“Ishdagi ishq” filmini ko‘rganmisiz? Bunday savol berishning o‘zi, noto‘g‘ri bo‘lsa kerak! Keling, bu filmni qayta yodga olamiz.
1971-yil rossiyalik kinorejissyor Eldar Ryazanov va dramaturg, ssenarist Emil Braginskiy bilan hamkorlikda “Hamkasblar” komediya-pyesasini atigi bir oy ichida yozib tugatishgan.
Pyesaga asoslangan spektakl katta muvaffaqiyat qozonganidan keyingina mualliflar uning filmini olishga ahd qilishadi. Nihoyat, 1977-yilning oktabr oyida “Ishdagi ishq” filmi taqdimoti bo‘lib o‘tadi. Film katta muvaffaqiyat qozonadi. Bu filmni ko‘rish uchun kinoteatrlarga bir necha oyning o‘zida 58 millondan ziyod tomoshanbinlar tashrif buyurgan. 1979-yilda esa film davlat mukofoti bilan taqdirlangan.
Hatto, odamlar filmdagi jumlalarni, voqealar rivojini yodlab olishadi. Filmning syujeti sizning ham yodingizdami? Yo‘q, deb javob bersangiz, u holda ushbu kinokartina haqida bir qancha qiziqarli faktlarni e’tiboringizga havola qilamiz.
Biz boshladik
1. Film ham xuddi pyesa kabi ikki oy ichida suratga olingan ekan. Rejissyor Eldar Ryazanov film bosh qahramonini topish uchun ham ko‘p bosh qotirmagan: Novoselsyev – Andrey Myagkovga ishonib topshirildi. Lyudmila Prokofyena Kalugina roliga esa Alisa Freyndlix taklif etilgan.
2. Bosh rol qahramonlari obrazi ustida ko‘p ishlashga to‘g‘ri kelgan. Andrey Myagkov “ko‘ngli yumshoq”, omadsiz ish yurituvchi obrazini (zamondan ortda qolgan, katta ko‘zoynak taquvchi, odmi kiyimda yuruvchi) yaratishi kerak edi. Lyudmila Prokofyenaga esa barcha kinostudiyalardan eng odmi va shaklsiz kiyim qidirilgan. Uning eski ko‘zoynagini film operatori – Vladimir Naxabsyevning otasidan olib turishgan ekan. Mana shunday qilib, yolg‘iz muvaffaqiyatsiz ota Novoselsyev va “xo‘mraygan” Kalugina obrazi yaratilgan.
3. “Ishdagi ishq”da doim telefonda “g‘iybatlashib” o‘tiruvchi sekretar – Verochka dugonasi bilan emas, aslida turmush o‘rtog‘i bilan gaplashgan ekan. Sekretarning turmush o‘rtog‘iga jiddiy rollardan biri berilgan edi. Ammo suratga olish jarayonida aktyor ko‘zidan jarohat olgani sabab, film so‘ngigacha ishtirok eta olmagan.
4. Filmda sovg‘a sifatida taqdim qilingan bronza ot esa butun sovet kinematografiyasida haqiqiy “yulduzga” aylangan. Ushbu bronza otni “Brilliant qo‘l”, “Eski yangi yil”, “Paket” nomli filmlarda ham ko‘rish mumkin. Ot ishtirok etgan filmlar ro‘yxati hali oxiriga yetgani yo‘q. Hozirda o‘sha mashhur bronza ot “Mosfilm”da saqlanmoqda.
5. Filmda aktyorlar xuddiki, bir ish joyida ishlab, voqealar bir joyda sodir bo‘layotgandek tasvirlanadi. Aslida, tasvirga olish jarayonlari uchta alohida-alohida joylarda o‘tkazilgan.
6. Filmni suratga olish jarayonlarining asosiy qismi 1976-yilning sentabr oyida bo‘lib o‘tgan. O‘sha yili birinchi qor haqiqatdan ham erta, 25-sentabrda yog‘gan edi. Daraxtlarning bargi hali sarg‘ayib ham ulgurmagandi. Aynan, ushbu birinchi qor film tarixiga muhrlandi.
7. Filmda yolg‘iz va omadsiz ota Novoselsyev yaqin do‘sti – Samoxvalovning yuziga tarsaki tortadigan joyi bor edi. Yodingizdami? Ammo tarsaki u darajada ishonchli chiqmagani sabab, bu dublni bir necha marta suratga olishga to‘g‘ri kelgan. Oxirgi urinishda Andrey Myagkov do‘stiga ssenariyda yozilmagan tarzda, shu darajada qattiq tarsaki tortadiki, mana shu tarsakni filmda ham ko‘rish mumkin.
8. 1978-yili “Ishdagi ishq” filmi “Yilning eng yaxshi filmi” deb topilgan. Bosh rollarni ijro etgan Andrey Myagkov va Alisa Freyndlix yilning eng yaxshi aktyorlari deb e’tirof etilgan.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!