Oshpazlik qadimiy kasblardan biri. Birinchi oshpazlar Qadimgi Misr zodagonlari uchun taom tayyorlagan. O‘sha vaqtlardan to hozirga qadar, oshpazlik haqida juda ko‘p ajoyib faktlar to‘plangan.
Quyida ulardan ba’zilarini keltiramiz.
1. Dori o‘rnidagi buterbrod
Menyumizdagi ko‘plab taomlar tasodifan paydo bo‘lgan. Barcha sevib iste’mol qiladigan sariyog‘li non ham tasodif sabab, mashhurlikka erishgan. Bilasizki, Nikolay Kopernik astronom va olim sifatida olamga mashhur. Ammo u bir vaqtning o‘zida tibbiyotni ham o‘rgangan. U Olshtin qal’asining komendanti bo‘lganida qal’aga ko‘p bora Tevton ritsorlari hujum qilgan. Shu vaqtlarda qasrdagi qamallardan birida noma’lum kasallik epidemiyasi tarqala boshlagan. Kopernik, haqiqiy olim sifatida kasallikning sabablarini aniqlashga qaror qilgan. Natijada, u, qal’a himoyachilarining yerga tushgan nonni iste’mol qilganliklari sabab infeksiya tarqalayotganini aniqlaydi. Yechim sifatida nonni yog‘lash g‘oyasini ilgari suradi, chunki sariyog‘ surilgan non yerga tushsa, unga yuqqan har qanday kir izlar bilinib turgan. Shundan so‘ng, infeksiyaning qal’a bo‘ylab tarqalishi to‘xtagan va sariyog‘li non butun olamga mashhur bo‘lgan.
2. Oshpazlik va adabiyot
Ko‘plab yozuvchilar retseptlar to‘plamini tuzishda o‘zlarini sinab ko‘rishgan. Masalan, buyuk romanlar muallifi Aleksandr Dyuma sarguzasht va sayohat haqidagi kitoblarni yozish bilan birga, 800 ta mahsulotni o‘z ichiga olgan birinchi “Buyuk oshxona lug‘ati”ni tuzgan.
Shuningdek, oshpazlik she’riyati ham mavjud. XIX asrda Gretsiya qirolining saroyidagi fransuz oshpazi Axill Ozann she’riy kitoblar yozgan. “Piyoz halqalarini asta-sekin qovuring, shunda u qorayib ketmay, oltin rangga kiradi” – she’rlarda turli ovqatlarning tayyorlanish uslubi shu tarzda yozilgan.
3. Oshpazlar maktabi
Birinchi oshpazlik maktablari miloddan avvalgi 400-yillarda Qadimgi Rimda oshpaz Apitsi tashabbusi bilan paydo bo‘lgan. O‘sha kunlardan boshlab oshpazlik san’ati katta cho‘qqilarni zabt etgan.
Zamonaviy oshpazlik maktabi XIX asrdan boshlab rivojlana boshladi. Birinchi oshpazlik kurslari Angliyada paydo bo‘lgan. Keyinchalik, Fransiya ham bu sohani rivojlantirishga kirishgan. U yerda oshpazlar chinakam mahoratli bo‘lishlari uchun 6-7 yoshdan boshlab o‘qitilishi kerak bo‘lgan.
4. Restoranlar
“Restoran” so‘zining ildizi fransuzlarga borib taqaladi. Bu so‘z 1782-yilda Parijda paydo bo‘lgan. Mazkur so‘zni ikki xil tarjima qilish mumkin: “qayta tug‘ilish” va “o‘zini yaxshi his qilish”. “Restoran” so‘zini birinchi bo‘lib oshpaz Antuan Bovil ishlatgan. U o‘zining oshxonasiga mazkur so‘z yozilgan peshtaxtani osib qo‘yadi va mehmonlarga o‘ziga xos menyu taklif qila boshlaydi.
Agar, dunyodagi eng birinchi restoran Yevropada paydo bo‘lgan deb o‘ylasangiz qattiq adashasiz. Restoran tarmog‘i zanjirining rivojlanishi qadimgi Xitoyga borib taqaladi. 1153-yilda mamlakatning eng qadimgi restorani ochilgan bo‘lib, uning nomi “Ma Yu Chingdan chelak tovug‘i” deb tarjima qilinadi. U urushlardan va zarbalardan omon qolib uzoq yillar davomida mehmonlarga non va qovrilgan tovuq taklif qilgan. Yevropada eng qadimgi restoran Madrid markazida ochilgan. “Sobrino de Botin” deb nom olgan mazkur restoran 1725-yildan buyon mehmonlarga xizmat ko‘rsatadi.
5. Ayol va erkak oshpazlar
Eng yaxshi oshpazlar erkaklar, degan fikr juda keng tarqalgan. Ko‘pgina mutaxassislar buni turli xil holatlar bilan izohlaydi. Ayollar qo‘lining harorati erkaklarnikiga qaraganda ikki daraja yuqori ekani fanda isbotlangan. Shuning uchun, Yaponiyada ayollarga sushi va pishiriqlar tayyorlashga ruxsat berilmaydi.
Ammo bularning hech biri erkaklar va ayollarning oshpazlik kasbida teng ravishda katta natijalarga erishishiga to‘sqinlik qilmaydi. Ann-Sofi Pik oshpazlar sulolasining merosxo‘ri Maison Pic 1997-yilda restoran boshqaruvini o‘z zimmasiga oladi va 2007-yilda restoran uchinchi “Mishlen” yulduzini qo‘lga kiritadi. 2011-yilda Ann-Sofi “Dunyodagi eng yaxshi ayol oshpaz” unvonini olgan. Nyu-Yorkdagi mashhur restoran tarmog‘ining bosh oshpazi Eypril Blumfild ham 10 yil davomida “Mishlen” yulduziga egalik qilgan.
Ammo Pol Bokyuz eng taniqli oshpaz sifatida tan olingan. U keksa oshpazlar sulolasidan chiqqan bo‘lib, uchta “Mishlen” yulduzining egasi hisoblanadi. 1989-yilda u “Asr bosh oshpazi” unvonini olgan.
6. Eng qiyin kasb
Yaqinda Fransiyada eng qiyin kasblar haqidagi hisobot maqola chop etildi. Unda birinchi o‘rin oshpazlik kasbiga nasib qildi. Mazkur kasb yuqori darajadagi stress, mehnatning yuqori zichligi, shovqin va yoqimsiz hidlar, noqulay ish jadvali bilan ajralib turishi tan olindi.
7. Kelajak oshpazligi
Texnologiya rivojlanishdan to‘xtmaydi. Yaqinda olimlar Solid Freeform Fabrication deb nomlanuvchi oziq-ovqat mahsulotlarini chop etish texnologiyasini yaratishdi. Ushbu texnologiyaning imkoniyatlari juda keng. Odamlar 3D printerda shokolad, pishloq, har xil turdagi kartoshka pyuresini chop etishni boshlab yuborishgan. Ba’zi restoranlar, allaqachon, o‘z mijozlariga 3D printerda tayyorlangan taomlar menyusini taklif qilishni boshlashgan. Kelajakda oziq-ovqat mahsulotlarini bosib chiqarish oshpazlik sanoatini tubdan o‘zgartirib yuborishi mumkin.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!