Ayni vaqtda karantin sabab, daromad manbangizdan ayrilib qolgan va keyinchalik nima ish bilan shug‘ullanish haqida o‘ylayotgan bo‘lishingiz mumkin. Quyida siz uchun bir necha biznes-g‘oyalarni to‘pladik, bir qarorga kelishingizda ular yordam beradi, degan umiddamiz.
Vending
Yaponiya va AQShda bitta savdo avtomatiga mos ravishda 20 hamda 40 kishi to‘g‘ri kelsa, bizning mamlakatimizda odamlar hali vending orqali nimadir sotib olishga o‘rganmagan. Biroq ko‘pchilik plastik kartalar orqali savdo qilishga o‘tmoqda, shunday ekan, avtomatlarga ham tez orada murojaat qilishlariga umid bor. Hali savdo avtomatlari kamligi uchun, bu borada raqobatchilaringiz kam bo‘ladi. Qurilmalarni savdo markazlari, odam ko‘p to‘planadigan maydonlar, bekatlar, kutubxonalar, kinoteatrlarga joylashtirish mumkin.
Savdo markazlarida bolalar ijodiyoti studiyasi
O‘zbekistonda savdo markazlari kundan-kunga oshib borayapti, ularning soni o‘sib borar ekan, oilaviy tashriflar ham ko‘paymoqda. Axir savdo markazlarida nafaqat xaridlarni amalga oshirish, balki ko‘ngil yozish ham mumkin. Bolalar ijodiyoti studiyalari – kattalarga bolalarni qiziqarli joyda qoldirish va bemalol xarid hamda boshqa ishlarni bitirish imkonini beradi. U yerda plastilindan biror narsa yasash, rasm chizish va shu kabi rivojlantiruvchi mashg‘ulotlar tashkil qilish mumkin. Katta sarmoya talab qilinmaydi.
Klining kompaniyasi
Bugungi kunda talab oshib borayotgan sohalardan biri – klining, ya’ni tozalash xizmatidir. Savdo markazlari, ofis binolari, yirik tashkilotlarning hududi har kunlik tozalashni talab qiladi. Bundan tashqari, ko‘p vaqtini ishda o‘tkazadigan va uy ishlariga ulgurmaydigan kishilar ham maxsus tozalash xizmatiga bajonidil istak bildiradi. Butun bir tashkilot bilan shartnoma qilishingiz va ishonchli daromad manbayiga ega bo‘lishingiz mumkin. O‘zbekistonda klining – hali rivojlanmagan xizmat turlaridan biri ekaniga ahamiyat bering.
Onlayn ta’lim
O‘quv markazlari – mashhur biznes-yo‘nalishlardan biriga aylanib ulgurdi, biroq onlayn ta’lim hali oyoqqa turgani yo‘q. Til o‘rgatishdan tortib, manikyur texnikalari singari darslarni tashkil qilish mumkin. Istasangiz, turli soha vakillarini ishga oling, istasangiz, o‘z bilimlaringizni ulashing. Odamlar internetda ko‘p vaqt o‘tkaza boshladi, demak onlayn ta’lim reklamasini ko‘rishi va o‘zi qiziqqan soha bo‘yicha ta’lim olishni o‘ylab ko‘rishi ehtimoli oshmoqda. Temirni qizig‘ida bosing!
Ko‘cha taomlari
Kam sarmoya kiritib, tez foyda olish imkonini beruvchi kichik biznes turlaridan biri – ko‘cha ovqatlari (strit-fud) hisoblanadi. Bu borada tanlov imkoniyati ham katta: shirinlik, shaurma, xot-dog, pitsa, qahva, quymoqlar va hokazolarni sotish mumkin. Kerakli anjomlarni xarid qilish va o‘z ishining ustasi bo‘lgan ikki ishchini ishga olish yetarli. Serdaromad joy tanlashga ham e’tibor berish kerak.
Novvoyxona
O‘zbekistonda novvoyxonalarga ehtiyoj har doim bo‘ladi, aholi soni oshib borar ekan, bu sohaga talab ham ko‘payaveradi. Novvoyxonani mahalliy aholining ta’biga ko‘ra moslashtirish mumkin. Bundan tashqari, raqobatchilardan o‘zish hamda odamlarning qiziqishini oshirish uchun xilma-xil, hatto boshqa millatlarning nonlarini taqdim etishingiz mumkin. Nonlarni firma belgisi yoki chiroyli surat hamda yozuvlar tushirilgan qog‘ozlarga o‘rab bersangiz, nur ustiga nur.
Avto ehtiyot qismlar do‘koni
Avtomobillarning qismlari savdosi hali beri susaymadi, chunki O‘zbekistonda mashinalar soni kundan-kunga ko‘payib bormoqda. Qanchalik xilma-xil tovarlarni qulay narxda tadqim etsangiz, shunchalik ishingiz yurishadi. Do‘konni iloji boricha katta yo‘llar chetida, ko‘pchilikning ko‘zi tushadigan joyda ochganingiz ma’qul. Keyinchalik onlayn-savdoga o‘tishingiz ham mumkin.
Kosmetika do‘koni
Sotsiologik so‘rovnomalarga ko‘ra, ayollar oylik daromadining 15 foizini kosmetikaga sarflashga tayyor. Bugun kosmetikaning turi juda ko‘p, istalgan yo‘nalishda ish boshlashingiz mumkin: elit, professional, tabiiy, dekorativ, qo‘lda tayyorlangan, davolovchi va hokazo kosmetika turlari bor. Savdo uchun internet saytlari, ijtimoiy tarmoqlar, savdo markazlaridan foydalanishingiz mumkin. Ayollar har doim kosmetikaga ehtiyoj sezgani uchun bu ishonchli biznes turidir.
Sarvinoz Omonova
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!