Bolaning kun tartibi, albatta, kattalarning rejalaridan farq qiladi. Ularga havasimiz keladi. Ovqat yeyish, uxlash va o‘yin o‘ynash. Ularning “shohona hayoti” shulardan iborat bo‘ladi. Injiqliklari esa ba'zida ota-onalarni esankiratib qo‘yadi. Kechasi bolasini uxlatishda qiynalmagan ota-ona bo‘lmasa kerak. Ushbu maqola orqali internet olamida ota-onalar tomonidan tarqatilgan bolani uxlatishning eng samarali usullari bilan tanishishingiz mumkin.
“Men bolamni yig‘lab olishga qo‘yib beraman”
— deydi Sasha Emmons
“Oyijon, men uxladim”, — deb kulib qo‘ydi o‘g‘lim o‘tgan kuni tunda uni yotqizib, ustiga choyshabini yopib qo‘yyayotganimda. Men ham kuldim-u, kelayotgan 7-8 soatlarda uning ovozi umuman chiqmasligidan xotirjam tortib, chiroqni o‘chirib xonasidan chiqib ketdim.
U 5 oylik paytida esa vaziyat umuman boshqacha edi. Uni uyquga o‘rgatish uchun soatlab vaqtim ketardi. Bu pediatrimiz maslahatiga ko‘ra “yig‘lab olaqol” metodidan foydalanishni boshlagunimga qadar davom etdi. Go‘dagimni ovutib, alla aytib chiqish odatlaridan voz kechib, uzoq davom etadigan yig‘i-sig‘ilar bilan tunlarni o‘tkaza boshladim. Eshikni yopib, ertalabgacha qaytib kirmay, eshik oldida bolamning yig‘lashiga jo‘r bo‘lib, o‘zim ham ko‘z yosh qilib chiqqan kunlarim bo‘lgan. O‘shanda qo‘shnilarim meni shafqatsiz ona deb o‘ylagan bo‘lishsa kerak. Har bir ona farzandi salomatligini o‘ylaydi. Bloglar va ba'zi kitoblarda o‘qiganim uchun bu metodga jiddiy qaradim. Chaqalog‘imning yig‘lashini eshitish qanchalik og‘ir bo‘lmasin, chidadim. Men bu natija berishiga ishonardim va shunday bo‘ldi ham. Uning ko‘zi ilinib, 20 daqiqa mizg‘ib oladigan bo‘ldi va sekin-asta ko‘proq vaqt uxlashga odatlandi.
Bunday chorani ko‘rishning salbiy oqibatlari haqida ham ba'zi fikr va muqarrar taassurotlar bilan tanishib chiqqan edim. Bolaning miyasi zarar ko‘rishi, asabiy bo‘lib qolishi hamda ona va farzand o‘rtasidagi munosabatlar yomonlashishi, shular jumlasidandir. Biroq men o‘g‘limda yuqoridagi asoratlarning hech birini kuzatmadim. Ertalablari uning xonasiga kirganimda quchog‘imga otilar va shu zayilda “yarashib olar edik”. Uning o‘tgan bolalik davrini bir xayoldan o‘tkazsam, asabiylik holatlari bo‘lgan. Masalan, qandaydir o‘rmonga tushib qolgani va uning miyasini zombilari yemoqchi bo‘lgani haqida gapirib berardi. Lekin, nazarimda, bu hamma bolalarda bo‘lib turadi. U hazilkashgina, baxtli bolakay. Men uni shuncha yig‘latganim haqida hozir eslamaydi ham. Bugunga kelib u doimiy ravishda to‘yib uxlashga odatlanishida ushbu metod yordam berdi. Boshqa farzandlarimda ham, albatta, bu usulni qo‘llagan bo‘lardim.
“Men bolamning xonasida uxlardim”
— deydi Luiza Glison.
To‘rt oylik bo‘lguncha qizim karavotimiz yonidagi belanchakda uxlab yotardi. Tuni bilan tez-tez unga qarab chiqardim.
Keyinchalik u belanchak uchun katta bo‘lib qoldi. Unga alohida yotoq hozirlash va yaxshilab parvarishlash vaqti kelgan edi. Haligacha eslayman, farzandim yangi yotoqqa o‘rganishi qiyin kechgandi. Kechalari uning uyqusi uchib ketardi.
Qanchalik urinmay, uni bag‘rimga olib uxlatish odatidan ancha vaqtgacha qutulolmadim. U menga juda o‘rganib qolgani uchun alohida uxlay olmasdi.
Lekin qachondir bola o‘zi uxlashni o‘rganishi kerak-ku. Buning chorasini topishga harakat qildim. Birinchi bolam bo‘lgani uchun to‘ygunicha yig‘latish yo‘li bilan uxlatishga ko‘zim qiymadi.
U olti oylik bo‘lganida bir yo‘lini topdim. Bu ikkimizga ham ma'qul bo‘ldi. Men uning xonasiga ko‘rpa-to‘shak va yostiqlar bilan borib, yerda uxlardim. Ba'zida uning qo‘llaridan ham tutib olardim. Shunday qilib u uxlashga o‘rgandi. Uch oydan keyin esa mensiz ham uyquga ketadigan bo‘ldi. Bu turmush o‘rtog‘im bilan munosabatlarimga salbiy ta'sir ko‘rsatmadi. Yana uchta farzandli bo‘ldik.
Hozir qizim 12 yoshda. U meni tunlari chorlamay qo‘yganiga ham ancha yil bo‘ldi.
“Go‘dagimning qat'iy kun tartibi bor”
— deydi Syuzan Trin
To‘g‘risini aytsam, mening bolam qat'iy kun tartibiga rioya qiladi va shuning uchun u vaqtida uxlashga odatlangan. Bu mening buvimdan qolgan usul. Ota-onalar o‘z farzandlarining rejimlariga jiddiy qarashi kerak.
Hozirda to‘qqiz oylik bo‘lgan bolajonim ikki kunlik paytidan beri belgilangan rejimga ko‘ra uxlaydi va uyg‘onadi. Oilamizda ham kichkintoyimizning kun tartibi haqida ko‘p suhbatlashamiz va turmush o‘rtog‘imdan doim o‘rnatilgan tartibga e'tiborli bo‘lishini so‘rayman. Erkaklarga bunday masalalarni uqtirish oson emas ekan. Unga qizalog‘imiz nega uyqudan turgandan 90 daqiqa o‘tib, yana uxlashi kerakligini tushuntirish uchun ham bir necha hafta kerak bo‘ldi.
Xo‘sh, bu rejim nimaga, kimlarning fikr va mulohazalari-yu xulosalariga asoslanib tuzilgan edi? Homiladorlik paytimda bir kuni kutubxonaga borib, ota-onalar uchun mo‘ljallangan kitoblarni varaqlab, ko‘z yugirtirib chiqqan edim. Undan tashqari, pediatr shifokorimiz ham bola salomatligi uchun kerakli ma'lumotlar jamlangan buklet va yo‘riqnomalarni bergandi. Shulardan kelib chiqib, farzandim uchun rejim ishlab chiqdim.
Albatta, kun tartibini hali hech narsani tushunmaydigan “kichkina odam” bilan hayotga tatbiq etish muammolarsiz kechmadi. Boshida uni uxlatish uchun ko‘p vaqt sarfladim, ammo juda yosh paytidan uxlab o‘rgangan bolamga ma'lum davrda uyquga ketish odat tusiga kirib qoldi.
Bunday metoddan foydalanishni istagan ota-onalarga, albatta, shifokor bilan maslahatishlarini tavsiya etaman. Chunki bu bolaning o‘ziga ham bog‘liq bo‘lishi mumkin. Shuni ham aytib o‘tishim kerakki, kun tartibini yo‘lga qo‘yib olish sekin-astalik bilan bo‘ladi. Masalan, uni kechqurun 7dan ertalab 7gacha uxlashga o‘rgatish uchun uch oy ketdi. Qiynalgan bo‘lsamda, endi bolam sog‘lom turmush tarziga rioya qilayapti. O‘zim esa kechqurun biroz serial ko‘rishim, internetda maqolalar o‘qib chiqishim mumkin. Bolam intizomga o‘rgandi. Men esa baxtliman. Afsuski, aksariyat yosh ota-onalar bu usuldan foydalanishmaydi. Ularga, albatta, harakat qilib ko‘rishni tavsiya etaman. Chunki bu ozgina qiyinchiliklaringiz oldida hech narsa emas.
“Men bolamni yotog‘imda birga olib yotardim”
— deydi Loren Ferranti-Ballem
Menga bir hamkasbim jonini kuydirib bolani emizish to‘g‘risida maslahatlar bergan edi. Bolani qanday bag‘rimga bosishim kerakligini tushuntirgan tanishim ba'zi bolalar faqat onasi bag‘rida uxlashini aytgandi.
Boshida buni aqlimga sig‘dira olmadim. Ovqatlanish paytida uyquga ketish biroz erish tuyulgandi. Anchadan beri kechgacha uxlamay, meni qiynayotgan va bir paytning o‘zida o‘zi ham qiynalayotgan bolaginam uchun bu usulni sinab ko‘rishga qaror qildim.
Yangi tug‘ilgan chaqaloqni avaylaysiz, albatta. Yonimda olib yotishga qaror qilganimdan keyin uning xavfsizligi choralarini ko‘rdim. Uni yotoq o‘rtasiga joylashtirib, bag‘rimga bosib, narigi tomonini yostiq bilan to‘sib ko‘yardim. Ayta olamanki, bu borada tez til topishdik. Boshqa tomondan tunlari uni ko‘kragim bilan boqib chiqish uchun o‘rnimdan turishim talab etilmasdi.
O‘sha paytlar juda yoqimli edi. Tunlari pinjimga kirib olishi, uning muattar ifori, yumshoqligi va iliqligi, uning uxlashini tomosha qilib chiqishlarim, ertalab esa turaymi, turmaymi deb uyg‘onishi va yaxshigina orom olgan odam bo‘lib jilmayishi. Bularning bari qizim bilan birga yotadigan davrlardan esdalik bo‘lib qolgan.
Sakkiz oy o‘tgach esa qizalog‘im injiqlik qila boshladi. Uxlamay, meni bezor qilib chiqadigan bo‘ldi. Shunda tushundimki, endi hammaning o‘z yotog‘i bo‘lishi kerak ekan. Hozir esa u o‘z joyida uxlaydi, ko‘pincha uni sog‘inaman. U ham. Kechqurunlari eshigimni ochib, yonimga kelib yotsa, unga hech ham qarshilik qilmayman.
Mutaxassislarning fikricha, uyquga ketishga qiynaladigan bolalar uchun yuqoridagi tavsiyalar ayni muddao bo‘ladi. Bolaning to‘g‘ri uxlashi turli kasalliklarning oldini oladi va uning sog‘lom va baqquvat bo‘lib o‘sishini ta'minlaydi.
Bizning ayollar, bizning onalarning ham bu borada ulkan tajribalari bor. Ular farzand tug‘ilib, to voyaga yetgunga qadar bo‘lgan davrga alohida qarashadi. Milliy ana'nalar zamirida shakllangan tajriba, bolaning kelajakda yetuk inson bo‘lib, kamol topishida katta xizmat qiladi.
Misol qilib, alla aytishni olaylik. Avvalo, beshik tepasida bolasini tebratib, alla aytayotgan onadek go‘zal manzarani hech qayerda uchratmaysiz. Alla shunday ohangda aytiladiki, bu bolaning tinchlanishi va shuning bilan birga onaning charchoqlari chiqib ketishiga turtki bo‘ladi. Alla aytib, bolani uxlatish ham eng samarali va foydali usullardan biridir.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!