$
12066.22 UZS
62.2
₽
149.74 UZS
0.94
€
13444.18 UZS
82.51
31° Kechasi 18°

Solixon domla ishdan bo‘shatildi

10:02 / 23.01.2022

O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda Solixon domla nomi bilan mashhur bo‘lgan Ortiqxo‘jayev Solixon Maxkamovichning internet tarmoqlaridagi keskin chiqishlari fuqarolar, ayniqsa, Xorazm viloyatida istiqomat qiluvchi aholining e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimi vakillarining Islom dini ta’limotlarini jamiyatni birlashtirish yo‘lida emas, aksincha keskinlik keltirib chiqarishga sabab bo‘ladigan shaklda bayon qilishlari, aholi orasida noxush bahs-munozaralarga sabab bo‘lishlarining oldini olish uchun o‘zini mas’ul hisoblaydi.

Qayd etish lozimki, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi masjidlarda faoliyat yuritayotgan imom-xatib va imom noiblarning odob-axloq qoidalari hamda mehnat majburiyatlarida ommaviy axborot vositalari, internet va ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlarida fuqarolar, davlat, jamoat va diniy tashkilotlarning sha’ni va qadr-qimmatiga putur yetkazuvchi axborot tarqatmaslik, salbiy mazmundagi keskin munozaralarga sabab bo‘luvchi chiqishlar qilmaslik talablari qat’iy belgilab qo‘yilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan 2021-yil 30-noyabr kuni chiqarilgan buyruqda diniy soha xodimlari tomonidan jamoat oldida, ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda muayyan shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan ma’lumot e’lon qilish O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksida belgilangan tartibda mehnat shartnomasini bekor qilishgacha bo‘lgan intizomiy chora ko‘rilishi qayd etilgan.

Taassufki, o‘tgan davr davomida Diniy idora Solixon domla Ortiqxo‘jayevning faoliyatidan kutilgan natijalarni olmadi. Domla birinchidan, aksariyat vaqtini turli hududlarda istiqomat qiluvchi muxlislari taklif etgan to‘y-marosimlarga sarflab, ikkinchi tomondan, yashash manzili uzoqda ekanini sabab qilib, biriktirilgan masjidda to‘laqonli ishlagani yo‘q.
Eng asosiysi, Solixon domla O‘zbekiston musulmonlari idorasi ichki mehnat tartibi, buyruqlari, shuningdek, imom-xatib va imom noiblarning odob-axloq qoidalari va mehnat majburiyatlarida axborot tarqatish, ma’ruza qilish masalalarida yuqorida qayd etilgan talablarga rioya eta olmadi.

O‘tgan davr ichida Solixon domla ijtimoiy tarmoqlarda diniy soha vakili maqomiga zid chiqishlari uchun bir necha bor O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati tomonidan ogohlantirilib, unga tegishli ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.
Bundan tashqari, Solixon domla 2021-yilda o‘zining chiqishlarida amaldagi qonun talablarini buzgani uchun ma’muriy javobgarlikka tortildi.

Afsuski, Solixon domlaning  so‘nggi vaqtlardagi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ma’ruzalari uning yuqorida qayd etilgan ogohlantirishlardan to‘g‘ri xulosa chiqarmaganidan dalolat bermoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi faoliyatining ilk davridan jamiyatdagi tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, millatlararo va dinlararo totuvlikni mustahkamlash, aholi orasida diniy omil asosida nizoli holatlar chiqishining oldini olish masalasini faoliyatning ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblaydi.

Shu bilan birga, diniy idora tizimi vakillari tomonidan muayyan ijtimoiy qatlamlarga mansublik yoki dinga bo‘lgan munosabatidan kelib chiqqan holda jamiyatda mojaro va beqarorlik kelib chiqishiga sabab  bo‘ladigan xatti-harakatlar sodir etilishiga mutlaqo yo‘l qo‘yilmaydi.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi joriy yilning 20-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 100-moddasi asosida Solixon domla Ortiqxo‘jayev bilan mehnat shartnomasini bekor qildi va vazifasidan ozod etdi.

Ta’kidlash joizki, ayrim shaxslarning ma’raka va marosimlarda, ijtimoiy tarmoqda shar’iy hukmlarga e’tiborsizlik ila fatvo berishlari o‘zlari va o‘zgalarni ham adashtirish hisoblanadi. Masalan, ba’zi holatlarda kuzatayotganimizdek, qanday qilib muayyan kasb egasini fosiq yoki kofirga chiqarish yoki katta bir hudud aholisiga ommatan haqoratmuz so‘zlarni aytish mumkin? Axir ma’ruza qilayotgan shaxs tadbirga mana shu kabi fitnaga sabab bo‘luvchi chiqishlar uchun taklif etilganmi?

Aksincha, voiz tinglovchilarning qadrini ko‘tarib, ularda bor yaxshi xususiyatlarni eslatib, ularning qalbini ochishi kerakku! Nasihat qiluvchi o‘z so‘zlariga maxliyo bo‘lib, o‘zini go‘yoki Alloh ato etgan yuqori va baland martabada turibman, deb o‘ylamasligi, balki tanqid qilinayotgan shaxs, ehtimol, hozir yoki kelgusida undan fazilatli va Haq taologa yaqinroq bo‘lishi mumkin ekanini esdan chiqarmasligi darkor.

Islom tarixida hech qachon fatvo berish vakolati bo‘lgan olim-ulamolar keskin, fitna va nizolarga sabab bo‘luvchi hukmlar chiqarmagan hamda bu kabi g‘oyalarni targ‘ib etgan emaslar. Zero,  Alloh taolo marhamat qiladi: “(Ey Muhammad!) Rabbingizning yo‘li (dini)ga hikmat va chiroyli nasihat bilan da’vat eting! Ular bilan eng go‘zal uslubda munozara qiling! ...” (Nahl surasi, 125-oyat). 

Shu nuqtai-nazardan, fuqarolarimizga ma’raka va marosimlarni o‘tkazishda ushbu tadbirlarning mazmuni va ruhiyatiga mos ravishda ma’ruza qilish salohiyatiga ega rasmiy imom-domlani taklif qilish uchun tuman va shahar bosh imom-xatiblari yoki hududdagi rasmiy masjid imom-xatiblaridan maslahat olishni tavsiya qilamiz.

Ayni vaqtda, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2019-yil 14-sentyabrdagi 2736-Sh/KQ-592-Sh-sonli Qo‘shma qarorida tasdiqlangan “To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish to‘g‘risidagi Nizom”ning 2-bob, 3-bandiga muvofiq, to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarda diniy mavzuda ma’ruza ko‘zda tutilgan bo‘lsa, ushbu ma’ruza diniy tashkilotning vakolatli vakili tomonidan o‘qilishini eslatib o‘tamiz.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi xalqimizni diniy sohadagi ehtiyojlarini to‘liq qondirish uchun bor sa’y-harakatlarini amalga oshirib kelayotgan tizim xodimlarini yana bir karra shar’iy hukm berish mas’uliyati, ma’ruza va amru-ma’ruf odobi, islomiy va milliy axloq talablari, shuningdek, jamiyatdagi voqelik va ehtiyoj, milliy an’ana va urf-odatlarni doimiy ravishda yodda saqlash hamda kundalik faoliyatda va chiqishlarda ularga qat’iy amal qilishga chaqiradi” – deyiladi Musulmonlar idorasi matbuot xizmati xabarida.


Bu ham qiziq

“Xorazm suv ta’minoti” yuridik inspektori 6 mln söm olayotganda uşlandi

“Xorazm suv ta’minoti” yuridik inspektori 6 mln söm olayotganda uşlandi

“Xorazm suv ta’minoti” AJ yuridik inspektori fuqaroning savdo şoxobçasini içimlik suvi tarmoğiga ulaş uçun texnik şartlarni …
14:55 / 28.10.2026
“Dok-1 Maks” işi böyiça jabrlangan oilalarga 80 milliard söm kompensatsiya tölandi

“Dok-1 Maks” işi böyiça jabrlangan oilalarga 80 milliard söm kompensatsiya tölandi

“Dok-1 Maks” va “Ambronol” dori vositalari iste’moli oqibatida jabrlangan oilalarga jami 80 milliard söm kompensatsiya tölan…
14:10 / 28.10.2026
Umraga yuboriş uçun $2100 talab qilgan 19 yoşli yigit uşlandi

Umraga yuboriş uçun $2100 talab qilgan 19 yoşli yigit uşlandi

Andijon va Farğona viloyatlarida fuqarolarni Umra ziyoratiga noqonuniy yuborişga uringan şaxslar uşlandi. Bu haqda Davlat xa…
09:18 / 30.10.2026
Ekolog olimlar havo ifloslanişining sabablari böyiça batafsil tuşuntiriş berdi

Ekolog olimlar havo ifloslanişining sabablari böyiça batafsil tuşuntiriş berdi

Sönggi kunlarda havo sifatining keskin yomonlaşuvi yana jamoatçilik e’tibori markazida bölib turibdi.
09:18 / 29.10.2026
Samarqandda öqituvçi 8-sinf öquvçisini sinfdoşlari oldida kaltaklagani aytildi

Samarqandda öqituvçi 8-sinf öquvçisini sinfdoşlari oldida kaltaklagani aytildi

Samarqand viloyati Jomboy tumanidagi 18-sonli umumta’lim maktabida öqituvçi 8-sinf öquvçi qizini sinfdoşlari oldida kaltakla…
10:58 / 30.10.2026
Toşkentda litsenziyasiz kripto-faoliyat bilan şuğullangan talaba aniqlandi

Toşkentda litsenziyasiz kripto-faoliyat bilan şuğullangan talaba aniqlandi

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari Toşkent şahar IIBB bilan hamkorlikda ötkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida litse…
11:09 / 28.10.2026
Farğona va Toşkentda noqonuniy bosmaxonalar aniqlandi

Farğona va Toşkentda noqonuniy bosmaxonalar aniqlandi

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari Farğona viloyati va Toşkent şahrida ötkazilgan tezkor tadbirlar davomida kontrafakt dini…
12:06 / 28.10.2026
Ispaniyada ikkita tezyurar poyezd töqnaşdi: kamida 10 kişi halok böldi

Ispaniyada ikkita tezyurar poyezd töqnaşdi: kamida 10 kişi halok böldi

Ispaniyada 28-oktabr kuni ikkita tezyurar poyezd töqnaşib ketdi. Hodisa oqibatida kamida 10 kişi halok bölgan, qurbonlar son…
16:37 / 28.10.2026
Özbekistonda tibbiyot tizimiga sun’iy intellekt joriy etiladi

Özbekistonda tibbiyot tizimiga sun’iy intellekt joriy etiladi

Prezident Şavkat Mirziyoyev tibbiyotni raqamlaştiriş işlari xususiy klinikalar va dorixonalarni ham qamrab olayotganini ma’l…
11:39 / 27.10.2026
Til sertifikati sabab dissertatsiya himoya qila olmagan magistrantlarga ruxsat berildi

Til sertifikati sabab dissertatsiya himoya qila olmagan magistrantlarga ruxsat berildi

Özbekistonda 2022/2023-öquv yilining qişki qabulida istisno tariqasida magistraturaga qabul qilingan, biroq xorijiy til sert…
11:13 / 28.10.2026

O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!

O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!