Virus nima ekanligini yaxshi bilsangizda unga yana qisqacha ta’rif berishni lozim topdik. Virus – kompyuterdagi boshqa dasturlar kabi bir dastur bo‘lib uning ajralib turadigan tomoni u o‘z-o‘zidan ko‘payib, boshqalarga zarar berish xususiyatiga ega.
Virusdan dod deganingizda “shu zormanda qayerdan chiqqan ekan-a?”, degan bo‘lsangiz kerak. Quyida ushbu savolingizga javob topasiz.
Ilk bora 1983-yil 11-noyabr kuni Janubiy Kaliforniya universiteti talabasi, amerikalik Fred Koen 5 daqiqadan 1 soatgacha bo‘lgan tezlikda ko‘paya oladigan kompyuter virusi taqdimotini o‘tkazgan.
Fred Koen
Shundan so‘ng, oradan bir yil o‘tib, Koen kompyuter tarmoqlari bo‘ylab viruslarning tarqalish xavfi va antivirus dasturlarini yaratish imkoniyatlari haqida kitob yozadi.
Birinchi yaratilgan virus “Brain” deb nomlangan bo‘lib, u faqat kompyuter disketlari orqali tarqalgan. Birinchi antivirus dasturi esa 1988-yilda ishlab chiqilgan.
Dasturlar zararkunandasi nima uchun “virus” deb nomlanadi?
Hech o‘ylab ko‘rganmisiz, kompyuter zararkunandalari nima uchun “kasallik” yoki “jarohat” emas, aynan “virus” deb ataladi? Buning javobi oddiy: kompyuter virusi biologik virusga o‘xshab harakatlangani uchun unga aynan shu nom berilgan. Ya’ni, biologik virus inson tanasidagi hujayralarga kirib olib, o‘zidan ko‘payadi va yonidagi boshqa hujayralarga o‘tib ularni zararlaydi. Kompyuter virusi ham xuddi shunday ishlaydi.
Eng kuchli virus
1999-yil mart oyida yaratilgan Melissa virusi shu qadar kuchli ediki, Microsoft va boshqa ko‘plab yirik kompaniyalar undan zararlanmaslik uchun pochta tizimlarini o‘chirib qo‘yishga majbur bo‘lishgan. O‘shanda virus butunlay olib tashlanmaguncha korporativ pochta serverlari umuman ishlamagan.
Virus yaratish qonuniymi?
Germaniya va Finlandiya davlatlarida virus yaratish, tarqatish qonun bilan taqiqlanadi. AQShda bo‘lsa, virus ishlari bilan shug‘ullanuvchilarning harakati noqonuniy hisoblanmaydi.
Kiberhujumlar
Kompyuter viruslari va xakerlarning soni tobora ko‘payib borayotganligi sababli, kompyuter jinoyatlarining yangi turlari paydo bo‘lmoqda. Bugungi kunda kiber jinoyatlar kiber-terrorizm, kiber-urush va kiber-tovlamachilik kabi keng qamrovli faoliyatlarni o‘z ichiga oladi.
Eng qimmat virus
2004-yili chiqqan MyDoom virusi bugungi kundagi eng qimmat virus hisoblanadi. U 38 milliard dollar zarar keltirgan. U butun dunyodagi elektron xabarlarning 25 foizini zararlagan.
Virus yuqishi
Elektron pochtani o‘qish orqali kompyuterga virus yuqmaydi. U faqat havola (ssilka)ni bosganingizda yoki zararlangan qo‘shimcha ma’lumotlarni ochganingizda faollashadi.
Viruslar soni
1990-yilga kelib taxminan 50 ga yaqin kompyuter viruslari mavjud edi. 90-yillarning oxirida esa viruslar soni keskin oshib, 48 000dan oshib ketdi. Hozirgi kunda har oy 6 000 ga yaqin yangi viruslar paydo bo‘ladi.
Antiviruslar
Tadqiqotchilar va ishlab chiquvchilarning kompyuter xavfsizligi sohasidagi sa’y-harakatlariga qaramay, hozirgi vaqtda mavjud antivirus dasturlarining hech biri kompyuterdagi barcha viruslarini aniqlay olmaydi.
Troyan virusi
Troyan viruslari kompyuter viruslarining uchta asosiy turidan biri hisoblanadi. Uning bunday nomlanishiga tarixiy voqea sabab bo‘lgan. Yunoniston tarixida askarlar yog‘och ot ichiga yashirinib, Troya shahriga kirib kelishadi (ya’ni, Troya dushmani bu otni ularga sovg‘a tariqasida jo‘natadi) va butun shahar uyquga ketganda askarlar ot ichidan chiqib kelib, hammani qirib tashlashadi.
Nozima RAHMATOVA tayyorladi
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!