Ijtimoiy tarmoqlarda universitet va institut talabalari uchun yagona talaba formasi joriy etilishi mumkinligi haqida xabarlar sizdirildi. Ushbu xabarlar yuzasidan Oliy ta’lim vazirligi ma’lumot berdi.
Ma’lum qilinishicha, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ushbu xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi va noto‘g‘ri talqin etilmoqda.
Vazirlikning ta’kidlashicha, nizom loyihasida talabalar uchun yagona forma joriy etilishi yoki majburiy tartibda talab etilishiga doir hech qanday norma mavjud emas.
Aksincha, oliy ta’lim muassasalari o‘zining tarixi, vazifasi, madaniy qadriyatlari va hududiy xususiyatlaridan kelib chiqqan holda, o‘ziga xos korporativ uslub va ramzlarini ishlab chiqish huquqiga ega. Bunga ta’lim tashkilotlarining individual imijini shakllantirishga qaratilgan tashabbus sifatida qaralishi lozim. Shu bilan birga, estetik, gigiyenik yoki tashqi ko‘rinishga oid tavsiyalar faqat ixtiyoriy xarakterga ega bo‘lib, ularni joriy etish yoki qo‘llashning amaliy jihatlari har bir ta’lim muassasasining ichki qarorlariga bog‘liq. Ya’ni, mazkur Nizom loyihasi doirasida maxsus forma joriy etish yoki uni majburiy tartibda talab qilish umuman nazarda tutilmagan.
Shu bilan birga, korporativ uslub va brend elementlari (logotip, rang sxemasi va h.lar) shakllantirish tashabbusi universitetlarni nafaqat mahalliy, balki xalqaro maydonda ham samarali targ‘ib etish, ularning raqobatbardoshligini oshirish hamda nufuzini mustahkamlashga xizmat qiladi. Bunday yondashuv dunyo tajribasida ham ta’lim muassasalarining marketing strategiyasining muhim qismi sifatida qaraladi.
Oliy ta’lim tashkilotlarida har bir talabaning shaxs sifatidagi erkinligi va huquqlari Konstitutsiya va amaldagi qonunchilikka muvofiq himoya qilinadi, — deyiladi xabarda.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!