XABARDOR.UZ - Qanday qilib Germaniya 80 yil ichida ikki marta jahon urushlarida mag‘lub bo‘lgan holda jahonning eng iqtisodiyoti rivojlangan davlatlaridan biriga aylana oldi?
Keyt Xauzer, “Quora” foydalanuvchisi:
“Germaniyada 30 yildan buyon yashayotgan amerikalik sifatida ta'kidlashim mumkinki, nemislarning o‘ziga xos fe'l-atvori ularning iqtisodiy jihatdan muvaffaqiyatga erishishlariga sababchi bo‘ladi.
Ular ishni to‘g‘ri tashkil etish uchun o‘z vaqtlari va kuchlarini to‘g‘ri taqsimlashni ancha erta boshlashadi. Ular o‘z bizneslari sermahsul bo‘lishi uchun uni samarali boshlashadi. Nemislarni qisqa muddatli emas, uzoq muddatli samaradorlik qiziqtiradi. Germaniyada maosh darajasi yuqori bo‘lsa-da, aksariyat nemis kompaniyalari jahon miqyosida raqobat qilishga qodir, chunki ular o‘ta puxtalik bilan ish olib borishadi.
Bu yerda maorifga katta e'tibor qaratiladi. Bolalarga katta talablar qo‘yiladi: Yaponiyadagi singari bu mamlakatda ham farzandlarining maktabda yaxshi o‘qishlarini kutishadi, agarda ularning o‘zlashtirishi sust bo‘lsa, shu zahoti repetitor yollashadi.
Ular uchun o‘zaro kelishuv muhim ahamiyat kasb etadi, shu bois qarorlar chiqarishda rahbarlar bilan birga oddiy xodimlar ham ishtirok etishadi. Nemis rahbarlari qo‘l ostidagi xodimlarini erishgan muvaffaqiyati uchun munosib rag‘batlantirish orqali ularning mehnat qilishga bo‘lgan ishtiyoqlarini oshirishadi. Ular bir-birlari bilan xuddi hamkorlardek munosabatda bo‘lishadi.
Og‘ir vaziyatlarda nemislar o‘z manfaatlarini jamiyat manfaati uchun qurbon qilishga tayyor turishadi. Ular oxir-oqibat bu qurbonliklari jamiyat kelajagi uchun xizmat qilishini yaxshi bilishadi. Mamlakatda korrupsiya va jinoyatchilik darajasi past bo‘lib, aksariyat mamlakatlarning bor quvvati mana shu ikki illatga qarshi kurashishga sarflanadi”.
Anton Tarasenko, “Quora” foydalanuvchisi:
“Yevropaning aksariyat mamlakatlari Ikkinchi jahon urushidan so‘ng tez tiklandi:
Xususan, Germaniya ham:
Marshall rejasi ham bunda o‘z o‘rniga ega, lekin u darajada emas: uning asosiy maqsadi bu qit'ada siyosiy ittifoqchilarni birlashtirish edi.
Agarda davlatlarda texnologiyalar va tashkilotlar saqlanib qolgan bo‘lsa, urushdan so‘ng tezda o‘zlariga kelib olishlari mumkin. Bir yil ichida urush davrida vayron bo‘lgan zavod-fabrikalarni tiklash mumkin, biroq buni qanday bajarishni bilish lozim.
Germaniya esa bilardi. XX asr boshlarida u texnologik rivojlangan davlat edi”.
Leit Ishark, makroinvestor:
“Germaniya tavakkal qilishni yaxshi ko‘radi, bu haqda ko‘pchilik yozgan. Lekin yana bir qiziqarli holat borki, buni urushda mag‘lub bo‘lgan va “g‘olib-davlatlar”ni taqqoslaganda ko‘rish mumkin.
Germaniya va Angliyaning madaniyati va ma'naviy qadriyatlarini o‘zaro taqqoslaganda jamoaviy ruh, jamoatchilik hissi borasida bu ikki mamlakat o‘rtasida katta farq borligini ko‘rasiz.
Angliyada jamiyat manfaati shaxsiy manfaatdan ustunligi haqida og‘iz ochsangiz, kinoyali javob eshitasiz, sizni bu yerda hech kim tushunmaydi. Menimcha, Germaniyada bu g‘oyani nafaqat tushunishadi, balki unga amal qilishadi. Ularning futbol jamoasi g‘olib bo‘lishiga ko‘plab sabablar bor, lekin buning sababi, birinchi navbatda, o‘yinchilar o‘zlarini yagona jamoa sifatida his qilishlari, bir butun bo‘lib harakat qilishlari bo‘lsa ne ajab?
Tasavvurimcha, agar Angliyaning boshiga biror musibat tushsa hech kim pinagini buzmaydi. To‘g‘ri, og‘ir damlarda xalq o‘zining xalqligini va qandaydir umumiy qadriyatlar haqida eslab qoladi, lekin hozirgi kunda bu g‘oyalar miyaning chuqur qa'ridan joy olgan.
Inglizlarning shaxsiy erkinlik tamoyilida yaxshi jihatlari ko‘p, biroq bu tamoyildan og‘ir damlarda qanday naf kelishi mumkin? Menimcha, jamiyatdagi har qanday buyuk muvaffaqiyat zamirida hattoki o‘z mehnati mahsulini ko‘rishga ulgurmaydigan insonlarning ham ma'lum bir darajadagi qurbonliklari yotadi.
“The Economist” nashrida 1950 yil boshlarida Mansur Olsonning Yevropa bo‘ylab sayohati hikoya qilingan va uning quyidagi savoli o‘rtaga tashlangandi: nima uchun Britaniya zo‘rg‘a oyoqqa turayotganida G‘arbiy Germaniya gullab-yashanayapti? Axir Germaniya urushda yutqazgandi-ku, Britaniya esa g‘oliblardan biri bo‘lgan...
Oradan o‘n yil o‘tgach, Olson “Jamoaviy harakatlar mantig‘i” kitobini yozdi. Bu kitobda u fuqarolarning umumiy maqsad yo‘lida birlashishlarini tadqiq qildi.
Olsonning fikricha, oddiy fuqarolar yagona maqsad yo‘lida birlashsalar, har qanday maqsadga erishish mumkin. Buning isbotini u Germaniya va Angiya misolida ko‘rsatib berdi”.
QIZIQARLI RUKNLAR: Kompaniya / Maslahat / Milliarderlar / Reyting / Tahlil
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!