XX asrning 30–40 – yillarida Sovet hukumati tomonidan Markaziy Osiyo respublikalari (Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmaniston)dagi aql egalariga nisbatan qatagʻonlik siyosatini olib borildi. 1937-yil 30-iyuldan boshlab, 1938-yil noyabriga qadar davom etgan qizil terror mobaynida jami 1,5 million kishi qamoqqa olindi, shundan 700 mingi otib tashlandi.
Qatagʻonning qonli sirtmogʻi jamiyat aʼzolarining barcha vakillarini oʻz domiga tortdi. Oʻzbekistonda 1937-yil 10-avgustidan 1938-yil 1-yanvar kunigacha 10700 nafar inson hibsga olindi. Bulardan 3613 nafari oʻsha yilning oʻzida jismonan yoʻq qilindi. Qolganlar esa uzoq muddatga sovuq oʻlkalarga surgun qilindi.
Mana shunday ayanchli qismat egalaridan biri oʻzbek jamoat arbobi, jadidchilik harakatining birinchi yirik namoyondasi, Turkiston Muxtoriyatining hukumat vaziri boʻlib faoliyat koʻrsatgan Ubaydulla Xoʻjayev hisoblanadi.
Bugungi maqolamizda birinchi oʻzbek advokati Ubaydulla Xoʻjayevning ayanchli qismati haqida soʻz yuritamiz.
Bolalik
Ubaydulla Xoʻjayev 1878-yil 12-dekabr kuni Toshkent shahri Shayxontohur dahasi Mergancha mahallasida tugʻilgan.Uning otasi Asadullaxoʻja Abdurahmonxoʻja bogʻbonchilik va kichik do‘kon ortidan oila tebratgan.
Zamonning zaylini koʻrgan Asadullaxoʻja bogʻbon milliy maktabda uchala oʻgʻlining xat-savodini chiqargach, ularni rus-tuzem maktabiga topshirdi. Asadullaxoʻjaning uchala oʻgʻli rus-tuzem maktabini aʼlo bahoga tamomlab, yetuk tarjimon boʻlib yetishdi. Uning oʻrtancha va kenja oʻgʻli hukumat idoralarida tarjimonlik qildi. Ubaydulla Xoʻjayev 1904-yilda rus-tuzem maktabini bitirgach, Toshkent shahar 1-uchastkasining Mirovoy sudyasi Oranskiy qoʻl ostida ishladi.
Ubaydulla Xoʻjayev Toshkent okrug sudida ishlab, koʻp tanish orttirdi. Maʼlumotlarga koʻra, unga mahalliy advokat eʼtibor berib, Rossiyaga ish yurituvchi sifatida olib ketgan. Boshqa maʼlumotlarga qaraganda, Ubaydulla Xoʻjayev Mirovoy sudya Oranskiy yordamida tajriba orttiradi va oʻsha sudya bilan Saratovga ketadi.
Xoʻjayev 1908–1912 – yillarda Rossiyaning Saratov shahridagi yuridik institutida tahsil oldi. Ubaydulla Xoʻjayev talabalik yillaridayoq oʻsha davr muammolari haqida oʻylay boshladi. U rus yozuvchisi Lev Tolstoy bilan yozishmalar olib borgan. Saratov shahrida oʻqigan kezlari Tolstoy ijodi bilan chuqurroq tanishdi. Asadullaxoʻjaev 1909-yilda Tolstoyning “yovuzlikka yovuzlik bilan javob bermaslik” haqidagi aqidasiga muxolif oʻlaroq rus adibiga oʻz fikr-mulohazalarini yozib yuboradi.
“Qadrli Lev Nikolayevich!
Men sira ham Sizning aziyat chekishingizni istmas edim, harholda, men mazkur maktubim bilan o‘zim uchun shubhali bo‘lgan bir masala – “yovuzlikka qarshilik ko‘rsatmaslik” sababini tushuntirib berishingizni so‘rashga jur’at etdim.
“Yovuzlikka yovuzlik bilan qarshilik ko‘rsatma” degan aqidaning shubhasiz to‘g‘riligiga qo‘shilgan holda komil ishonch bilan men quyida keltirayotgan hodisada nima qilish kerakligini bilmayman. “Yovuzlikka qarshilik ko‘rsatmaslik” aqidasining haqqoniyligiga shu bois ishonamanki, u faqatgina “Injil” orqali olgan diniy istaklarimga emas, balki mening haqiqiy zakovatimga javob beradi. Zero, men Muhammad alayhissalomning diniga e’tiqod qilaman.
Mening tushunishimcha, “yovuzlikka qarshilik ko‘rsatmaslik” aqidasi negizida quyidagi haqiqat yotibdi: agar birov qandaydir yovuzlik qilgan bo‘lsa, u yana bir yovuzlikni amalga oshirdi, bordi-yu, men qarshilik ko‘rsata boshlasam yoki amalga oshirilgan yovuzlik uchun qasos olsam, u holda avvalgi bir yovuzlik ustiga ikki yovuzlik bo‘ladi, binobarin, mening qarshilik ko‘rsatishim oqibatida bir yovuzlik ikki barobar ko‘payadi va hokazo. Agar men qarshilik ko‘rsatmaganimda, bir yovuzlik bittaligacha qolar edi, ikkita bo‘lmas edi, ya’ni yovuzlik kamayar edi. Shunday qilib, barchasi qaysi usul bilan bo‘lmasin – yovuzlikka qarshilik ko‘rsatmaslik yoki qandaydir boshqa bir yo‘l bilan yovuzlikni kamaytirishga qaratilgan. Agar shunday bo‘lsa, unda quyidagi hodisada nima qilmoq kerak edi?
Tasavvur etaylik, menga ma’lumki, bir shaxs qandaydir ulkan yovuzlik qilmoqchi, masalan, go‘yo butun bir uy yoki shaharga o‘t qo‘ymoqchi, yoxud poyezd, paraxod falokatini uyushtirmoqchi va hokazo. Shubhasiz, bularning oqibatida o‘nlarcha, yuzlarcha, minglarcha kishilar halok bo‘lishi mumkin. Men, albatta, tayyorlanayotgan ulkan yovuzlikning oldini olish uchun chora ko‘rishga axloqan majburman. Biroq buning uchun menda yovuz shaxs o‘z niyatini amalga oshirishdan ilgari uning o‘zini yo‘qotishdan boshqa chora bo‘lmasligi mumkin.
Men yovuzni yo‘q qilib, o‘nlarcha, yuzlarcha, minglarcha va hokazo kishilarni saqlab qolishim uchun bir odamni o‘ldirdim deb o‘z harakatimni oqlar edim. To‘g‘rirog‘i, men qilgan ish, albatta, yovuzlik, ammo u men yovuzni o‘ldirib to‘xtatgan, ya’ni amalga oshirilajak ulkan yovuzlikka nisbatan arzimasdir. Men o‘z harakatimni yovuzlik deb emas, balki naqadar katta yovuzlikning oldini olishning yagona chorasi deb atar edim, chunki u yovuzlikni kamaytirishga yordam beradi.
Mening mulohazam ana shunday, biroq, u, to‘g‘rimi, bilmayman. Shuning uchun uzoq ikkilanishdan so‘ng tushuntirib berish uchun Sizga murojaat qildim.
Agar, meni nihoyatda qiziqtirgan masala haqidagi gumonimni tushuntirib berish sharafiga muyassar etsangiz, men Sizdan abadiy minnatdor bo‘laman.
Mening manzilim: Saratov sh. D.Yurenev rastasi, Adliya bo‘limi.
Ubaydulla Asadullayevich Xo‘jayevga. Sizga samimiy muxlis musulmon, Ub.As. Xo‘jayev.
29 may 1909 y. Saratov sh.”
Buyuk mutafakkir adib L.N.Tolstoy ushbu maktub bilan tanishib, maktub egasini uzoq muntazir qilmay javob yozadi.
“Yasnaya Polyana, 1909 yil, 5 iyun.
Ubaydulla Asadullovich,
Siz, mendan so‘rabsizki, bir kimsaning ko‘p odamlarga yovuzlik qilish niyati ma’lum bo‘lsa, u taqdirda qarshilik ko‘rsatmaslik haqidagi ta’limotni tan olgan kishi nima qilishi kerak? Ko‘pchilik halokatining oldini olish uchun, o‘sha bir kishiga nisbatan zo‘rlik qo‘llash ma’qul emasmi?
Afv etasiz, bu savolingiz, ko‘plarning shu xildagi savollari singari, haqiqatni bilish istagidan emas, aksincha, haqiqat deb hisoblangan narsani ado etmaslikni oqlash istagidan kelib chiqqan. Insonga mehr-muhabbat haqidagi ta’limot qarshilik ko‘rsatmaslik tushunchasini ham o‘z ichiga olib, u inson intiladigan idealni bildiradi. Idealni taomilning oddiy qoidasi deb bilish esa katta xato yoki o‘z-o‘zini aldashdir. Bu hayotda hech qachon to‘la erishib bo‘lmaydigan yetuk kamolotni talab etuvchi idealgina ideal bo‘la oladi. Lekin u hayotga rahnamo sifatida zarurdir, hayotda erishib bo‘lmaydigan ana shu kamolotdan dalolat bergandagina zarurdir. Mehr-muhabbat ideali haqida ham shuni aytish mumkin. Qarshilik ko‘rsatmaslik tushunchasini ham o‘z ichiga oladigan mehr-muhabbatni talab etish – hech vaqt to‘la ado etib bo‘lmaydigan narsadir, shuning uchun uni ado etishga intilish ham kerak emas, degan mulohaza menga kompas tutgan shunday bir odamni eslatadi: yo‘lda manzilingga tikka bor, deb uning qo‘liga kompas tutqazganlar, u bo‘lsa, kompas ko‘rsatgan to‘g‘ri yo‘lda o‘tib bo‘lmaydigan to‘siqlar – tog‘lar, daryolar va hokazolar bor, shu sababdan ham men mumkin qadar mutlaqo to‘g‘ri yo‘nalishga tushib olish uchun kompasga rioya qilib o‘tirmay, boshim oqqancha chetga qarab ketaverishim mumkin, deb turib oladi. Qarshilik ko‘rsatmaslikni ham o‘z ichiga oladigan mehr — muhabbat masalasida esa kompas doimo odamga nima qilish kerakligini (sayyohga yo‘nalishni) ko‘rsatadigan axloqiy-diniy tuyg‘udir; odamning xatti-harakatidan kelib chiqadigan oqibatlar esa hech qachon uning o‘ziga ayon bo‘lmaydi. Shunga ko‘ra, sayyoh uchun kompas ko‘rsatgan mutlaq to‘g‘ri yo‘nalishga mumkin qadar yaqin bo‘lishga intilish – inson uchun birdan-bir rahnamo bo‘lishi kerak…
Savolingizga bergan bu javobim Sizni qanoatlantira olsa nihoyatda xursand bo‘lur edim.
Lev Tolstoy”
Jadidchilik faoliyati
Ubaydulla Xoʻjayev Saratovda yashagan vaqtida Yekaterina Pavlovna Serdabova bilan turmush quradi. U 1913-yilda Toshkentga qaytib kelgach, Romanov koʻchasi 16-uyda yashaydi va Toshkent okrug sudida huquqshunos Ivan Charkovskiy bilan birga ish olib bordi. Ubaydulla sud tizimidagi korrupsionerlarni fosh qilib, ayrim korrupsionerlarni ishdan boʻshatdi. U baʼzi rus amaldorlarining xalqqa nisbatan zolimligini isbotladi.
Ubaydulla Xoʻjayev Toshkentga qaytib kelgach, hamshahar doʻstlari uyushtiradigan mashvaratlarda ishtirok etadi va oʻz xalqining taraqqiyotiga, mazlumlikdan qutulishiga chora axtarib harakat qilayotgan mujohid vatandoshlari safiga qoʻshiladi. Mashvaratlardan birida gazeta va jamiyat tashkil etish masalasi koʻtariladi. U “Turon” jamiyatini — qonuniy ishlaydigan jamiyat sifatida shakllanishida huquqshunoslik nuqtai nazaridan amaliy ish olib boradi.
Rossiya imperiyasi mahalliy aholi manfaati uchun ochiq ishlovchi birorta siyosiy partiyaga ruxsat bermasligiga koʻzi yetgan U. Xoʻjayev, T. Norboʻtabekov, Munavvar qori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy va boshqalar bilan birgalikda “Turon” musulmon drama sanʼati havaskorlari ittifoqi nizomini tuzadi. 73 moddadan iborat bu nizom drama sanʼati toʻgʻrisidagi talablardan tashqari aholiga madaniy-maʼnaviy xizmat koʻrsatish, xalqning ijtimoiy-siyosiy ongini oshirish masalalarini ham oʻz ichiga qamrab olgan edi. Ubaydulla Xoʻjayev truppaning ishida qizgʻin ishtirok etadi, hatto ayrim spektakllarni namoyish etish masalasida kecha tashkilotchisi va maʼmuri sifatida qatnashdi. “Туркестанские ведемости” gazetasining bergan xabarga qaraganda, 1914-yil 27-fevral kuni Kolizey binosida namoyish etilgan Mahmudxoʻja Behbudiyning “Padarkush” dramasini sahnalashtirish va ommaga koʻrsatish tashkilotchisi Ubaydulla Xoʻjayev boʻlgan.
Oxrankaning 1914-yil 8-dekabr maʼlumotiga qaraganda, Ubaydulla Xoʻjayev “Umid” birodarligi oʻrnida tashkil qilingan, bay asosida ishlovchi “Nashriyot” kitob savdosi uyushmasiga aʼzo boʻladi. Biroq Xoʻjayevning gazetani nashr etish masalasidagi urinishi mustamlaka maʼmuriyati va muhofaza tashkilotiga tinchlik bermaydi. Ubaydulla Xoʻjayev gazetada dolzarb maqolalar bilan chiqib, chorizmning mustamlakachilik siyosatini fosh qildi.
Atoqli huquqshunos doimo xalqning dardi bilan yashadi. Shu bois 1916-yilning iyun oyidagi roʻy bergan voqealarda, yaʼni mardikorlikka olish toʻgʻrisidagi farmonga Turkistonning xalqparvar, ongli huquqshunosi sifatida qarshi chiqdi. 1916-yilda “Turkiston mardikorlikka olish qoʻmitasi”ning raisi lavozimida ishladi. Qoʻmita chor amaldorlarining oʻzboshimchaliklarini fosh qildi. 1916-yil 25-iyun kuni qabul qilingan “Mardikorlikka joʻnatish haqidagi” oq podsho farmonini bekor qildirish uchun Ubaydulla Xoʻjayev mahalliy millatparvar Mirkomil Mirmoʻminboyev bilan birga Peterburgga boradi. U Rossiya imperiyasi davlat dumasining 1916-yilning dekabr oyidagi majlisida, imperator farmoni Rossiya imperiyasining qonunchiligida koʻrsatilgan hollarga zid ravishda qabul qilingani isbotlab berdi.
Ubaydulla Xoʻjayev Turkiston xalqining oʻz haq-huquqini tanishi uchun tinmay ishladi. Ayrim mahalliy boylar uni qoʻllab-quvvatlamagan boʻlsada, ziyolilarning yordamida Xoʻjayev turli tadbirlarni amalga oshirdi. Ubaydulla Xoʻjayev va safdoshlarining asl niyati mahalliy xalqni arzon ishchi kuchi sifatida emas, balki ellik yildan ortiq vaqt mobaynida qoʻliga qurol ushlamay, amaliy va nazariy jihatdan harb ilmidan chetlashtirilgan xalqni harbiy tizimga qaytarish edi.
1917-yilda Turkistonda roʻy bergan siyosiy jarayonlarda Ubaydulla Xoʻjayev faol qatnashdi. U Shoʻroi Islomiya jamiyatining raisi boʻldi. Xoʻjayev 1917-yilning avgust oyida boʻlib oʻtgan “Butun Rossiya musulmonlari ikkinchi syezdi”da ishtirok etadi. U syezdda soʻz olib shunday deydi:
“Muhtaram janoblar! Turkistonda hanuz eski hukumat zamonidagi kabi tazyiq hukm surmoqda. Soldat va ishchi deputatlar Turkiston xalqlarini xohlaganlaricha qisadilar. Masalan, paxtaning pudi 10 soʻm taksa ila olinadir. Holbuki hozirda eng arzon deganda paxtaning pudi 20 soʻm turadir. Turkistonda har yil 10-12 million pud chamasinda paxta chiqodur va oning arzon olinmogʻi ila har yili yuz million soʻm oqcha rus jahongirlari va Rusiya sarvatdorlari foydasiga ketib turodir. Ishchi va soʻldat shoʻrolari ideya jihatindan juda yaxshi muassasalar boʻlsa ham ularning Turkistondagilarini bilib boʻlmaydir. Ular oʻz oralarigʻa musulmonlarni kiritmaydilar, kiritsalar ham 1-2 dan ortiq oʻrin bermaydirlar va oʻzlari Turkistonning siyosiy va madaniy manfaatlari uchun saʼy qilmaydilar. Hatto muvaqqat hukumat tarafidan yuborilgʻan koʻmissarlargʻa ham erk bermaydilar. Misol, Petrograddagʻi milliy shoʻroning koʻrsatuvi ila muvaqqat hukumat tarafidan tayin qilingʻon koʻmissar Toshkent ishchi va soldatlar shoʻrosi ila birga ishlay olmadi. Va shul sababli isteʼfo qilmoqgʻa majbur boʻldi. Ishchi va soldatlar shoʻrosining namoyandalari “Milliy shoʻroning Turkistonga koʻmissar koʻrsatishga nima haqqi bor? Bizlar ularning yuborgʻon komissarlarini mahbuslar vagonida yuboramiz” deb aytdilar. Ularning hozircha qoʻllarida askarlari, pulemyotlari va toʻplari bor, ammo yerli xalqlarning hech narsasi yoʻq”.
Shundan soʻng Ubaydulla Xoʻjayev Yettisuv viloyatida qozoq xalqiga nisbatan olib borilayotgan qirgʻinlar, rus muhojirlarining zoʻravonliklari, soldatlar bir yerda ikki yuz kishini, yana bir yerda qirq kishini oʻldirganlari, qozoqlar ochlikdan oʻlayotgani, Buxoroda “Yosh buxoroliklar” harakatiga toʻsqinchiliklar qilinayotgani haqida axborot beradi.
Turkiston Muxtoriyati
Ubaydulla Xoʻjayev Turkiston muxtoriyatining tashabbuskorlaridan biri edi. U 1917-yilning noyabr oyidan, 1918-yilning fevraligacha Turkiston Muxtoriyati hukumatining harbiy ishlar vaziri lavozimida ishladi. Ubaydulla Xoʻjayev 1918-yilning fevral oyida hukumat topshirigʻi bilan Kavkazga bordi va Turkistonga gʻalla keltirish masalasini hal qildi.
Iosif Stalin 1918-yil 5-yanvar kuni Qoʻqondagi Turkiston Muxtoriyatini kuch bilan tarqatib yuborish haqida buyuriq berdi. Stalinning mazkur burugʻidan 25 kun oʻtib Tobolin va F.Kolesov buyrugʻi bilan poruchik Perfilev qoʻmondonligi ostida toʻp, pulemyot kabi ogʻir qurollar bilan tish-tirnogʻigacha qurollangan jazo qoʻshini Qoʻqonga joʻnatildi.
Qoʻqonda mudhish qonxoʻrliklar sodir etilgan vaqtda Ubaydulla Xoʻjayev Samarqandda boʻlib, Muxtoriyatni saqlab qolish uchun iqtisodiy mablagʻ va askar toʻplash bilan ovora edi. Turkiston Muxtoriyatining rahbarlari qonundan tashqari deb eʼlon qilindi. Muxtor hukumatning vakili Yu.Chorishev otib tashlanadi, A. Qoʻshbegiyev esa qamoqqa olindi.
Mustafo Choʻqayning yozishicha, muxtoriyat hukumati tugatilgach, Ubaydulla Ashxobod – Samarqand yoʻlida bolsheviklar qoʻliga tushib qoladi. Biroq tez orada Orenburgga boradi va 1918-yilning noyabr oyida Boshqirdiston Muxtoriyati hukumatini tuzishda faol ishtirok etadi.
Ayblov
Ubaydulla Xoʻjayev 1926-yil 19-aprel kuni koʻrsatmasida shunday degan edi:
“Men hukumat va shoʻro aʼzoligiga saylandim, militsiya va jamoat xavfsizligini saqlashni tashkil qilish uchun hukumat tomonidan tayinlandim. Hukumat topshirigʻiga binoan 1918-yil yanvarda Samarqandga mablagʻ toʻplashga yuborildim. Muxtor respublika tarqatilib yuborilgach, Toshkentga keldim, soʻng Ashxabod, Krasnovodsk, Astraxan orqali Moskvaga bordim. Boshqirdiston shoʻro hukumatining taklifiga muvofiq Orenburgga keldim. 1919-yil ikkinchi yarmidan, 1920-yil kuzgacha Tokchuran kanton ijroiya qoʻmitasida kotib boʻlib ishladim”.
1920-yilda Xoʻjayev bosqinchi aka-uka Gibzalovlarning tuhmati bilan qamoqqa olinadi va avval Orenburg, soʻng Moskvaga joʻnatiladi. Olib borilgan soʻroq va taftishlar Ubaydulla Xoʻjayevning inqilobiy Rossiyaga jinoyat qilmaganini koʻrsatadi va 1921-yilning yanvar oyida qamoqdan ozod qilindi. Shundan soʻng Ubaydulla Xoʻjayev Buxoro Xalq respublikasiga keldi. U davlat nashriyoti boshqarmasi boʻlimida huquqshunos boʻlib ishladi.
Ubaydulla Xoʻjayev 1924-yilda Moskvadan Toshkentga butunlay qaytib keladi va Adliya komissarligi qoshidagi yuridik texnikumda dars bera boshladi. U “Himoyachilar kollegiyasi”da faoliyat olib bordi. Xoʻjayev 1926-yil 18-aprel kuni nomaʼlum sabablarga koʻra GPU (Davlat Siyosiy Boshqarmasi) tomonidan qamoqqa olindi. 22-aprel kuni Ubaydulla Xoʻjayev xotini Yekaterina orqali Stalin nomiga ariza yoʻllaydi. Shundan keyin Stalin Xoʻjayevni ozod qilishga buyuriq berdi. Biroq GPU xodimlari uni maxfiy xodim sifatida ishlashga majbur qilishdi. Chorasiz qolgan huquqshunos yolgʻondan bunga rozilik beradi. Ammo, u olti oy davomida GPUga material bermaydi. Ubaydulla Xoʻjayev qamoqdan chiqib, advokatlik faoliyatini davom ettiraverdi.
1929-yilda Ubaydulaxoʻja xizmat vazifalariga beparvolik bilan qaraganlikda ayblanib, 1 yil majburiy mehnatga hukm qilindi. 1931-yilda aksilinqilobiy faoliyatda ayblanib, u Sibirga 10 yil surgunga hukm qilindi. 1936-yil (ayrim manbalarda esa 1937-yil)ning boshida ozod etilgan. Qamoqxonadaligi-da Ubaydulla ingliz yozuvchisi J. R. Kiplingning “Maugli” asarini oʻzbek tiliga tarjima qilish bilan shugʻullandi. Ozodlikka chiqqach, u Toshkentda yashagan.
Ubaydullaxoʻja uzoq vaqt ozodlikda yashamadi. Sovet hukumati uni har vaqt taqib qildi.
1938-yilning fevral oyida Ubaydulla yana hibsga olindi. Endi unga ingliz josusi va millatchilik tashkilotiga aʼzolik ayblovlari ilib qoʻyildi.
Ubaydulla Xoʻjayev 1938-yil 17-may kungi tergovda shunday degan edi:
“Men hech qachon “Milliy ittihod” aʼzosi boʻlgan emasman, hozir aniq eslay olmayman, Munavvarqorining uyida bir yoki ikki marta boʻlganman, shundan soʻng aloqani uzib, Rossiyaga ketganman va shuning uchun yetti yil surgunda boʻlib keldim. Men “Ittihodi taraqqiy” rahbarlarining ingliz razvedkasi bilan aloqasi haqida hech narsa bilmayman Men “Ittihodi taraqqiy” rahbarlarining ingliz razvedkasi bilan aloqasi haqida hech narsa bilmayman”.
Biroq sud uni sakkiz yilga ozodlikdan mahrum etdi. Ubaydulla Xoʻjayev ogʻir qiynoqlardan soʻng 1939-yilda Kotlas shahridagi qamoqxonada vafot etdi. U oradan ellik yil oʻtgach, aniqrogʻi 1989-yil 31-iyul kuni toʻla oqlandi. Shu tariqa Ubaydullaxoʻjaning ijtimoiy-siyosiy, fuqarolik huquqlari toʻla tiklandi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!