Rasmga tushish odati shu darajada ommalashdiki, hozirda shaxsiy telefonida selfi surati yo‘q insonni topish qiyin, shunday emasmi! Siz ham kuniga kamida 2 yoki 3 marta rasmga tushsangiz kerak?
Ammo ming afsuski, hamma ham suratda chiroyli ko‘rinmaydi. Kimlargadir chiroyli rasmga tushish uchun bir necha marta urinishlar kerak bo‘ladi. Xo‘sh, rasmga bitta urinishda chiroyli tushish uchun nima qilish kerak? Ushbu maqolamiz chiroyli foto yaratishda sizga muhim qo‘llanma bo‘ladi...
Ideal kadr sirlari:
Yorug‘lik
Rasmga tushishda eng birinchi ahamiyat berishingiz kerak bo‘lgan vosita bu – yorug‘lik. Yaxshisi, rasmga kunduzi, yorug‘lik ko‘p bo‘lgan vaqtda tushing. Yorug‘lik imkon qadar to‘g‘ri yuzingizga, ko‘zlardan teparoqdan tushib tursin. Agar yorug‘lik manbayi – quyoshdan juda yorug‘ nur taralayotgan bo‘lsa, deraza pardasini yoyib qo‘ying. Bu holatda yuz chiziqlari chiroyli ko‘rinadi.
Agar tabiiy yorug‘lik yetishmasa, sun’iy yorug‘likdan foydalanishingiz mumkin. Telefoningiz chirog‘i (vspishka)ni qo‘llashda ehtiyot bo‘ling. Chunki, u yuzning tabiiy chegaralarini buzadi va “qizil ko‘zlar” effektini paydo qiladi.
To‘g‘ri burchak
Kameraga to‘g‘ri qarab jiddiy uslubda tushish shart emas. Bunday suratlaringizni hujjatlar uchun olib qo‘ying! Kundalik hayotdagi chiroyli rasmni yaratish uchun yuzni 30-45 burchak ostida, yonga burish foyda beradi. Bu holatda kadr hajmli chiqadi va iyagingiz bo‘yin bilan qo‘shilib ketmaydi.
Yuzni qaysi tomonga burishni esa o‘zingiz hal qilishingiz kerak: chunki yuz har kimda har xil. Buni aniqlab olish uchun avvaliga boshni bir chapga, bir o‘ngga burib suratga tushib ko‘ring. Shunda qaysi biri sizga to‘g‘ri kelishini bilib olasiz.
Shuningdek, chiroyli selfini kamerani qarshingizdan yuqoriroqqa ko‘tarish orqali ham olishingiz mumkin. Bu holatda yuzingiz bilan birga sizni o‘rab turgan narsalar ham yaxshi ko‘rinadi: ko‘zlar katta-katta, iyaklar esa kichikroq tasvirlanadi.
Yuz ifodasi
Tabassum har qanday insonni chiroyli qilib ko‘rsatadi, qachonki tabiiy bo‘lsa... Xo‘sh, kamera oldidan qanday qilib inson o‘zini o‘zi kuldiroladi? Tasavvuringizni “yoqish” vaqti keldi.
Bo‘lib o‘tgan biror bir yoqimli va kulgili voqeani eslasangiz tabassum o‘zidan o‘zi paydo bo‘ladi. Agar sizga tabassum emas boshqa yuz ifodasi kerak bo‘lsa, yana tasavvuringizni yordamga chaqiring. Bu holatda aktyorlik mahorati juda qo‘l keladi. Ichki hissiyotlar yuzda aks etishi kerak.
Rasmga olish jarayoni
O‘zingizni o‘zingiz rasmga olishingiz kerak bo‘lsa, frontal kameradan foydalaning. Agar telefonning old kamerasi sifatsiz suratga olsa, unda orqa kameradan foydalanishingizga to‘g‘ri keladi. Suratga olish jarayonida ko‘zgudan foydalanish tavsiya etilmaydi.
Orqangizdagi fon ham ahamiyatga ega
Suratda nafaqat o‘zingiz, balki orqadagi umumiy ko‘rinishning ham ahamiyati bor. Orqa fon qanday bo‘lishi kerak, dersiz?
Chiroyli joylar
Quyosh botayotgan osmon, shoxlari yoyilgan daraxt, rangli gullar – bularning bari insonni qoyil qoldiradi. Tabiat chiroyli surat uchun eng yaxshi fon.
Agar safarda bo‘lsangiz, unda fon bilan bog‘liq muammo bo‘lmaydi.
Mashhurlar bilan suratga tushish
Agar siz biron-bir mashhur odam bilan yonma-yon turib qolgan bo‘lsangiz, bu muvaffaqiyatli rasm uchun qulay imkoniyatdir. Ulardan ruxsat so‘rab, keyin suratga tushilsa, anglashilmovchiliklarning oldi olingan bo‘ladi. Ular ham odam, ular ham siz bilan rasmga tushishga rozi bo‘lishadi. Hattoki, Rim papasi ham bir guruh o‘spirinlar bilan birga suratga tushishni rad qilmagan.
Noodatiy holat
Insonni xavf doim o‘ziga tortib kelgan. Noodatiy xavfli holatlarda olingan surat “originalligi” bilan ajralib turadi. Biroq, biz sizga bunday tavsiya berishdan yiroqmiz. Surat yaxshi chiqqani yoqimli, albatta. Biroq hayotingizni xavfga qo‘yishga arzimaydi.
Taqiqlangan holatlar
Ta’ziya yoki shunga o‘xshash diniy marosimlarda suratga tushishni xayolingizga ham keltirmang! Suratga tushishning ideal vaqtini tanlay olish ham mahorat.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!