Kecha, 21-fevral kuni Burkina-Faso janubi-g‘arbidagi qishloqlardan biridagi oltin konida yuz bergan portlash oqibatida 60 ga yaqin odam halok bo‘ldi. Bu haqda mahalliy hukumat xabar berdi.
Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, portlash oltin qazib oluvchi korxona bozorida sodir bo‘lgan, u yerda saqlanayotgan dinamit yonib ketgan.
“Jasadlar hamma joyga sochilib ketgan edi. Bu daraxtlarni ildizi bilan qo‘porib tashlagan va uylarni vayron qilgan portlash edi”, – deydi mahalliy manbalardan biri.
Qayd etilishicha, o‘nlab jarohatlanganlar eng yaqin shifoxonaga evakuatsiya qilingan. “France Presse” axborot agentligi xabariga ko‘ra, qurbonlar orasida ayollar va bolalar ham bor.
Sodir bo‘lgan voqea yuzasidan tergov viloyat prokurori Gaua shahri yaqinidagi voqea joyiga borganidan So‘ng boshlangan. Bir kishi hibsga olingan.
Burkina-Faso AIB axborot agentligida keltirilishicha, oltin koni yopilgan.
Mahalliy yetakchilardan biri Sansan Urbain Kambou “Reuters” agentligiga ma’lum qilishicha, maydondagi konchilarning aksariyati mamlakatning boshqa hududlaridan ko‘chirilgan odamlardir.
Ma‘lum qilinishicha, Burkina-Faso Afrikadagi eng yirik oltin ishlab chiqaruvchilardan biri boʻlib, koʻpgina konlar xalqaro firmalar tomonidan boshqariladi, shuningdek, norasmiy konlar tartibga solinmagan.
Qayd etish mumkin, oltin 2009-yildan beri Burkina-Fasoning yetakchi eksportiga aylanib, paxtani ortda qoldirgan.
Mamlakatda 2020-yilda 54 tonna oltin qazib olingan, bu 2019-yildagi 45 tonnaga nisbatan 20 foizga ko‘p.
Vazirlikning hisob-kitoblariga ko‘ra, barcha ishlab chiqarishning chorak qismi ruxsat etilmagan shaxtalar hissasiga to‘g‘ri keladi va ular 1,5 millionga yaqin odamni ish bilan ta’minlaydi.
Ko'pgina Afrika mamlakatlaridagi norasmiy konlarda tomning qulashi kabi halokatli baxtsiz hodisalar ko'pincha sodir bo'ladi.
O‘tgan oy qo‘shni Ganada oltin koniga portlovchi moddalar olib ketayotgan yuk mashinasi mototsikl bilan to‘qnashib ketganidan keyin sodir bo‘lgan kuchli portlashda kamida 13 kishi halok bo‘lgan edi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!