BBCning yozishicha, bu AQSh va Rossiya prezidentlarining Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin boshlanganidan keyingi birinchi yuzma-yuz uchrashuvi bo‘ldi. Sammit Alyaskadagi Elmendorf-Richardson havo kuchlari bazasida bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar uch soatga yaqin davom etdi va “uchga uch” formatda o‘tdi. Trampga AQSh davlat kotibi Marko Rubio va maxsus vakil Stiv Vitkoff hamrohlik qildi. Putin bilan Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va tashqi siyosat bo‘yicha yordamchisi Yuriy Ushakov birga edi.
AQSh va Rossiya rahbarlari uchrashuv yakuni bo‘yicha matbuot anjumani bo‘lib o‘tgan biroq, unda Prezidentlar jurnalistlarning savollariga javob berishmagan. Ular shunchaki qisqa bayonotlar bilan cheklanishgan.
Matbuot anjumanida Putin tomonidan berilgan bayonotlar:
– Muzokaralarimiz konstruktiv va o‘zaro hurmat ruhida, juda batafsil va foydali o‘tdi;
– Rossiya-AQSh munosabatlari so‘nggi to‘rt yil ichida “Sovuq urush” davridan beri eng quyi nuqtaga tushib ketgan edi. Ertami-kechmi vaziyatni to‘g‘rilash zarur edi. Shu ma’noda, ikki davlat rahbarlarining yakkama-yakka uchrashuvi ayni muddao bo‘ldi. Men va prezident Tramp o‘rtasida juda yaxshi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatilgan;
– Ukraina atrofidagi vaziyat uchrashuvning markaziy masalalaridan biri bo‘ldi. Biz AQSh ma’muriyati va shaxsan prezident Trampning Ukraina mojarosini hal qilishga yordam berishga intilishini ko‘rmoqdamiz;
– Rossiya uchun Ukrainadagi voqealar milliy xavfsizligimizga fundamental tahdidlar bilan bog‘liq. Bundan tashqari, biz Ukraina xalqini doimo qardosh deb bilganmiz va shunday deb hisoblaymiz. Sodir bo‘layotgan barcha voqealar biz uchun fojiadir. Shuning uchun mamlakatimiz bunga chek qo‘yishidan chin dildan manfaatdor. Shu bilan birga, biz tinchlik barqaror va uzoq muddatli bo‘lishi uchun inqirozning barcha asosiy sabablari bartaraf etilishi kerakligini bilamiz;
– Men Prezident Trampning fikriga qo‘shilaman, albatta, Ukrainaning xavfsizligi ham ta’minlanishi kerak. Bu borada ishlashga tayyormiz;
– Umid qilamanki, bugungi uchrashuv maqsadimizga yaqinlashishga imkon beradi va Ukrainada tinchlikka yo‘l ochadi. Shuningdek, Kiyev va Yevropa bularning barchasini konstruktiv tarzda qabul qiladi va hech qanday to‘siq qo‘ymaydi;
Shuningdek, Tramp ham quyidagi qisqa bayonotlarni bergan:
– Juda samarali uchrashuv o‘tkazdik. Ko‘p masalalarda bir to‘xtamga keldik. Biz hali ham kelisha olmagan bir nechta muhim masalalar bor, ammo ma’lum yutuqlarga erishdik. Lekin hali kelishuvga erishilgani yo‘q;
– Men NATO bo‘yicha ittifoqchilarimizga va boshqa rasmiylarga qo‘ng‘iroq qilaman. Albatta, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyga ham qo‘ng‘iroq qilib, bu uchrashuv haqida aytib beraman;
– Bugun biz haqiqatan ham katta yutuqlarga erishdik. Men prezident Putin bilan doimo yaxshi munosabatda bo‘lganman;
– Bugun asosiy maqsadimiz, Ukrainada otashkesim bo‘yicha kelishuvga erisha olmadik, ammo bizda buning uchun hali juda yaxshi imkoniyatlar bor.
Reuters qayd etishicha, Putin “Ukrainaning sun’iy ravishda shakllantirilganini isbotlaydi” deb ta’riflagan bir qancha xaritalar va hujjatlarni Trampga topshirgan.
Nashr xabarida aynan qanday materiallar topshirgani va ularga Trampning munosabati haqida fikr bildirilmagan.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!