Mashhur blogerlar Instagramda matnlar yozib, rasm va videolar olib postlar joylashtirishadi va bu orqali yaxshigina pul ishlab olishlari ham mumkin. Qanday qilib auditoriyani kengaytirish va doimiy faollikka erishish mumkin? Quyida shu haqida birqancha ma’lumotlarni keltirib o‘tamiz. Agar ushbu maslahatlarga amal qilsangiz muvaffaqiyatga erishishingiz kafolatlangan.
Shunchaki boshlang
Blog yuritishni boshlashni ortga suraverganlari sababli ham anchagina yaxshi blogerlar hali muvaffaqiyatga erishib ulgurmadi. Ishoning: blog yuritishni boshlash uchun eng yaxshi vaqt hech qachon kelmaydi. Eng yaxshi vaqt aynan hozir, shu daqiqalar. Shuning o‘zi hozirdan ishga kirishishingizga sabab bo‘la olmaydimi?
O‘z yo‘nalishingizni toping
Har xil mavzulardagi blog unchalik ham mashhur emas. Avvalambor o‘zingizning kuchli taraflaringizni aniqlab oling va aynan o‘sha mavzuga bor e’tiboringizni qarating.
Harakatlar rejasini tuzib oling
Vaziyatdan kelib chiqib bir narsalar yozishingiz – bu yaxshi albatta, ammo aniq reja undan ham yaxshi. Bu siz hozirda maqsadga eltadigan yo‘lning qaysi bosqichida ekaningizni ko‘rishga yordam beradi.
Rasm va videolarning sifatiga e’tibor qarating
Instagram xuddi avvalgidek hozir ham vizual ijtimoiy tarmoq hisoblanadi. Shuning uchun ham yozayotgan narsangiz qanchalik qiziqarli bo‘lmasin, unga mos tarzda auditoriyani o‘ziga jalb qila oladigan sifatli rasm ham joylashingiz kerak bo‘ladi.
Yozishni unutib qo‘ymang
Agar chiroyli rasmlar odamlarni o‘ziga jalb qila olsa, yozayotgan matningiz esa auditoriyani o‘zingizda saqlab qolish uchun xizmat qiladi. Yoza olmasangiz buni qo‘rqinchli joyi yo‘q. Shunchaki yozishni boshlang. Kundan-kunga yozish mahoratingiz ortib boraveradi.
Shaxsiy hayotingiz haqida ham ma’lumot bering
Auditoriyani ushlab turish va o‘zingiz haqingizda yaxshi taassurot qoldirish uchun ham, kunlik shaxsiy hayotingizdan parchalarni ko‘rsatib boring. Aynan kim yoki nima haqida ma’lumot berishingiz muhim emas, kimdirlar turmush o‘rtog‘i yoki farzandlari, kimdirlar esa o‘zi haqida gapirishni yoqtirmaydi. Ammo auditoriya bilan muloqotda bo‘lib turish va kuzatuvchilaringizning sahifangizga kirishlari odat bo‘lib qolishi uchun ham hayotingizdagi chiroyli va qiziqarli lahzalarni ular bilan bo‘lishib turing.
Reklamadan foydalaning
Reklamasiz blog – yonilg‘isiz avtomobildir: uzoqqa bora olmaydi. Auditoriyasi katta blogerlarga o‘z blogingizni reklama qildiring. Yoki do‘stlaringiz bilan reklama almashing.
Hech qachon to‘xtamang
Davom ettirish boshlab olishdan ham qiyinroq: doimo kuch, vaqt, motivatsiya va pul topish kerak. Ammo unutmang: siz bir joyda qotib turganingizda, boshqalar harakatda davom etishmoqda.
Tahlil qiling
Ijod albatta yaxshi narsa, ammo aql bilan qilingan ijod sizga katta auditoriyani olib kelishi mumkin. Blogingizni kuzatib boring, aynan qanday postlaringiz ko‘proq “layk” va izoh yig‘ayotganiga e’tibor qarating. Asosiysi har kuni yozing. Qanchalik faol bo‘lsangiz, obunachilaringiz lentasida birinchi o‘rinlarda turishingiz ehtimoli shunchalik ortib boradi.
To‘g‘ri heshteg (#)lardan foydalaning
Heshteglar yordamida boshqa foydalanuvchilar sizning blogingizni topishlari mumkin. Shuning uchun ham blog faoliyati va yozayotgan mavzuingizga doir heshteglardan foydalaning. Ammo platformada cheklovlar ham mavjud bo‘lib, bitta postga 30 dan ko‘p heshteg ishlatib bo‘lmaydi. Shuni ham unutmangki, mashhur heshteglar har doim ham samarali emas. Heshteg qanchalik mashhur bo‘lsa raqiblaringiz shunchalik ko‘p bo‘ladi.
“Stories” funksiyasidan foydalaning
Instagramning ushbu funksiyasini kun davomida 200 millionga yaqin foydalanuvchi qo‘llaydi. “Stories”da faol bo‘lish obunachilaringizni ko‘paytirish uchun eng yaxshi imkondir.
Auditoriya bilan o‘zaro munosabatda bo‘ling
Ijtimoiy tarmoqda obunachilaringiz bilan o‘zaro aloqada bo‘lib turishingiz katta ahamiyatga egadir. Kimdir postlaringizga izoh qoldirsa – javob bering, “layk”larga javoban “layk” bosing, bu sizni ular bilan yaqinlashishga yordam beradi. Konkurs va yutuqli o‘yinlar tashkillashtiring, so‘rovnomalar o‘tkazing, obunachilaringiz fikrlari bilan faol tarzda qiziqib boring.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!