Toshkent viloyatida umumiy quvvati 1 ming 330 megavatt bo‘lgan 25 ta gidroelektr stansiyasi mavjud. Bu respublikamizdagi jami gidroenergetika quvvatining 60 foiziga tengdir. Bugungi kunda esa qiymati 880 million dollar va quvvati 340 megavatt bo‘lgan yana 4 ta GES qurilmoqda. Shuningdek, 2028-yilgacha viloyatda umumiy quvvati qariyb 2 ming 400 megavatt bo‘lgan, 4 milliard 800 million dollarlik 23 ta loyiha amalga oshiriladi.
Hozirda quvvati 1,48 megavatt bo‘lgan ushbu “Ugam-1” kichik GES qurish orqali yiliga 11,8 million kilovatt soat ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoni yaratilgan. Zamonaviy samarador gidroagregatlar va avtomatik boshqaruv tizimi o‘rnatildi. E’tiborlisi, bunda to‘liq yurtimiz mahsulotlari ishlatilgan. Boshqacha aytganda, uni milliy brend deyish mumkin.
Loyihani amalga oshirish natijasida hududdagi Chorbog‘, Xumson va Ugam mahallalardagi 5 mingta xonadon hamda turizm va dam olish maskanlari uzluksiz elektr energiya bilan ta’minlanadi. Yiliga qariyb 4 million metr kub gaz tejaladi.
Hozircha Ugam daryosida ikkita kichik GES qurildi. Ularning har biridan yiliga ikki yuz milliard so‘m daromad olinayapti. Suv oqimidan takror-takror faydalanish orqali bunday stansiyalarni o‘ntagacha yetkazish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.
Bundan tashqari bu bilan nafaqat energetika masalasi hal bo‘ladi, balki hudud infratuzilmasi ham yaxshilanadi. Tadbirkorlik, qishloq xo‘jaligi korxonalari paydo bo‘ladi.
Davlatimiz rahbariga hududlarda rejalashtirilgan loyihalar haqida ma’lumot berildi.
Sohaga xorijiy investitsiya va xususiy sektorni jalb qilib, 2030-yilga qadar jami quvvatlarni 6 ming megavattga yetkazish belgilangan. Buning uchun huquqiy, iqtisodiy sharoitlar yaratilgan. Jumladan, mamlakatimiz bo‘yicha ikki mingtagacha mikro va kichik GESlar qurish imkoniyati bor.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!