“Sir emaski, katta yulduzli ko‘plab qo‘mondonlar, federal darajadagi rahbarlar Grozniyga qarata havodan bir-ikki marta o‘q otish kifoya deb o‘ylashgan va shu bilan hammasi tugashiga ishonishgan. Shoshilinch ravishda tasdiqlangan operatsiya rejasi asosida “qo‘rqitish” metodi yotardi. Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, yuqoridagilar uni so‘zsiz tasdiqlashgan. Hech kim reja mohiyatini chindan anglamagandi. Natijada yo‘l-yo‘lakay unga jiddiy o‘zgarishlar kiritib borishga majbur bo‘ldik” – deydi general Gennadiy Troshev o‘z xotiralarini yodga olarkan.
1994-yil 11-dekabrda rus harbiy qo‘shinlari Chechenistonga qarshi og‘ir urushni boshladi va uni 1996-yilda siyosiy mag‘lubiyat bilan yakuladi.
Hammasi qanday boshlangandi?
80-yillar oxiri va 90-yillar boshida Sovet Ittifoqi yemirila boshladi. Ittifoq tarkibidagi respublikalar “suverinitet” haqida gapirishga o‘tdi. Prezident Boris Yelsin o‘shanda (1990-yil) “Og‘zingizga siqqanicha suverinitet oling” degan gapni aytgandi.
Sovet Ittifoqi tarkibidagi boshqa respubliklar kabi Checheniston ham mustaqillikka tomon harakat boshladi. 1990-yilning oxirida Chechen xalqining umummilliy qurultoyi chaqirilgan. Unga Sovet Armiyasining general-mayori Joxar Dudayev boshchilik qilgan. Kongressning maqsadi SSSR tarkibidan chiqib, mustaqil Chechen respublikasini yaratish edi. Asta-sekin bu qaror hayotga tadbiq etila boshlandi. 1991-yilning iyunida Chechen xalqining Umummilliy kongressi Checheniston mustaqilligini e’lon qildi. 27-oktabrda respublikada parlament va prezident saylovlari bo‘lib o‘tdi. Hokimiyat Dudayevning qo‘lida birlashdi.
Joxar Dudayev
Biroq Rossiya Chechinstonni qo‘ldan chiqarishni istamasdi. 7-noyabr kuni Boris Yelsin Chechen-Ingush Respublikasida favqulodda holat joriy etish zarur deb hisobladi. Natijada ular o‘rtasida ziddiyat yuzaga keldi. Chechenistondan juda ko‘p sonli sovet qurollarini olib chiqib ketishga ulgurishmagani vaziyatni yana-da og‘irlashtirgandi.
1992-yilda Rus harbiy qismlari respublikani tark etdi. Biroq Rossiya undan voz kechishni istamadi. Moskva: “Chechiniston – Rossiyaning bir qismi” degan qat’iy pozitsiyada edi. Dudayev rejimiga qarshi iqtisodiy sanksiyalar olib borildi. Natijada Chechenistonda Dudayevga qarshi mahalliy oppozitsiya shakllana boshladi. Qanchadir muddat vaziyat Rossiyaning nazorati ostida edi. Dudayevga qarshi oppozitsiya shakllantirilgan, ammo kuchlar noteng edi.
1994-yilda Dudayevning raqiblari undan hukumatni tortib olishiga sal qoldi. Grozniyga ruslar bilan kelishilgan holda uyushtirilgan hujum muvaffaqiyatsiz kechdi.
O‘sha paytda biron-bir samarali chora ko‘rishga Yelsin hukumatining na kuchi va na siyosiy irodasi bor edi.
Aslini olganda, Checheniston 1991-yildan 1994-yilgacha Rossiyadan deyarli mustaqil bo‘lgan. U o‘z hokimiyatini, o‘z davlat ramzlarini shakllantirgan. Ammo uni hech bir davlat tan olmagan.
Bu davr jinoyatchilikning o‘sishi bilan xarakterlanadi. Temiryo‘l tuzilmalari tovarlariga hujum qilish, talon-toroj qilish, temiryo‘l transpoti ishchilarini o‘ldirish, odam o‘g‘irlash kabi holatlar ko‘paydi. Odam o‘g‘irlagach, uni qaytarishda pul talab qilish hamda qullik mehnatidan foydalanish amaliyoti keng tarqaldi. Etnik tozalash ishlari olib borildi, respublikaning slavyan aholisi bundan aziyat cheka boshladi. Jangarilikning ko‘payishi 1994-yil kuzida Checheniston hududida temiryo‘l qatnovi to‘xtatilishiga olib keldi.
1994-yilning yozida Checheniston hududida Fuqarolik urushi boshlandi – Dudaev rejimi tarafdorlari va muxolif kuchlar o‘rtasida qurolli to‘qnashuv yuz berdi.
Yelsin ma’muriyati Chechenistonda konstitutsiyaviy tuzumni o‘rnatishga qaror qildi. Uning hududiga rus qo‘shinlari kiritildi, bu esa keng ko‘lamli urushning boshlanishiga yo‘l ochdi.
11-dekabrda boshlangan ziddiyatning ilk kunidan hammasi ayon edi: oldinda uzoq va qonli urush kutib turgandi. Armiya harbiy kampaniyaga tayyor emasligi ma’lum bo‘ldi. Bundan tashqari, xususiy xarakterga ega bo‘lgan boshqa muammolar ham mavjud edi: bo‘linmalarda o‘zaro tushunish yo‘qligi, eskirgan uskunalarning ishlamay qolishi, operatsiya uzoq davom etishi ma’lum bo‘lganida mansabdorlarga va xizmat xodimlariga ovqat va issiq kiyimlar yetishmovchiligi kuzatilgan edi.
Chechen urushi Yelsinning reytingini shiddat bilan tushirib yubordi. Uni kommunistlar ham, liberallar ham tanqid qilar, ammo urushga qarshi kampaniya hali ommaviylashmagandi. Urush Rossiya iqtisodiga qattiq zarbalar bergandi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ziddiyat tufayli rus harbiy tuzilmalaridan 5 552 kishini halok bo‘lgan. Rusiyzabon aholi Chechenistonni deyarli butunlay tark etgan.
O‘lganlar va bedarak yo‘qolganlarning umumiy soni to‘g‘risidagi ma’lumotlar turli manbalarda: 5 732 nafardan 14 000 nafargacha deyiladi. Dudayevchilarning yo‘qotishlari haqida ma’lumot turli xil: 3000 dan 17 000 kishigacha. Chechenistonning ko‘plab shaharlari va aholi punktlari, shu jumladan, respublika poytaxti Grozniy shahri vayronaga aylandi.
Urush Chechinstonda o‘zidan keyin yakson bo‘lgan iqtisodiyotni qoldirdi. Shaharlar va qishloqlar tiklanmadi. Urush va etnik tozalash natijasida deyarli barcha millat vakillari Chechenistonni tark etishdi.
1996-yil aprel oyida Chechen separatchilarining yetakchisi Joxar Dudayev avtoulovida havo orqali hujum natijasida yo‘q qilindi.
1996-yil 31-avgustda Rossiya va Chechenistonning Ichkeriya Respublikasi vakillari tarixga Xasavyurt bitimi nomi bilan kirgan sulh shartnomasi imzoladilar. Rossiya tomonidan shartnomani Xavfsizlik Kengashi raisi A.Lebed va Checheniston tomonidan A.Masxadov imzolagan. Rossiya qo‘shinlari Chechenistondan butunlay chiqarib yuborildi va respublikaning maqomi to‘g‘risidagi qaror 2001-yil 31-dekabrgacha qoldirildi.
Separatchilari Xasavyurt kelishuvini g‘alaba sifatida qabul qildilar. Federal qo‘shinlar Chechenistonni tark etishga majbur bo‘lishdi. Barcha hokimiyat kuchlari o‘zini “Ichkeriya” deb e’lon qilgan respublikaning qo‘lida qoldi. Joxar Dudayevning o‘rniga hokimiyatni Aslan Masxadov egalladi. U o‘zidan oldingi rahbardan unchalik farq qilmagan. Biroq uning hokimiyati nisbatan zaifroq edi va jangarilar bilan doimo murosaga kelishga majbur bo‘lardi.
Oldinda esa Ikkinchi Checheniston urushi kutib turardi…
Davomi bor…
Sarvinoz Omonova tayyorladi
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!