$
12895.55 UZS
15.2
159.38 UZS
2.7
14338.56 UZS
-196.91
35° Kechasi 21°

Markaziy Osiyodagi ilk demokratik davlat haqida nimalar bilamiz?

16:59 / 15.12.2019

Turkistonlik — shonimiz, Turonlik — unvonimiz, 
Vatan — bizning jonimiz, fido o‘lsun qonimiz!

Cho‘lpon

1917-yil 27-fevralda Petrogradda boshlangan inqilob Turkiston o‘lkasiga ham o‘z ta’sirini o‘tkaza boshladi. Natijada, Turkistonda ham ishchi va soldat deputatlari sovetlari tuzila boshladi.
1917-yilda o‘lka muxtoriyati masalasi Turkiston ijtimoiy-siyosiy hayotida asosiy masala bo‘lib qoldi. Turkistonga muxtoriyat maqomini berish g‘oyasi nafaqat milliy ziyolilar o‘rtasida, hatto din peshvolari va oddiy xalq orasida ham ommalashgan edi.

Ijtimoiy tafovutlarga qaramay, butun Turkiston jamiyatida o‘lkaning mustamlaka maqomini tugatishga intilish kuchli edi. Milliy ozodlik uchun boshlangan harakat bu yerda yangi hokimiyatning rus tashkilotlari bilan bir qatorda “Sho‘roi Islomiya”, “Sho‘roi ulamo”, “Mirvaj ul-islom”, “Miftoq ul-maorif”, “Ravnaq ul-islom”, “Ittifoq ul-muslimin”, “Turon” va boshqa turli musulmon tashkilotlari paydo bo‘lishiga olib keldi. 

“Sho‘roi islomiya”ning Toshkent tashkiloti tashabbusi bilan chaqirilgan Butunturkiston musulmonlarining 1-qurultoyi 1917-yil 16-aprelda ish boshladi. Qurultoyda davlat boshqaruvi va uni tashkil qilish masalalari bo‘yicha Ahmad Zakiy Validiy ma’ruza qildi.

Butunturkiston musulmonlari 1-qurultoyi so‘nggi majlisida markaziy organ – Turkiston o‘lka Musulmonlar Markaziy Sho‘rosi (Kraymussovet) tashkil etilishi haqida qaror qabul qilindi. Uning tashkil etilishidan asosiy maqsad milliy ozodlik harakatiga tashkiliy va markazlashtirilgan tus berish uchun barcha jamiyat, qo‘mita va tashkilotlarni birlashtirish edi.
Shunday qilib, Turkistonning birligi va yaxlitligi yo‘lida birinchi muhim qadam qo‘yildi. Afsuski, o‘lka musulmonlari siyosiy tashkilotlarining birlashish jarayonlari har doim ham bir tekis rivojlanmay, Munavvar Qori Abdurashidxonov boshchiligidagi “Sho‘roi Islomiya”dan 1917-yil iyun oyida “Sho‘roi Ulamo” ajralib chiqdi.

“Sho‘roi Ulamo” tashkilotining tashabbusi bilan Toshkentda 1917-yil 17-20-sentabrda turkistonlik musulmonlarning qurultoyi o‘tkazildi. Natijada “ulamochilar” bilan “Sho‘roi Islomchilar” o‘rtasidagi uzoq va keskin kelishmovchiliklarga qaramay, qurultoy kelishish yo‘llarini topishga muvaffaq bo‘ldi.
“Sho‘roi Islomiya”, “Turon”, “Sho‘roi Ulamo” – barchasi birlashdi va yagona kuch sifatida ish ko‘rish vaqti kelgani alohida ta’kidlanib, “Ittifoqi muslimin” degan siyosiy partiya tuzishga qaror qilindi. Shuningdek, qurultoyda Turkistonning milliy davlatchilik tuzumi haqida turli fikrlar bildirildi.

Shunday qilib, “Ulamochilar” qurultoydagi asosiy masala Turkiston o‘lkasining kelajakdagi siyosiy boshqaruvi to‘g‘risida bo‘lib, unda demokratik Rossiya tarkibida hududiy muxtor federatsiya – “Turkiston Federativ Respublikasi” tuzilishi g‘oyasi ilgari surildi.

Bunda Turkiston federatsiyasi o‘z pulini muomalaga chiqarishi, o‘z militsiyasiga ega bo‘lishi, o‘z chegarasini qo‘riqlash uchun qo‘shin saqlashi mumkin bo‘lishi ko‘zda tutildi. Urush vaqtida chegarani qo‘riqlash vazifasi esa Rossiya Respublikasining hukumati tomonidan tashkil etilishi, Turkiston Federatsiyasining butunlay Rossiya hukumati buyrug‘iga bo‘ysunishi ta’kidlandi.
Biroq 1917-yil oktabr oyida Toshkent Soveti soldatlari o‘z tomoniga og‘dira boshladi, asli rossiyalik bo‘lgan ishchilar ham unga ergashdi. Toshkentdagi Oktabr to‘ntarishi qatnashchilari 1-noyabrda Korovchenko va Muvaqqat hukumatining Turkiston Komitetini qamoqqa oldilar. Shu kuni Toshkent Soveti Turkistonda sovet hokimiyati o‘rnatilganini e’lon qildi.

1917-yil 1-noyabrda sovetlar Yangi Termiz va Kattaqo‘rg‘onda, 25-noyabrda Yangi Buxoro (Kogon)da, 28-noyabrda Samarqandda, 7-dekabrda Namanganda hokimiyatni o‘z qo‘liga oldi. 
Turkistonda bolsheviklar sinfiy kurash tamoyillariga amal qilib proletariat “manfaatlari”dan kelib chiqib siyosat yurita boshladilar. O‘lkadagi yangi tuzum Rossiya imperiyasining mustamlakachilik siyosatidan oshib tushdi. Turkiston o‘lkasi ikkinchi marta Markaziy Rossiyaga siyosiy va iqtisodiy jihatdan qaram bo‘la boshladi.

1917-yil 26-28-noyabrda Qo‘qon shahrida Turkiston o‘lka musulmonlarining favqulodda IV qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Ma’lumki, musulmonlarning ushbu qurultoyi va unda qabul qilingan qarorlar sovet davri adabiyotlarida “millatchilar guruhining yig‘inida e’lon qilingan burjua muxtoriyati” deb talqin qilib kelindi. Hujjatlar esa ushbu holning butunlay teskarisi bo‘lganligini isbotlaydi.

Masalan, muftiy Mahmudxo‘ja Behbudiy o‘z ma’ruzasida qurultoyning Turkiston xalqlari tarixida ulkan ijobiy, tarixiy hodisa va burilish davri ekanini ta’kidlab, “Qurultoyimiz qabul qilayotgan qarorlar shuning uchun ham ahamiyatliki, unda Turkiston aholisining yevropalik vakillari ham ishtirok etmoqdalar”, dedi.
Qurultoy 1917-yil 27-noyabr kuni qabul qilgan qarorda: “Turkistonni Federativ Rossiya Respublikasi tarkibida hududiy jihatdan muxtor deb e’lon qildi hamda muxtoriyatning qaror topish shakllarini Ta’sis majlisiga havola etdi”. 28-noyabrda tarkib topayotgan mazkur hukumatning nomi aniqlanib, u Turkiston Muxtoriyati deb ataladigan bo‘ldi. 
Butunrossiya Ta’sis majlisi chaqirilgunga qadar hokimiyat Turkiston Muvaqqat kengashi va Turkiston Milliy (millat) Majlisi qo‘lida bo‘lishi kerak, deb hisoblandi. Qurultoyda Turkiston Muvaqqat kengashi a’zolaridan Turkiston muxtoriyati hukumati (8 kishidan iborat) tuzildi.

1.  Muhammadjon Tinishboyev – Bosh vazir, ichki ishlar vaziri, 2-chaqiriq Davlat Dumasining a’zosi, Muvaqqat hukumat Turkiston komitetining a’zosi, temir yo‘l muhandisi.
2.  Islom Sulton Shoahmedov (Shagiaxmedov) – Bosh vazir o‘rinbosari, Butunrossiya Musulmonlari Kengashi Markaziy qo‘mitasining a’zosi, huquqshunos.
3.  Mustafo Cho‘qay – tashqi ishlar vaziri, Muvaqqat hukumat Turkiston komitetining a’zosi, Turkiston o‘lka Musulmonlar Sho‘rosining raisi, huquqshunos.
4.  Ubaydulla Xo‘jayev (Ubaydullaxo‘ja Asadullaxo‘jayev) – harbiy vazir, Butunrossiya Musulmonlar kengashi Markaziy qo‘mitasining a’zosi, huquqshunos.
5.  Hidoyatbek Yurg‘uli (Yurali) Agayev – yer va suv boyliklari vaziri, agronom.
6.  Obidjon Mahmudov – oziq-ovqat vaziri, Qo‘qon shahri dumasining rais o‘rinbosari, jamoat arbobi
7.  Abdurahmon O‘rozayev – ichki ishlar vazirining o‘rinbosari, huquqshunos.
8.  Solomon Abramovich Gersfeld – moliya vaziri, huquqshunos.

Muvaqqat hukumat tarkibiga kirishi lozim bo‘lgan qolgan 4 o‘rin yevropalik aholi vakillari orasidan nomzodlar ko‘rsatilishi uchun ularga ajratildi.
Turkiston Muxtoriyati – milliy demokratik davlat edi. Muxtor hukumatni keng xalq ommasi qo‘llab-quvvatladi. Turkiston Muxtoriyati milliy qo‘shinni tashkil qilishga jiddiy kirishdi. 1918-yil boshida ularning soni 2000 askarga yetgan. Bundan tashqari, Qo‘qonda taxminan shuncha mirshab bor edi. Ularga Kichik Ergash qo‘rboshi boshchilik qilgan.
Turkiston Muxtoriyati hukumatining xalq orasida obro‘-e’tibori va nufuzi oshib borishi bolsheviklarni tashvishga solib qo‘ydi. Turkiston o‘lka Sovetlarining IV syezdi (1918-yil 16-29-yanvar) Turkiston Muxtoriyati hukumati va uning a’zolarini qonundan tashqari holatda, deb hisobladi, hatto hukumat a’zolarini qamoqqa olish haqida qaror qabul qildi. 
Bu bilan sovet hukumati yerli xalq milliy demokratik davlatchiligining dastlabki tajribasi bo‘lgan Turkiston Muxtoriyatini qonga botirib tugatishga qaror qildi.

Turkiston xalqining muxtoriyat uchun olib borgan kurashida 1917-yil 13-dekabrda bo‘lib o‘tgan fojiali voqealar muhim o‘rin tutadi. O‘sha kuni Toshkentda eski shahar aholisi “Muxtor Turkiston uchun!” shiori ostida tinch bayram namoyishini o‘tkazdi. Ammo Toshkent Sovetidagi bolsheviklar shaharda qurolli kuch bilan tartib o‘rnatishga buyruq beradilar. Oqibatda tinch namoyish qatnashchilari pulemyotdan o‘qqa tutildi, eski shaharlik 16 kishi ana shu to‘qnashuv qurboni bo‘ldi.

30-yanvar (yangi hisob bilan 12-fevral) da Turkiston XKS muxtoriyat hukumatini tugatish uchun harbiy harakatlarni boshladi. Turkiston bolsheviklari buning uchun qizil askarlardan tashqari armanlarning “Dashnoqsutyun” partiyasi a’zolaridan tuzilgan qurolli to‘dalardan ham keng foydalandi. Ularga qarshi dastlabki jangda muxtoriyatning milliy qo‘shinidan tashqari qo‘qonlik tinch aholi vakillari ham qatnashdi. Asosan bolta, cho‘kich, tayoq ko‘targan xaloyiqning soni o‘n ming kishiga yetdi. Shunga qaramay, qurolsiz bu kishilar qizil askarlarning Qo‘qon shahriga hujumini uch kun davomida mardonavor qaytardilar. Shahar ustiga uch kun davomida to‘plardan yondiruvchi snaryadlar otildi. Muxtoriyat qo‘shinining tirik kolgan qismi Kichik Ergash qo‘rboshi boshchiligida shahardan chiqib ketdi. Turkiston Muxtoriyati hukumati qizil askarlar va dashnoqlarning qonli hujumlari oqibatida ag‘darib tashlandi. Ammo Qo‘qon va uning atrofidagi tinch aholini talash, o‘ldirish avjiga chiqdi. Faqat Qo‘qonning o‘zida uch kun davomida 10000 kishi o‘ldirildi. Shahar butkul vayronaga aylantirildi. Hukumat boshlig‘i Mustafo Cho‘qay shaharni tark etib, yashirinishga majbur bo‘ldi. Vazirlarning ayrimlari halok bo‘ldi. Ba’zilarini bolsheviklar qo‘lga olishdi.

“Ulug‘ Turkiston” gazetasi chuqur qayg‘u bilan xabar berganidek, “20-fevral Ho‘qand tarixining eng dahshatli kuni edi. Armanilar ayricha faoliyat ko‘rsatganlar...”. Gazetadagi ushbu maqola “Qo‘qon hozir o‘liklar shahri”, degan dahshatli ibora bilan tugaydi.

Nihoyat, 1918-yil 22-fevralda Qo‘qon shahridagi Rus-Osiyo banki binosida bolsheviklar tomonidan tayyorlangan “tinchlik shartnomasi” imzolandi. Turkiston Muxtoriyati hukumati atigi 72 kun umr ko‘rgan bo‘lsa ham, u erksevar xalqimizni milliy mustaqillik va istiqlol uchun kurashga da’vat etdi. 1918-yilning erta bahorida avval Farg‘ona vodiysida, so‘ngra butun Turkistonda istiqlolchilik harakati boshlandi. Ammo bu davrga kelib Turkiston Muxtoriyatini tor-mor etib, o‘lkada yakka hukmron bo‘lgan, qurol va zo‘ravonlikka tayangan bolsheviklar mintaqada sovetcha andozadagi avtonomiya (muxtoriyat) ni tashkil etishga kirishgan edilar.

1918-yil yanvar oyidayoq bolsheviklar Turkiston Muxtoriyatiga qarshi Turkiston avtonomiyasini tuzish masalasini ko‘tarishgan edi. Bu muammo faqat Turkiston Sovetlarining V syezdida (1918-yil 20-aprel – 1-may) hal qilindi. Syezd Rossiya Sovet Sotsialistik Federatsiyasi tarkibida Turkiston Respublikasi tuzish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Turkiston Respublikasining Markaziy Ijroiya Komiteti (MIK) va XKS saylandi. Ular tarkibiga ilk marta tub millatlarning vakillari kiritildi. Shuningdek, syezdda sanoat korxonalarini natsionalizatsiya qilish va boshqa ayrim masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilindi. Shunday qilib, sovet Rossiyasi tarkibida Turkiston avtonom respublikasi tashkil qilindi.

Endi esa ajdodlarimiz milliy istiqlol harakatlaridan Cho‘lponning Turkiston muxtoriyati uchun yozilgan madhiyasigina hanuz yashamoqda.

Ozod turk bayrami
Ko‘z oching, boqing har yon!
Qardoshlar, qanday zamon!
Shodlikka to‘ldi jahon!
Fido bu kunlarga jon!
Naqorat:
Turkistonlik — shonimiz, Turonlik — unvonimiz, 
Vatan — bizning jonimiz, fido o‘lsun qonimiz!
Bizlar temir jonlimiz!
Shavkatlimiz, shonlimiz!
Nomusli, vijdonlimiz!
Qaynagan turk qonlimiz!
Naqorat
Bo‘ldi kenglik, zo‘rlik yo‘q,
Berildi bizga huquq!
Taraqqiyga yo‘l ochuq!
Jaholatga yo‘l yopuq!
Naqorat
Muxtoriyat olindi,
Ishlar yo‘lga solindi,
Milliy marshlar cholindi,
Dushman o‘rtansun endi!
Naqorat
Shodlik, hursandlik chog‘lar,
Ketsun yurakdan dog‘lar,
Vatan bog‘indan zog‘lar!
Selkullasun bayrog‘lar!
Naqorat
Hurriyat — bayrog‘imiz,
Adolat — o‘rtog‘imiz,
Xursand bo‘lgan chog‘imiz 
Mevalansun bog‘imiz!
Naqorat
Turk beshigi — Turkiston!
Eri oltun, tog‘lari kon!
Bolalarn qahramon!
Vatan uchun berur jon.
Naqorat
Turkistonlik — shonimiz, turonlik — unvonimiz, 
Vatan — bizning jonimiz, fido o‘lsun qonimiz!


Elbek Boymurodov tayyorladi


Bu ham qiziq

Onlayn platformalar va veb-saytlarda qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik

Onlayn platformalar va veb-saytlarda qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik

Onlayn platformalar va veb-saytlar faoliyatiga qo‘yilgan talablarga rioya etmaganlik uchun qanday choralar ko‘zda tutilgan?
14:19 / 13.05.2025
Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilgan tadbirkorlarga subsidiya ajratiladi

Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilgan tadbirkorlarga subsidiya ajratiladi

“Nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlash tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora tadbirlar to‘g‘ris…
10:47 / 12.05.2025
Ukraina O‘zbekistonning 3 ta kompaniyasiga nisbatan sanksiyalar qo‘llaydi

Ukraina O‘zbekistonning 3 ta kompaniyasiga nisbatan sanksiyalar qo‘llaydi

Ukraina uchta O‘zbekiston kompaniyasi va bir O‘zbekiston fuqarosiga qarshi sanksiyalar kiritdi. Tegishli farmonni prezident …
18:38 / 11.05.2025
Kreml Ukrainaning javobini kutmoqda

Kreml Ukrainaning javobini kutmoqda

Rossiya Prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov Rossiyaning Vladimir Putin tomonidan taklif etilgan muzokaralarni qayta boshlas…
08:38 / 11.05.2025
Mahalliy qatnovlar uchun barcha aviakompaniyalarga subsidiya ajratiladi

Mahalliy qatnovlar uchun barcha aviakompaniyalarga subsidiya ajratiladi

O‘zbekistonda 2021-yil 1-iyundan boshlab mahalliy aviaqatnovlarni subsidiyalash yo‘lga qo‘yilgan.
13:25 / 13.05.2025
Soliq mobil ilovasining foydalanuvchilari soni ma’lum qilindi

Soliq mobil ilovasining foydalanuvchilari soni ma’lum qilindi

Joriy yil 1-may holatiga ko‘ra, Soliq mobil ilovasida 10 million 965 ming nafardan ortiq foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tgan.
12:10 / 11.05.2025
“Putinni payshanba kuni Turkiyada kutaman” – Zelenskiy

“Putinni payshanba kuni Turkiyada kutaman” – Zelenskiy

Ukraina rahbari Rossiyaning Ukraina bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazish taklifiga javob berdi.
09:54 / 12.05.2025
Qamchiq dovonida mashina kabinasiga qisilib qolgan yo‘lovchi qutqarildi

Qamchiq dovonida mashina kabinasiga qisilib qolgan yo‘lovchi qutqarildi

Qutqaruvchilarning tezkor harakatlari natijasida 2 nafar fuqarolar qutqarilib, tez tibbiy yordam xodimlariga topshirilgan, s…
16:18 / 12.05.2025
12-may kuni qanday ob-havo kuzatiladi?

12-may kuni qanday ob-havo kuzatiladi?

Harorat kechasi 18-20 daraja, kunduzi 34-36 daraja bo‘ladi.
05:23 / 12.05.2025
Hafta boshida havo harorati 40 darajagacha ko‘tariladi

Hafta boshida havo harorati 40 darajagacha ko‘tariladi

“O‘zgidromet” 12–14-may kunlari kutilayotgan ob-havo haqida ma’lumot berdi.
09:26 / 11.05.2025

O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!

O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!