Dunyodagi barcha odamlarning 10 foizi chapaqay insonlar hisoblanadi. Olimlar kishilar nega o‘ng yoki chap qo‘lni ishlatishlarini izohlashga juda qiynalishadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, qo‘l harakatini bosh miyaning yuza qismida joylashgan harakat tizimini nazorat qiluvchi qobiq boshqaradi. Tananing chap tomonini miyaning o‘ng yarimshari, o‘ng tomonini esa chap yarimshari boshqaradi. Sizda miyaning qaysi yarimshari yaxshiroq ishlayotganini MRT apparatida neyronlar faolligiga qarab aniqlash mumkin.
Avvalroq chapaqay insonlarning yarim sharlari faolligi almashib qolgan, deb taxmin qilinardi. Ammo bu mutlaqo to‘g‘ri fikr emas. O‘naqaylarning 96 foizida nutq markazi va qo‘l harakatlarini boshqarish markazi chap yarimsharida joylashgan. Biroq chapaqaylarning nutq markazi istalgan joyda, 70 foizi chap yarimsharda, 15 foizi o‘ng yarimsharda, qolganlari esa ikkita yarimsharga tartibsiz ravishda sochilib yotgan bo‘lishi ham mumkin ekan. Bir nazariyaga ko‘ra, chap yarimshardagi nutq markazi o‘ng qo‘lli ajdodlarimizning imo-ishora evolyutsiyasi asosida rivojlangan.
Chapaqay erkaklar chapaqay ayollardan ko‘proq
Erkaklarning 13 foizi, ayollarning esa 11 foizi chapaqay hisoblanadi. Ona chapaqay bo‘lgan oilada ko‘pincha chapaqay farzand tug‘iladi. Bunga sabab rivojlanishning ilk yillarida bola onaning harakatlariga taqlid qilib chapaqay bo‘lishi mumkin.
Tadqiqotchilar insonning qaysi qo‘ldan foydalanishi jinsiga bog‘liqmi-yo‘qmi ekanligini o‘rganishga kirishdilar. Biroq buni aniqlashning imkoni bo‘lmadi. Chapaqaylik rivojlanishiga jinsiy gormonlar: androgen testosteron va digidrotestosteronlar ta’sir ko‘rsatishi taxmin qilinmoqda.
Chapaqaylar dunyoni boshqacha qabul qiladi
Chapaqay hamda o‘naqay insonlar dunyoni turlicha qabul qiladi, degan nazariya olimlar tomonidan ilgari surilgan. Buni bir tajriba yordamida aniqlab ko‘rishdi. Mutaxassislar ko‘ngillilarga ikkita quti berib, yonlariga bir qancha hayvon shakllarini uyib qo‘yishdi. Va yoqtirgan hayvonlarini qutilardan biriga solishni buyurishdi. Chapaqaylar yoqtirgan hayvonlarini chap tomondagi qutiga solishdi, o‘naqaylar esa o‘ng tomonida turgan qutiga solishdi. Demak, chapaqaylarning chap yarimshari chiroyli hislar bilan bog‘liq, o‘naqaylarning esa o‘ng yarimshari.
Chapaqaylarni majburlab o‘ng qo‘lga o‘rgatish kerak emas
Avvallari chapaqaylarni qo‘llariga chizg‘ich bilan urib, o‘ng qo‘lda yozishga o‘rgatishar edi. Oqibatda bolaning dastxati juda xunuk bo‘lib chiqar, yetakchi qo‘lning o‘zgarishi turli salbiy oqibatlarni keltirib chiqarardi. Hozirgi kunda bu kabi majburlash ancha kamaygan.
Chapaqaylarni to‘g‘rilashga urinish ayanchli oqibatni keltirib chiqarishi mumkin. Birinchi navbatda nutq faoliyati buzilishi, duduqlanish kelib chiqadi. Chapaqay bolani majburlab o‘ng qo‘lda yozishga o‘rgatish jiddiy ruhiy muammolarni keltirib chiqaradi.
Agar ishlab turgan qo‘l zararlangan taqdirda chapaqay o‘naqay, o‘naqay chapaqayga aylanishi mumkin. Kattalar bunga o‘rganishlari uchun esa biroz ko‘proq vaqt ketadi. Olti yoshgacha bo‘lgan bolalar ko‘pincha ikkala qo‘lini ham birdek ishlata oladi.
Chapaqaylar o‘naqaylarga qaraganda iste’dodliroqmi?
Tadqiqotlar natijasida chapaqaylarning o‘naqaylarga qaraganda iste’dodli bo‘lishi o‘z isbotini topgan. Masalan, ijodiy faoliyat, san’at, musiqa, arxitektura sohasida ishlaydigan chapaqaylar o‘naqaylarga qaraganda 10 foizga ko‘proq. Chapaqaylarning bunday kreativligini ularning miyasi nosimmetrik ekanligi bilan izohlash mumkin. Ular har ikki yarimsharini birdaniga ishlata oladi. Biroq ushbu nazariya ilmiy nuqtai nazardan to‘liq isbotlanmagan.
Chapaqaylik gen orqali o‘tadimi?
Ikkalasi ham chapaqay bo‘lgan ota-onadan 37 foiz holatda chapaqay bolalar tug‘ilishi mumkin. Agar ota-onasidan biri chapaqay bo‘lsa, unda bolasining chapaqay bo‘lish holati 22 foizni tashkil qiladi. 80 foiz holatda egizaklar yoki chapaqay, yoki o‘naqay bo‘lishadi. Ulardan birining chapaqay bo‘lish ehtimoli 20 foizga teng. Olimlar chapaqay va o‘naqaylik 25 foiz holatda gen orqali o‘tadi, 75 foiz holatda esa atrof-muhit ta’siriga bog‘liq bo‘lishini isbotlashgan.
Muhim faktlar
• Chapaqaylar o‘naqaylarga qaraganda 9 yil kam umr ko‘radi
1991-yil olimlar tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlar natijasida chapaqaylar o‘ng qo‘lda yozadiganlarga qaraganda o‘rtacha 9 yil kamroq umr ko‘rishi ma’lum bo‘ldi. Ularning o‘limiga o‘ng qo‘lda ishlaydiganlar uchun mo‘ljallab chiqarilgan asbob-uskunalar bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar zomin bo‘larkan. Shuningdek, chapaqaylar orasida ruhiy holati barqaror bo‘lmagani bois o‘z joniga qasd qilish hollari ham tez-tez uchrab turadi.
• 13-avgust – xalqaro chapaqaylar kuni sifatida keng nishonlanadi.
• Chapaqaylar asrlar o‘tgani sari kamayib bormoqda. Tosh asrida ular butun insoniyatning 50 foizini tashkil qilgandi, bronza asrida esa – 25 foiz, hozirda esa bor-yo‘g‘i 5 foiz qolgan. Har yili 2500 nafar chapaqay baxtsiz hodisa oqibatida halok bo‘ladi.
• Chapaqaylar o‘z tengqurlariga qaraganda qaysarroq bo‘lishadi.
• Ko‘pchilik chapaqaylar musiqiy qobiliyatga ega bo‘ladi.
• Chapaqaylar tengdoshlariga nisbatan kechroq gapiradi. Ular ayrim tovushlarni talaffuz eta olmasligi mumkin.
• Tibbiyotda “orttirilgan chapaqaylik” termini mavjud. Hayotining ma’lum davrida o‘ng qo‘li shikastlangan kishilar chap qo‘ldan foydalanishga majbur bo‘lishadi. Shu tariqa chapaqaylik odatga aylanib qolishi mumkin.
• Chapaqaylar ko‘pincha artist, rassom, yozuvchi, bokschi, qilichbozlik va suzish kabi kasb va sport turi bilan shug‘ullanishadi.
• Boks tarixidagi 40 foiz oltin medalni chapaqay bokschilar qo‘lga kiritgan.
• Kollejni bitirgan chapaqay yigitlar tengqurlariga qaraganda 15 foiz boyroq yashaydi. Oliy o‘quv yurtlarini bitirgan chapaqay erkaklar esa o‘naqaylardan 26 foizga badavlat yashaydi.
• Agar ayol 40 yoshdan oshib homilador bo‘lsa, undan tug‘ilgan bolaning chapaqay bo‘lish ehtimoli 130 foizni tashkil etadi.
• Chapaqaylik avloddan-avlodga o‘tishi ham mumkin. Buyuk Britaniya qirollik oilasidan Qirolicha Yelizaveta II, shahzoda Charlz hamda shahzoda Uilyamlarda chapaqaylik kuzatilgan.
• Ayrim olimlar chapaqaylar ona qornida egizagi bilan paydo bo‘lganini ta’kidlashadi. Ma’lum vaqtga kelib egizagi nobud bo‘lgach, “yo‘qolgan egizak” fenomeni yuzaga kelgan.
• Dunyodagi 29 astronavtning yettitasi chapaqay insonlar.
Chapaqay mashhurlar
Chapaqaylar juda iste’dodli bo‘lishlarini yuqorida ta’kidlab o‘tgandik. Ular orasida mashhur insonlar juda ko‘p. Quyida ular bilan tanishing.
Siyosatchi va jangchilar:
Napoleon Bonapart,
Uinston Cherchill,
Mahatma Gandi.
Shuningdek, Gay Yuliy Syezar, Aleksandr Makedonskiy, Tiberiy, Janna D’Ark, Buyuk Karl, Otto Bismark, Benjamin Franklin, Ronald Reygan, кatta Jorj Bush, Bill Klinton, Fidel Kastro, Binyamin Netanyaxu, Kollin Pauel, Albert Gor, qirolicha Viktoriya, Barak Obama.
Olim va biznesmenlar:
Albert Eynshteyn,
Isaak Nyuton,
Bill Geyts.
Shuningdek, Nikola Tesla, fiziolog Pavlov, Genri Ford, Rokfeller, Garri Kasparov, Neyl Armstrong.
Rassomlar:
Leonardo da Vinchi, F
Pablo Pikasso,
Piter Paul Rubens.
Shuningdek, Rafael (Raffaello Santi), Mikelanjelo, Albrext Dyurer, Ogyust Roden, Anri Tuluz-Lotrek.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!