Hozirgi kunda xilma-xil kitoblar ko‘pligidan qaysi birini o‘qishni bilmaysan kishi. Ammo qo‘lingizga ilingan kitobni ham o‘qib ketaverish yaramaydi. Shaxsiy rivojlanish, motivatsiya olish, yangidan yangi bilimlarga ega bo‘lish uchun qanday, qaysi janrdagi kitoblarni o‘qish kerak? Quyida shu savolga javob bo‘la oladigan ro‘yxatni keltirib o‘tamiz.
Chet el biznes-adabiyoti: “Nega aynan chet elniki?”, deb so‘rashingiz mumkin. Javob oddiy: hozirgi kunda biznes yuritish bo‘yicha kitoblar shu qadar ko‘payib ketdiki, haqiqiysidan soxtasini ajratish qiyin bo‘lib qolgan. Chet el biznes-adabiyoti nafaqat nazariy masalalardan iborat, balki ma’lum bir muammo yoki masalani yechishga qaratilgan amaliy mashg‘ulotlarni ham o‘z ichiga oladi. Agar sizni time-menejment, biznes reja va yangi loyihalar tuzish qiziqtirsa, unda albatta, Yevropa va Amerika mualliflari tomonidan yozilgan asarlarni o‘qishni tavsiya qilamiz (“O‘yla va boy bo‘l”, “Boy ota, kambag‘al ota”, “Muvaffaqiyatli insonlarning 7 ko‘nikmasi”).
Klassik adabiyot: Yevropa va Amerika klassik adabiyoti nafaqat qiziqarli syujet va obrazlar manbasi, balki so‘z boyligi va fikrlashni rivojlantirish uchun yordam beradigan betakror xazina hisoblanadi. Yaxshi kitob deganda asosan klassik adabiyot haqida gapiriladi (“Usta va Margarita”, “Jinoyat va jazo”, “Urush va tinchlik”, “Anna Karenina”, “Telba”).
Mashhur insonlar tarjimai holi: Olimlar, rassomlar, yozuvchilar, tadbirkorlar, siyosatchilar bizdan 100-200 yillar avval yashagan bo‘lsa-da, ularda albatta, o‘rganishga arzigulik narsalar bor. Twitter yoki boshqa ijtimoiy tarmoqlarda mashhurlarning dono so‘zlaridan ko‘ra, ularning tarjimai hollari, bosib o‘tgan yo‘llari sizga ko‘proq narsa berishiga ishonamiz (Stiv Jobs, Gandi, Van Gog va boshqalar).
Mashhur brend/kompaniya/startaplar tarixi: Bizga odatiy ko‘ringan ko‘pgina narsalar (g‘ildirak, gugurt yoki qog‘oz)ga qancha vaqt, harakat, mehnat ketganini bilasizmi? Ba’zi kompaniyalar va ixtirolar paydo bo‘lishi eskilarini “sindirgani” haqida-chi? Bular haqida yaratilgan maxsus asarlarni, albatta, o‘qishni maslahat beramiz (“Start-up”, “Оставь свой след” va boshqalar shular jumlasidan).
Tarix haqidagi asarlar: O‘tmishdagi xatolarni o‘rganmagan inson o‘sha xatolarni kelajakda qayta-qayta takrorlayveradi. Tarix birmuncha murakkab fan. Ajdodlarning ba’zi g‘oyalari bizga umuman yot bo‘lsa, ba’zilari aynan biz uchun aytilgandek, go‘yo. O‘zimizning va qo‘shni xalqlarning tarixini o‘rganish o‘zligimizni tushunish hamda kelajak va o‘tmishga nisbatan shaxsiy munosabat bildira olishimizga yordam beradi (ishonchli manbalar asosida yozilgan barcha tarix kitoblari).
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!