish bilan shug‘ullanadigan xususiy tadbirkorlar elektr avtomobillarini zaryadlash xizmatini ko‘rsatish shoxobchalarini tashkil etishda qo‘llashi mumkin.
Loyihani bajarish jarayonida quyosh fotoelektr stansiyalarini o‘rnatish hamda markaziy elektr tarmoqlariga xavfsiz ulash uchun har bir stansiyaning quvvati va har bir hudud uchun texnik talablar ishlab chiqiladi.
Bundan tashqari, quyosh fotoelektrik stansiyasini markaziy elektr tarmog‘iga ulash uchun texnik shartlar bajarilgandan keyin ishonchli ishlash mezonlari yaratiladi. Ushbu ishlar to‘liqligicha amalga oshirilganidan so‘ng, sohada respublikada malakali, yetuk mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, qurilmaning AC kirish kuchlanishi: 380v ± 15 foiz, tarmoq chastotasi: 50 Gs ± 5 foiz, chiqish kuchlanishi esa: DC 200 ~ 1000V, chiqish toki: 0 ~ 250A.
Zaryadlash tizimi o‘rnatilgan tartibda sertifikatlash uchun ma’lum bir vaqt talab etiladi. So‘ngra uni seriyali ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish – zavod tashkil qilish uchun mablag‘ talab etiladi. Kelajakda mazkur loyihaga investorlarni jalb qilib, ishlab chiqarishni tashkil etish va respublika bo‘ylab o‘rnatishni boshlash rejalashtirilmoqda.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!