Ekzema – juda koʻp uchraydigan teri kasalliklaridan biri. Ushbu kasallik kuchli qichishish va qizarishni keltirib chiqaradi. Kasallikka doir keng tarqalgan savollarga oliy toifali dermatolog-kosmetolog Yusupova Sapargul Abdiqodirovna javob beradi.
- Ekzema qanday kasallik hisoblanadi?
- Ekzema – terining surunkali kasalliklaridan biri boʻlib, vaqti-vaqti bilan qaytalanib turadi. U terida toshmalar paydo boʻlishi bilan sifatlanadi. Bu toshmalar asosan qoʻl, kaft, barmoqlar, bilak, oyoqning boldir va panja sohalarida paydo boʻlishi mumkin.
- Ekzemaning kelib chiqish sabablari qanday?
- Ekzema kasalligi autoimmun sabablarga ko'ra paydo boʻlishi mumkin. Shuningdek, ushbu kasallikning nasldan naslga oʻtish holatlari ham uchraydi. Ekzema kasalligi tashqi taʼsirlar bilan bir qatorda ichki taʼsirlar natijasida ham paydo boʻladi.
- Ekzemani uy sharoitida davolash mumkinmi?
- Ekzemani uyda, ambulator sharoitda davolash imkoni bor. Kasallikning oʻtkir holatida statsionarda yotib davolansa, nur ustiga aʼlo nur boʻladi. Baʼzan statsionarda davolanishga bemorning holati va sharoiti imkon bermaydi. Bunday vaziyatda ambulator holatda davolanish uchun kerakli muolajalar yozib beriladi. Ularga qarab uy sharoitida barcha muolajalarni amalga oshirish mumkin boʻladi.
- Bu kasallikni shifokor koʻrigisiz, mustaqil ravishda davolasa boʻladimi?
- Yoʻq, ushbu kasallikni mustaqil ravishda davolashni maslahat bermayman. Eng avvalo, ekzema kasalligida terida kuchli yalligʻlanish jarayoni kuzatiladi. Bu vaqtda kasallikning oldini olish uchun antiseptik bogʻlamlar, hoʻllash muolajasini tavsiya qilinadi. Bemor kasallikni mustaqil ravishda davolashga urinadigan boʻlsa, uning birgina notoʻgʻri harakati kasallikning yana ham kuchayib ketishiga, toshma ustiga ikkilamchi infeksiyalar – piodermiya, streptokokk, stafilokokkning tushishi natijasida ularning yanada ogʻirlashishiga sabab boʻlib qolishi mumkin.
- Ekzema davolash muolajasidan keyin butunlay yoʻq boʻlib ketadimi?
- Agar organizmda ichki kasalliklar, oshqozon-ichak traktida biror muammo, kolit, surunkali gastrit kasalliklari boʻlmasa, bemor hadeganda asabiylashavermasa, organizm butunlay sogʻlom holatda boʻlsa, kasallik keyinchalik qaytalamasligi mumkin.
Yuqoridagi maslahatlar tavsiyaviy xarakterga ega boʻlib, kasallik belgilari paydo boʻlganda shifokor koʻrigidan oʻtish lozim.
Har bir inson organizmi oʻziga xos ekanligini unutmang!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!