«O‘zgidromet» xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Toshkent shahridagi havo ifloslanishini avtomatik nazorat qiluvchi stansiyalar tomonidan uglerod oksidi (CO) miqdori JSST tomonidan belgilangan normadan 4,4 baravar ortgani qayd etilgan. Unda RM 10 mayda dispersli zarrachalarining maksimal miqdori 341 mkg/m3 ni tashkil etgan bo‘lsa, RM 2,5 miqdori esa belgilangan normadan 57 barobar ortib ketib, 311 mkg/m3 ni tashkil etgan.\
Bundan tashqari, Toshkent shahridagi atmosfera havosida kislorod ulushining ham nisbatan kamayib borayotgani aniqlanmoqda. Bu o‘z navbatida uyqusizlik, holsizlik, bosh og‘rig‘i keltirib chiqaradi va miya faoliyatiga salbiy ta’sir qiladi.
«O‘zgidromet» atmosfera ifloslanishiga respublikada iqlim o‘zgarishi natijasida yuzaga kelayotgan ob-havoning ekstremal kuchayishi, yerlarning sho‘rlanishi, kamsuvlik, qurg‘oqchilik, changli bo‘ronlar va atropogen ta’sir etayotganini ma’lum qilgan.
Quyidagilar esa Toshkent atmosfera havosining ifloslanishiga sabab bo‘lyapti:
- yashillikning yo‘qolishi— joylarda daraxt va butalarni palapartish kesish ekologik muvozanat buzilishiga sabab bo‘lmoqda. Masalan, e’lon qilingan moratoriy davrida 49 mingga yaqin, shundan 10,5 mingga yaqin qimmatbaho daraxtlar noqonuniy kesilishi tufayli tabiatga 45 milliard so‘mlik zarar yetkazilgan. Shuningdek, magistral yo‘llar va shahar hududida, turar joy massivlarida ko‘kalamzorlashtirish foizi kamligicha qolmoqda;
- qurilishdagi xaos— shaharsozlik bosh rejalari tasdiqlanmasdan qurilish ishlari jadal amalga oshirilmoqda, xususan, Toshkent shahrida davlat rahbari tomonidan bir necha marotaba qurilish ishlari amalga oshirilmasligi ma’lum qilingan bo‘lsa-da, hanuzgacha davom etmoqda. Shuningdek, shahardagi qurilishlarda SanPin rioya etilmaydi va ekologik ekspertiza o‘tkazilmaydi. Masalan, oraliq masofaga rioya qilinmasdan baland binolar qurilishi shamol aylanishini to‘sib qo‘ygan, havoga keragidan ortiq maishiy chiqindi chiqarilmoqda;
- mashinalar chiqarayotgan zaharlar— avtotransport vositalarining atmosfera havosiga chiqarayotgan ifloslantiruvchi moddalari hajmi oshib borishiga transport vositalarining ekologik darajasi, foydalanilayotgan yonilg‘i va yo‘l harakatini tashkil etish sifatiga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. 2021 yilda 3,14 mln dona avtotransport bo‘lgan bo‘lsa, 2023 yilda ularning soni 4,6 mln donani tashkil etib, 32 % ga ortgan. Toshkent shahrida bir kunda o‘rtacha 730 ming avtotransport vositasi harakatlansa, qo‘shimcha ravishda hududlardan 160 mingdan 300 minggacha avtotransport vositasi kirib kelmoqda;
- jamoat transporti rivojlanmaganiva infratuzilma yo‘qligi — shaharlarda transport va piyodalar oqimining kesishmalari soni kamaytirilmagan, magistrallardagi yuklama darajasi pasaytirilmagan, transport oqimi tarkibini, tezlik rejimini tartibga solish sikli optimallashtirilmagan, alohida velosiped yo‘lakchalari yetarli emas. Natijada mashinalardan chiqayotgan ifloslantiruvchi moddalar miqdori yanada oshib bormoqda;
- sanoatdagi maishiy chiqindilar hajmining ortishi— zavodlar, sexlar va shu kabi ishlab chiqarish korxonalarida ekologik nazorat qoniqarsiz darajada, eski va samarasiz texnologiyalardan foydalanish natijasida atmosferaga chiqarilayotgan zaharli moddalar miqdori halokatli darajaga kelib qolgan;
- ko‘mirdan foydalanish ortgani— mamlakatda uglevodorodlardan, jumladan, ko‘mirdan foydalanish hajmlarining o‘sish tendensiyasi kuzatilmoqda. Xususan, 2019 yilda 3,9 mln tonna ko‘mir yoqilg‘isidan foydalanilgan bo‘lsa, 2022 yilda 5,3 mln tonna, joriy yil yakuniga ko‘ra 6,7 mln tonnani tashkil etishi kutilmoqda. Bu esa o‘z navbatida, ko‘mir yoqilg‘isini qazib olish, tashishdan to foydalanishgacha bo‘lgan jarayonda ajralib chiquvchi ifloslantiruvchi moddalar atrof-muhit, jumladan, atmosfera havosi, tuproq va suv resurslarining ifloslanishiga olib kelmoqda. 10 tonna ko‘mir yoqilganida atmosfera havosida 220 kg qurum, 360 kg oltingugurt II oksidi, 64 kg uglerod oksidi, 16 kg azot II oksidi va 2 tonna kul chiqindisi hosil bo‘ladi;
- mazut yoqilg‘isidan foydalanish ortgani— kuz-qish mavsumida aholiga markazlashgan issiqlik yetkazib berish uchun mavjud issiqlik markazlari (TS) tomonidan qo‘shimcha yoqilg‘i sifatida mazutdan foydalanish ham atmosfera havosining keskin ifloslanishiga olib kelmoqda. Birgina Toshkent shahridagi mavjud 6 ta issiqlik markazlarining 9 ta qozonxonalarida dekabr oyining o‘zida 3 ming tonna mazut yoqilg‘isidan foydalanilgan;
- tabiatni qo‘riqlashdagi nazoratsizlik— muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda chorva mollari nazoratsiz va tizimsiz boqilishi holatlarining ortib borishi yer osti suvlaridan ilmiy asoslarsiz foydalanish ekotizimlarning buzilishiga, katta yer maydonlari degradatsiyasining ortishiga hamda ularning cho‘llanishiga olib kelmoqda, oqibatda iqlim o‘zgarishining ta’siri kuchaymoqda, insonlar hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘ilmoqda;
- meteorologik sabablar— shamol yo‘nalishi va tezligi, havo harorati, quyosh radiatsiyasi, atmosfera yog‘inlarining miqdori va davomiyligi, harorat inversiyalari (vertikal bo‘yicha aralash zarralarning tarqalib ketishiga to‘sqinlik qiluvchi iliq havo qatlami) va h.k.;
- geografik sabab — Toshkent shahri joylashuvi relefining xususiyatlari, ya’ni poytaxt tog‘lar bilan o‘ralgan va chuqurlikda joylashgan. Shu sababli shamol aylanmasligi hisobiga chang havo oqimi shaharda turib, dimlanib qoladi va tabiiy yo‘l bilan chiqib ketmaydi.
Shuningdek, xizmat atmosfera havosiga ko‘rsatilayotgan salbiy oqibatlarni kamaytirish maqsadida shahar va aholi yashash punktlarida atmosfera havosini ifloslantiruvchi asosiy omillardan biri bo‘lgan ko‘mir va mazut yoqilg‘isidan foydalanishni keskin taqiqlashni taklif qilgan.
Avtotransport vositalarining atmosfera havosiga chiqarayotgan ifloslantiruvchi moddalari hajmini kamaytirish choralari sifatida quyidagilar ko‘rsatilgan:
– 2025 yil 1 martdan boshlab “Yevro-5” standartidan past ekologik toifadagi motor yonilg‘idan foydalanishni taqiqlash;
– kunning tig‘iz vaqtlarida (ertalabki soat 07:00 dan 10:00 ga qadar va 17:00 dan 20:00 ga qadar) N2 va N3 toifali (yuk tashish uchun mo‘ljallangan, vazni 3,5 va 12 tonnadan ortiq) transport vositalarining harakatini cheklash;
– 2010 yilgacha ishlab chiqarilgan barcha toifadagi avtotransport vositalarining harakatlanishini bosqichma-bosqich taqiqlash, bunda avtotransport vositalari egalariga zamonaviy avtotransport vositalariga o‘tish uchun (elektromobil) imtiyozlar, pereferensiyalar va subsidiyalar berishni yo‘lga qo‘yish;
– foydalanish muddatini o‘tab bo‘lgan avtotransport vositalari egalari majburiyatini oshirish, shuningdek ulardan foydalanishning iqtisodiy jihatdan samarasizligini ta’minlash uchun maxsus soliq turini joriy etish;
– Toshkent, Samarqand, Buxoro kabi yirik shaharlarning diqqatga sazovor markaziy ko‘chalarida avtotransport vositalaridan xoli hududlarni tashkil etish;
– avtomobilga egalik qilishni “ortiqcha hashamat” darajasiga olib kelish, masalan, butun shahar bo‘ylab avtomobil to‘xtash joylarini pulli shaklga o‘tkazish, jarimalarni oshirish, avtomobillarning davlat raqami belgilari uchun to‘lov miqdorini qimmat qilish va h.k.;
– transport va piyodalar oqimining kesishmalari sonini kamaytirish, magistrallardagi yuklama darajasini pasaytirish, transport oqimi tarkibini, tezlik rejimini, tartibga solish siklini optimallashtirish hisobiga yo‘l harakatini to‘g‘ri tashkil etishni ta’minlash;
– jamoat transportini to‘liq elektr, gazballon yoqilg‘i va boshqa muqobil yonilg‘i turlariga o‘tkazish, shuningdek, yo‘l infratuzilmasini tashkil etish;
«O‘zgidromet» Toshkent shahrida havo sifatini yaxshilash choralarini ham sanab o‘tgan.
- 2024 yil 1 yanvardan boshlab barcha turdagi qurilish obektlarini (ijtimoiy va davlat ahamiyatiga oid obektlar bundan mustasno) qurishga moratoriy e’lon qilish;
- tajriba tariqasida Toshkent shahrida avtomobillar harakatini maqbullashtirish uchun avtomobillarni davlat raqamiga mos ravishda “toq va juft” kunlarda boshqarish qoidasinijoriy etish;
- mikroiqlim mo‘’tadilligini ta’minlash, atmosfera havosi sifatiga ijobiy ta’sir etish maqsadida sun’iy suv havzalarinibarpo etish;
- atmosfera havosining sifat ko‘rsatkichini doimiy e’lon qilib boradigantablo va monitorlar o‘rnatish;
- ilmiy va puxta ishlangan xulosalar asosida shamol tezligini pasaytirish, tuproq zarralari ko‘chishining oldini olishga qaratilgan
Toshkent shahri atrofida “yashil belbog‘”lar barpo etish.