O‘zbekiston qonunchiligida 2025-yil 1-sentyabrdan bir qator o‘zgarish va yangiliklar kuchga kirdi.
Maktab va bog‘cha direktorlarining maoshi oshadi
Prezidentning “Maktabgacha va maktab ta’limi sohasida boshqaruv tizimi samaradorligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra,
– umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari direktori lavozimining bazaviy tarif stavkasi 20 foizga;
– umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari direktori o‘rinbosari lavozimining bazaviy tarif stavkasi 15 foizga;
– I va II guruhga kiruvchi maktabgacha ta’lim tashkiloti direktorlari lavozimlarining bazaviy tarif stavkalari tegishlicha III va IV guruhdagi umumiy o‘rta ta’lim tashkiloti direktori o‘rinbosari lavozimining bazaviy tarif stavkalariga tenglashtirish orqali oshiriladi.
PPX yuridik shaxslarga pulli asosda xizmat ko‘rsatadi
Yuridik shaxslar savdo markazlari, to‘yxonalar va boshqa yirik joylar xavfsizlik uchun patrul-post xizmati xodimlarini shartnoma asosida jalb qilishi mumkin bo‘ladi. Murojaatlar YIDXP yoki Davlat xizmatlari markazlari orqali qabul qilinadi, arizalar 10 ish kunida ko‘rib chiqiladi. Narxlar Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadi.
Radarlar joylashgan hududda tegishli belgi o‘rnatilishi majburiy bo‘ladi
“Transport vositalaridan foydalanishda aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hukumat qaroriga ko‘ra, harakat tezligini nazorat qilishga mo‘ljallangan har qanday turdagi statsionar va mobil radarlar joylashgan hududda va ungacha kamida 250 metrdan kam hamda 500 metrdan ko‘p bo‘lmagan hududda “Radar” yo‘l belgisining o‘rnatilishi majburiy hisoblanadi.
Har bir qurilayotgan obyektning QR-kodli pasporti joriy etiladi
“Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida davlat nazoratini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmonida belgilanishicha, bu orqali shaharsozlik subyektlari, qurilish muddatlari, shaharsozlik hujjatlari va tasdiqlangan ekspertiza xulosalari haqidagi ma’lumotlarni olish imkoniyati yaratiladi.
Qimmatbaho toshlarga oid huquqbuzarlik haqida xabar berganlar rag‘batlantiriladi
Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar to‘g‘risidagi qonunchilikka oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida ”Soliq” mobil ilovasi orqali xabar bergan shaxslarga undirilgan jarima miqdorining 50 foizi miqdorida mukofot to‘lanadi.
YATTlarga zargarlik buyumlarini sotish faoliyati bilan shug‘ullanishga ruxsat etiladi
Davlat asillik darajasi nazorati inspeksiyasi tomonidan Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida zargarlik buyumlarining asillik darajasini tekshirish va ularni tamg‘alash bo‘yicha sayyor xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.
Ayrim tadbirkorlar ixtiyoriy tugatilayotganda soliq tekshiruvi o‘tkazilmaydi
“Kichik va o‘rta biznesning iqtisodiyotdagi o‘rnini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmoniga ko‘ra, quyidagi mezonlarga bir vaqtning o‘zida javob beruvchi kichik va o‘rta biznes subyektlari faoliyatini ixtiyoriy ravishda tugatishda soliq tekshiruvi o‘tkazilmaydi:
– oxirgi 3 yilda tovarlarni xizmatlarni realizatsiya qilishdan olingan jami daromadi 10 mlrd so‘mdan oshmagan;
– byudjet va kreditorlar oldida qarzdorligi mavjud bo‘lmagan hamda muntazam soliq hisobotlarini taqdim etayotgan;
– “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimida huquqbuzarlik sodir etish xavfi past darajada tasniflangan.
Maktablarning uzaytirilgan kun guruhlariga qatnaydigan ayrim bolalar to‘lovdan ozod qilinadi
“Kambag‘al oilalarni davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi prezident farmoniga ko‘ra, umumiy o‘rta ta’lim muassasasining uzaytirilgan kun guruhlariga qatnaydigan bolalar umumiy sonining 15 foizi miqdorida kambag‘al oilalar farzandlari uchun alohida kvota ajratiladi va ular ota-onalar to‘lovidan ozod etiladi.
Ayrim korxonalarda Face-ID orqali mehnat shartnomalarini tuzish va bekor qilish mumkin bo‘ladi
“Mehnat munosabatlari va kasbga tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda ish beruvchilarni rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident farmoniga ko‘ra, xodimlari 50 nafargacha bo‘lgan xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi va qurilish sohasidagi xo‘jalik yurituvchi subyektlarga YAMMTda biometrik identifikatsiya qilish Face-ID orqali elektron mehnat shartnomalarini tuzish va bekor qilishni rasmiylashtirishga ruxsat beriladi.
Farmatsevtika faoliyati uchun litsenziya berishda qo‘shimcha shartlar joriy etiladi
“Majburiy raqamli markirovkalash tizimi samaradorligini oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarori bilan farmatsevtika faoliyati hamda dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish faoliyati bo‘yicha yangidan tashkil etilgan subyektlarga litsenziya berishda quyidagi qo‘shimcha shartlar kiritiladi:
– faoliyatini amalga oshirish uchun ko‘chmas mulk bo‘yicha ijara yoki tekin foydalanish shartnomasi soliq organlarida hisobga qo‘yilgani;
– dori vositalarini realizatsiya qilishda xaridorlardan to‘lovlarni qabul qilish bo‘yicha elektron to‘lov vositalaridan foydalanish imkoniyati yaratilgani.
Soddalashtirilgan tartibda ish yuritishda da’vo bahosi oshiriladi
“Qarzdorlik hisobiga banklar balansiga olingan mol-mulklar realizatsiyasini jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qaroriga ko‘ra, da’vo arizasi bo‘yicha ishni soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko‘rib chiqish uchun da’voning maksimal bahosi quyidagi miqdorlarda oshiriladi:
– yuridik shaxslar uchun BHMning 150 baravarigacha;
– YATTlar uchun BHMning 100 baravarigacha,
– jismoniy shaxslar uchun BHMning 50 baravarigacha.
“Davlat xizmatchisi” mobil ilovasi ishga tushiriladi
Davlat xizmatchilarining o‘z ko‘nikmalarini doimiy rivojlantirib borishi hamda ular o‘rtasida o‘zaro muloqotni kuchaytirish bo‘yicha “Davlat xizmatchisi” mobil ilovasi ishga tushiriladi. Ilova orqali davlat xizmatchilari tomonidan davlat organi ish faoliyatini takomillashtirish yuzasidan tashabbuslar berilishi hamda rahbar tomonidan ularga munosabat bildirilishi yo‘lga qo‘yiladi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!