82 yil avval – 1937-yilning 21-dekabrida – Los-Anjelesdagi Carthay Circle Theatre kinoteatrida “Oppog‘oy va yetti gnom” multfilmining premyerasi bo‘lib o‘tdi. Bu Uolt Disneyning ilk to‘liq metrajli rangli multfilmi edi. O‘sha paytlari Gollivudda eng ko‘p muhokama bo‘lgan “Oppog‘oy” o‘z egasiga tanqidchilar maqtovi, “Oskar” mukofoti va bir necha millionlarni olib keldi. Oradan shuncha yil o‘tsa hamki, multfilm o‘z janridagi eng yaxshilardan hisoblanadi. “Oppog‘oy” nimasi bilan 1937-yilda tomoshabinlar hayratiga sazovor bo‘lgan edi?
1934-yildan 1937-yilgacha multfilm yaratish ustida ish borar ekan, Disney studiyasi xodimlari aka-uka Grimmlarning mashhur ertagini ekranlashtirish uchun dam olmasdan mehnat qilar, taniqli multiplikatorning barcha injiqliklarini va g‘oyalarini inobatga olardi.
Uolt Disney to‘liq metrajli multiplikatsion film ishlamoqchiligini e’lon qilganida, ko‘pchilik kinotanqidchilar, animatsiya bo‘yicha hamkasblari va hatto, uning barcha g‘oyalarini moliyalashtiruvchi tug‘ishgan akasi Roy Disney ham bu fikrni ahmoqona deb hisoblaydi va “Disneyning navbatdagi injiqligi” deb o‘ylaydi.
Personajlar ustida rassomlar ish olib borayotganida, gnomlar, jodugar va qirolicha bilan ham hech qanday muammo bo‘lmagan. Biroq hech kim Oppog‘oy va uning shahzodasi qanday ko‘rinishga ega bo‘lishini tasavvur qilolmasdi. Rassomlar ishini osonlashtirish uchun Disney bir necha aktyorlarni taklif qiladi. Animator Oppog‘oyni raqqosa Mardjori Belcherga, shahzodani esa Lyuis Xaytauerga qarab chizadi.
Multfilmga ovoz yozish jarayonida Oppog‘oy bilan muammolar paydo bo‘ldi. Uning ovozi jarangdor va biroz bolalarnikiday bo‘lishi kerak edi – Uolt Disneyning fikricha, aynan shunday ovoz Oppog‘oyning tashqi ko‘rinishiga mos kelardi. Yuzlab qizlar sinovdan o‘tkazildi, lekin hech biri o‘tolmaydi. Disneyning tushkunlikka tushgan assistenti tanish musiqa o‘qituvchisi Fvido Kazelottiga qo‘ng‘iroq qiladi va bir necha o‘quvchisini sinovga yuborishini so‘raydi. Bu gapni aytgan zahoti o‘qituvchining 19 yoshli qizi Adriana Kazelottining ovozi yangraydi. U parallel telefonda otasining suhbatini eshitib turgan va studiya xodimiga kuylab berishga qaror qilgandi. Disneyning assistenti “Mana u – bu Oppog‘oy!” deb qichqirib yuboradi. 48 kun davom etgan ovoz berish jarayoni uchun qizga 970 dollar to‘lashadi, uning ovozi esa Gollivuddagi eng taniqli ovozga aylanadi.
Boshida yettita gnom qo‘pol va jirkanch personajlar sifatida tasvirlanadi, biroq animatorlar Fred Mur, Fred Spenser va Frek Tomas ularni yoqimtoy qilib tasvirlashadi. Ularning xarakteri ustida Disney e’tibor bilan ishlagan va shuning uchun hech biri takrorlanmas xususiyatga ega.
Multfilm ustida ishlangan uch yil davomida ellikdan ortiq animator bir yarim millionga yaqin surat chizgan.
“Oppog‘oy va yetti gnom” uchun Uolt Disneyga gnomlar soniga teng ravishda yettita mitti “Oskar” haykalchasi yasaladi. Multiplikatorga ularni odatiy mukofotga qo‘shib berishadi.
Paydo bo‘lganidan bugungi kungacha “Oppog‘oy va yetti gnom” eng yaxshi asarlar reytingidan turli o‘rinlarni egallab keladi. Masalan, Amerika kinostudiyasi tomonidan 2000-yilda e’lon qilingan yigirmanchi asrning eng yaxshi 100 ta Amerika filmlari reytingida multfilm 49-o‘rinni egallagan.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!