O‘zbekiston delegatsiyasi 2019-yil 2-7-dekabrda Yaponida safarda bo‘lib, ushbu mamlakatning atom elektrostansiyalaridan foydalanish bo‘yicha tajribasini, shuningdek “Fukusima-1” AESdagi avariya oqibatlarini bataraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralarni o‘rganmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligining matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, delegatsiya tarkibiga Energetika vazirligi, “O‘zatom” agentligi, Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi, Davlat ekologiya qo‘mitasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va FVV vakillari kirgan.
Yaponiyaning yadro infratuzilmasi va energetikasi obyektlari bilan tanishish davomida O‘zbekiston delegatsiyasi Toshiba Energy Systems & Solutions Corporation (TESS) korporatsiyasi tarkibiga kiruvchi Toshiba Keihin Factory zavodida bo‘ldi hamda issiqliq va atom elektrostansiyalari uchun asosiy texnologik uskunalarni ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi.
Delegatsiya “Fukusima-1”ning avariya sabablarini o‘rgandi
Shuningdek delegatsiya a’zolari bevosita 2011-yilda sunami tufayli avariya sodir bo‘lgan “Fukusima-1” AES bilan tanishdi. Atom elektrostansiyasi vakili avariya sabablari hamda Yaponiyaning mas’ul tuzilmalari va tashkilotlari tomonidan uning oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar haqida batafsil so‘zlab berdi.
Yaponiyadagi barcha AES lar kuchli zilzilaga dosh berdi hamda atom elektrostansiyalarining avariyaga qarshi himoyasi, avariyaga qarshi tizimdan foydalangan holda barcha stansiyalarning xavfsiz to‘xtatilishi amalga oshirildi.
2011-yilda “Fukusima-1” AES da sodir bo‘lgan avariya tufayli Yaponiyadagi ko‘plab AES lar xavfsizlik tizimlarini yangi talablar va standartlarga moslashtirish maqsadida to‘xtatildi. Ularni joriy etishdan maqsad AES larning zilzilaga va sunamiga bardoshliligini oshirishdan iborat. 2015-yildan boshlab, yangi xavfsizlik talablariga javob beradigan AES lar ishga tushirila boshlandi.
“Chiqindi yadro yoqilg‘isi” borasidagi tajriba ham o‘rganildi
Delegatsiya vakillari, shuningdek ishlatilgan yadro yoqilg‘isi va yadroviy materiallar omborxonalariga bordi. U yerda ishlatilgan yadro yoqilg‘isi va yadroviy materiallar omborxonalari atrof-muhitga va unga tutash hududlarga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi aniqlandi.
O‘zbekiston vakillari shuningdek JAPC kompaniyasining “Suruga” AES ga ham bordi. U yerda xavfsizlik talablarini yangi talablarga moslashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan tadbirlar bilan tanishdi. Hozirgi paytda ushbu stansiyaning ikkinchi energoblokini qayta ishga tushirishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Yaponiya tomoni ma’lumotiga ko‘ra ushbu tadbir kelgusi yilning birinchi choragida ishga tushiriladi. Bu yerda o‘zbek delegatsiyasi a’zolari ushbu AES qoshidagi avariyaga javob choralarini ko‘rish bo‘yicha o‘quv-mashq markazida ham bo‘ldi va uning faoliyati bilan tanishdi.
“Fukusima” halokatiga qadar 54ta atom reaktori faoliyat olib borgan
Shuni ta’kidlash kerakki, “Fukusima” AES dagi halokatgacha (2011, mart), Yaponiyada 54 ta faoliyat ko‘rsatayotgan atom reaktori mavjud edi (Fransiya va AQSh dan keyin uchinchi o‘rin, Osiyoda birinchi o‘rin). Yaponiya AES mamlakat eletr energiyasining 30 foizga yaqin qismini ishlab chiqargan. Hozirgi paytda beshta AES da 9 ta reaktor ishlatilmoqda, qolgan reaktorlar modernizasiya va qayta ishga tushirish bosqichida. Bu ishlar Yaponiya hukumatining energetika tizimini rivojlantirish bo‘yicha rejalari bilan ko‘zda tutilgan.
Barcha masalalar bo‘yicha tajriba, foydalanish va ma’lumotlar bilan almashish bajarilmoqda, shu jumladan xodimlarni kasbga tayyorlash va attestatsiyasi o‘tkazilmoqda.
O‘zbekiston delegasiyasining Yaponiyaga safari davom etmoqda.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!