Onasining ortidan hech qolmaydigan, qayerga borsa ergashib yuradigan bolalarni hech kuzatganmisiz? Bolaning bunday bo‘lib qolishiga uning o‘z onasiga o‘rganib qolishi yoki yolg‘izlikdan qo‘rqishi sabab bo‘ladimi? Bunday bolani qandy qilib mustaqil bo‘lishga o‘rgatish mumkin?
Me’yoriy holat qachonki...
Yolg‘izlikdan qo‘rqish hissi odatda bolaning 6-8 oyligida paydo bo‘ladi va ma’lum muddat o‘tib o‘z-o‘zidan yo‘qolib ketadi. Ba’zi bolajonlarda esa bu hissiyot o‘tib ketmaydi va u onasining “dumcha”siga aylanib qoladi. Ayniqsa, kun bo‘yi onasi bilan vaqtini o‘tkazishga ko‘nikkan bolalarda bu holat ko‘p kuzatiladi. Bolaga yetarlicha e’tibor, mehr-muhabbat berish tufayli u atrofdagilarga qattiq bog‘lanib qoladi. Bu holat 3-4 yoshlargacha kuzatiladi. 3-4 yoshlardan keyin bola ruhiyati yaqin insonlarsiz mustaqil yurishga ko‘nika boshlaydi va ko‘chada tengqurlari bilan o‘ynaydi, ovunadi.
Yolg‘izlikdan qo‘rqish, doim onasining orqasidan ergashib yurish, onasisiz uxlay olmaslik kabi belgilar ko‘pincha bolalar nevrozida kuzatiladi. Bolalarda nevroz muayyan holatlarda, onasi uzoqroqqa ketgan vaqtda yoki onasisiz uxlaganda, bir o‘zi ovqatlanganida yuzaga kelishi mumkin. Tadqiqotlarga ko‘ra, farzandidagi bu holat ayolning homiladorlik vaqtidagi xatti-harakatlari ham sabab bo‘lishi mumkin ekan.
Ya’ni, homiladorlikda ayol ko‘p ishlagan yoki nimadandir kuchli tashvishlangan bo‘lsa ham bolada yuqoridagi alomatlar paydo bo‘lishi mumkin ekan. Psixologlarning ta’kidlashlaricha, bolani majburlab yolg‘iz qolishga o‘rgatish uning ruhiy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bu aksincha bolani qo‘rqoq qilib qo‘yishi mumkin ekan.
Nima qilish mumkin?
Bunday bolajonlarni mustaqil harakatlanishga o‘rgatish uchun juda e’tiborli bo‘lish talab etiladi. Avvalo, bolaga uni yolg‘iz emasligini, yordamga muhtoj paytida onasi yetib kelishini tushuntirish, anglatish lozim.
Ikkinchi tomondan farzandingizga mustaqil harakatlanishning ham ijobiy tomonlari borligini tushuntirishga harakat qiling. Kichkintoyga yonida onasi yo‘q vaqtida bemalol istagan o‘yinchog‘i bilan o‘ynashi mumkinligini, istagan kitobchasidagi suratlarni tomosha qilishi mumkinligini tushuntirishga urinib ko‘ring.
Uni sekin-asta mustaqil harakatlanishga o‘rgating. Avvaliga bir necha daqiqaga yolg‘iz qoldiring. Agar farzandingiz ozgina fursatga o‘zi yolg‘iz o‘tira olsa yoki mustaqil o‘zi ovqatlana olsa uni, albatta, olqishlang, maqtang. Negaki, bu holat bolaning o‘zidagi ishonchini yana-da mustahkamlashga, xavfsizlikni his qilishga va har qanday qiyinchilikni o‘zi yenga olishga o‘rgatadi.
Ba’zida onadagi xavotirli holat farzandiga ko‘chishi sabab, u onasidan ayrilgisi kelmay qoladi. Bunda avvalo kattalar o‘z xatti-harakatlarini nazorat qilishga harakat qilishlari lozim. Nagaki, bolalar kichik psixologlar bo‘lib, ota-onasidagi har qanday o‘zgarishni darhol sezadilar.
Qolaversa, bola kun tartibini to‘g‘ri rejalashtirish, ko‘proq tengqurlari bilan o‘ynashi ham qo‘rquvni yengishga ko‘maklashishi mumkin. Bolangizni bog‘chaga joylashtirish ham mavjud muammoning yechimi bo‘lishi mumkin.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!