Buterbrod iste’mol qilish zavqini hech narsa bilan tenglashtirib bo‘lmaydi. Uch-to‘rt xil mahsulotning bir nuqtada jam bo‘lishi ideal ta’mni keltirib chiqaradi. Sendvichlar oson tayyorlanib, yengil tamaddi qilinadi. Eng muhimi, tasavvurni ishga solib, bulochka orasiga ko‘nglingiz tusagan mahsulotni solishingiz mumkin. Quyida ana shunday rang-barang buterbrodlardan eng mazali o‘ntasi retseptini keltirib o‘tmoqchimiz. Ularning ta’miga eng mahoratli oshpazlar ham tan berishi shubhasiz.
1. Qovurilgan bodomli buterbrod
Qovurilgan bodomni blenderda maydalab, unga ozgina zaytun yog‘i, limon sharbati, limon po‘sti va shalfey ko‘katidan qo‘shing. Tayyor bo‘lgan pyureni qizartirilgan nonga surtib, ustidan parmezan pishlog‘ini qirg‘ichdan chiqarib seping. So‘ng, pishloq erishi uchun 1-2 daqiqa mikroto‘lqinli pechda isitib oling. Mazali buterbrod tayyor!
2. Nok va pishloqli buterbrod
Nonning har ikki tomoniga sariyog‘ yoki zaytun moyi surting. So‘ngra ular orasiga chedder pishlog‘idan qo‘yib, yaxshi pishgan nokning ingichka bo‘laklarini joylang. Keyin uni tovada yoki tosterda ikki tomonini qizartirib pishirib oling. Buterbrod orasidagi pishloq erib, nok bilan aralashadi va ajoyib ta’m hosil qiladi.
3. Pishloq va vetchinali qaynoq buterbrod
Ikki bo‘lak nonning har ikki tomoniga sariyog‘ yoki zaytun moyi surtasiz. So‘ng ichiga vetchina, gryuyer pishlog‘i bo‘lagini joylab, ozgina xantal surtasiz. Tayyor bo‘lgan sendvichning har ikki tomoni qizartirib olinsa, beqiyos ta’m hosil bo‘ladi.
4. Baqlajonli italyan buterbrodi
Ingichka qilib kesilgan baqlajon bo‘laklariga zaytun yog‘i, tuz va qalampir sepib, biroz tindirib qo‘yasiz. Keyin qizigan tovada toki yumshaguncha qovurib olinadi. Sovumay turib ustiga mosarella pishlog‘idan sepsangiz, u erishni boshlaydi. Non bo‘laklari orasiga baqlajonni joylab, ustidan pomidor, rayhon va qirg‘ichdan chiqarilgan qattiq pishloqdan sepasiz. Bu sendvichni yemabsiz, dunyoga kelmabsiz!
5. Kurka go‘shti va olmali burger
Kurka go‘shti qiymasiga mayda to‘g‘ralgan piyoz, kubik shaklida bo‘laklangan achchiq olma, bir nechta shalfey bargi, tuz va qalampir sepib, yaxshilab aralashtiring. Tayyor kotletlarni tovada pishirib oling. Gamburger bulochkasi orasiga salat bargidan joylab, ustiga kotletdan qo‘ying va biroz xantal surib, dasturxonga torting. Mazali burger tayyor.
6. Yong‘oqli buterbrod
Bu turdagi buterbrodni tayyorlash uchun quyidagi aralashmalardan birini tanlang. Banan-asal-bodom, avokado-yeryong‘oq, shirin kartoshka-funduk, o‘rik-bodom, nok-pista, qovurilgan lavlagi-yong‘oq. Birinchi mahsulotni biroz urib yumshatib, uni nonga qo‘ying va ustidan maydalangan yong‘oq bo‘laklarini seping. Shirinxo‘rlar uchun ajoyib buterbrod tayyor.
7. Echki suti pishlog‘i va ismaloqli kruassan
Echki sutidan tayyorlangan pishloq bo‘lagini ikkiga bo‘lingan kruassan orasiga joylashtiring. Ustiga ismaloq barglari, zaytun yong‘og‘i va qizil bulg‘or qalampirini bo‘laklarga bo‘lib, solasiz. Ta’bga ko‘ra pishirilgan kurka go‘shti yoki vetchina qo‘shish ham mumkin.
8. Kolbasa va qizil piyozli buterbrod
To‘g‘ralgan qizil piyoz halqalarini zaytun yog‘ida yengil qovurib oling. Non bo‘laklari orasiga dudlangan kolbasa bo‘lagini joylab, ustidan piyozni qo‘yasiz. Xohlaganlar biroz ketchup qo‘shib iste’mol qilishi ham mumkin.
9. Baliq va ukropli buterbrod
Javdar unidan tayyorlangan non bo‘lagi ustiga yumshoq pishloq bir tekisda surtib chiqiladi. Ustiga ozgina tuzlangan semga balig‘i va ukrop qo‘yasiz. Bu mahsulotlarni limonning bir bo‘lagi haqiqiy shedevrga aylantiradi.
10. Qovurilgan mol go‘shti va bodringli burger
Xren bargini ozgina mayonez bilan aralashtirib, non ustiga surting. Keyin qovurilgan mol go‘shti, bodring bo‘laklari, piyoz va ko‘katdan soling. Endi bay-baylab iste’mol qilish qoldi, xolos.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!