Netiket (inglizcha net va etiket so‘zlari uyg‘unligi) – internet tarmog‘idagi xulq-atvor va aloqa qoidalari hisoblanadi. Bu tushuncha XX asrning 80-yillari o‘rtalarida paydo bo‘lgan. Quyida ushbu qoidalardan bir qanchasini keltirib o‘tamiz.
1. Internetda ham suhbatdoshingiz bilan odamga muomala qilgan kabi munosabatda bo‘ling. Unutmang, siz bilan robot yoki kompyuter emas, haqiqiy inson gaplashmoqda. Anonimlikni saqlagan holda boshqalarga qo‘pol munosabatda bo‘lishim mumkin, deb o‘ylamang.
2. Haqiqiy hayotdagi kabi xatti-harakat va standartlarga rioya qiling. Internet insonlarda sirlilik hissini uyg‘otishi mumkin. Bundan esa, odob-axloq qoidalari unchalik qat’iy emasdek tuyuladi. Ammo aslida unday emas. Aloqa etikasiga rioya qilish, shuningdek, haqiqiy hayotda qanday bo‘lsangiz, virtual hayotda ham shunday bo‘lish kerak. Ba’zi guruh va jamoalarda o‘zaro hurmat va axloq qoidalariga atayin e’tibor berilmaydi. Shuning uchun ular juda tartibsiz ko‘rinadi.
3. Agar ijtimoiy tarmoq va messenjerlarda faol bo‘lsangiz – bir nechta guruhlar va forumlarga tashrif buyursangiz, avvalo, o‘sha guruh a’zolarining suhbat usuliga e’tibor qarating. Har bir jamoaning yozilgan yoki yozilmagan qonunlari bo‘ladi va ularni o‘rganib, amal qilishga harakat qiling. Eng yaxshisi, avvalo, hech narsa yozmay, guruh a’zolari va ularning suhbatlashish usullarini kuzating.
4. Yangiliklarni tekshiring. “Boshqalarga ham tarqating” qabilidagi xabarlarni yaqinlaringizga tarqatishdan avval, uni ishonchli ekanligini tekshiring. O‘zingiz va yaqinlaringizni aldanib, vahimali axborotlar ta’siriga tushib qolishdan saqlang.
5. Internetdagi boshqa odamlarning shaxsiy ma’lumotlari – haqiqiy ismlari, manzili, telefon raqami, fotosuratlarini ularning roziligisiz hech kimga bermang (tarqatmang).
6. Ijtimoiy tarmoqlarga yaqinda kirganlar xato yozishsa, o‘rinsiz savollar bersa yoki boshqa shu kabi hollarda bunga beparvo bo‘ling, izohlarida ularni uyaltirmang. Agar yordam bermoqchi bo‘lsangiz, shaxsiy yozishmalar orqali yordam bering.
7. Muallif ruxsatisiz uning mehnat mahsulini “o‘g‘irlamang”. Manba va muallifni belgilang yoki xabarning asl manbasiga havola bering.
Unutmang, boshqa internet foydalanuvchilari ham siz kabi inson va ularning ham tuyg‘ulari bor. Bir-biringizni hurmat qiling.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!