Dunyoning ko‘pgina mamlakatlarida davlat nafaqat universitetlarni qo‘llab-quvvatlaydi, talabalar ta’limi uchun pul ajratadi, balki kam sonli talabalarga mo‘ljallangan yirik stipendiya dasturlarini moliyalashtiradi. Ayniqsa, Yevropa davlatlarida katta miqdorda stipendiyalar beriladi, biroq stipendiya olish uchun shunchaki talaba bo‘lish kamlik qiladi – bunda oilaning ta’lim uchun daromadi yetarli emasligini tasdiqlash ham kerak.
Fransiyada davlat stipendiyasi
Fransuz universitetlarining aksariyati davlatga tegishli bo‘lishiga qaramay, ularda o‘qish bepul yoki nominal miqdorga teng bo‘lsa ham, Fransiyada barcha talabalar uchun mo‘ljallangan stipendiyalar mavjud emas. Shu bilan birga, Fransiya hukumati stipendiyalarni ijtimoiy mezonlar asosida belgilaydi – bunda ta’lim vazirligi taqsimlash uchun javobgar. Asosiy mezon – oila daromadlari. Ota-ona daromadiga qarab, talaba yiliga 5,5 ming yevrogacha pul oladi, shuningdek, alohida akademik muvaffaqiyatlari uchun qo‘shimcha rag‘batlantirilishi mumkin.
Bundan tashqari, mahalliy hokimiyat tomonidan qo‘shimcha pul ajratiladi – mintaqa yoki yashash joyiga qarab, talabalar kichik ijtimoiy stipendiyalarni olishlari mumkin. 2014-yilda Fransiya hukumati stipendiya dasturlariga qariyb 2 milliard yevro sarfladi va 562 ming talaba stipendiya oldi.
Germaniyada davlat stipendiyalari
Nemis tizimi fransuz tizimiga juda o‘xshash – stipendiyalar oila va talabaning daromadiga qarab belgilanadi: maksimal miqdor – oyiga 670 yevro. Biroq ushbu miqdorning yarmi qaytarib berilmaydi, yarmini talaba foizsiz ssuda sifatida oladi va bitirgandan keyin 20 yil ichida qaytaradi.
Germaniya hukumati fransuzlarning stipendiyalariga teng miqdorda – taxminan, 1,9 milliard yevro sarflaydi. 600 mingga yaqin talabaga stipendiya beradi.
Daniyada davlat stipendiyasi
Daniya stipendiya tizimi bo‘yicha nafaqat Yevropada, balki dunyodagi eng g‘amxo‘r davlatlardan biridir. Ushbu maqsadlar uchun har yili qariyb 1,4 milliard yevro sarflanadi, bu mamlakat aholisini hisobga olganda juda katta miqdorni tashkil etadi.
Har bir talaba, oilasining daromadidan qat’i nazar, 70 yevro oylik stipendiya olish huquqiga ega. Ota-onasi bilan yashashni davom ettiradiganlar alohida yashaydiganlarga qaraganda kamroq miqdorda pul oladilar. Birinchi holatda, maksimal stipendiya 380 yevro, yakka tartibda yashash uchun – 770 yevro beriladi. Ushbu to‘lovlar Daniyada yashash narxidan past bo‘lishiga qaramay, hukumat o‘z talabalariga o‘ta saxiylik bilan pul ajratadi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!