Kuni kecha Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Farg‘onaazot” ustav kapitalidagi 99,02 foiz davlat aktsiyalar paketini xususiylashtirish bo‘yicha “Indorama Corporation” (Singapur) kompaniyasi bilan kelishuvga erishilganini ma’lum qildi.
2021-yilning 10-dekabr kuni Davaktiv agentligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 13-fevraldagi “Kimyo sanoati korxonalarini yanada isloh qilish va moliyaviy sog‘lomlashtirish, yuqori qo‘shilgan qiymatli kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-4992-son Farmoniga muvofiq “Farg‘onaazot” AJ ustav kapitalidagi 99,02 foiz aktsiya paketlarini muzokaralar uchun ommaviy taklif sotuv jarayoni orqali sotish rejasini e’lon qilgan edi.
O‘shanda kompaniyaning moliyaviy natijalari yuqori ijobiy dinamikani ko‘rsatayotgani, 2020-yil yakuni bo‘yicha sof foydasi 292,6 milliard so‘mni (2019-yilda 220 milliard so‘m) tashkil etgani, 2021-yilda esa mazkur ko‘rsatkichning o‘sishi kutilayotgani qayd etilgan.
“Bu yangilangan ko‘rsatkichlarda aks ettiriladi va elektron ma’lumotlar xonasiga (VDR) yuklanadi hamda ma’lumotni oshkor qilmaslik to‘g‘risidagi bitimlar (NDA) tuzgan potensial investorlar uchun keyin taqdim etiladi”, – deyilgan sotish rejasi aks etgan e’londa.
Qayd etilishicha, eng maqbul taklif Singapurning “Indorama Corporation” kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan. Taklifga ko‘ra, sotib olish qiymati qariyb 140 million AQSH dollarini (130 mln. dollar va 107 mlrd. so‘m) tashkil etadi.
Shuningdek, investor korxonani modernizatsiya qilish uchun 100 million dollar miqdoridagi investitsiya kiritish majburiyatini oladi.
Xo‘sh, “Farg‘onaazot” qanday kompaniya va xorijiy investorga sotilguniga qadar qanday faoliyat yuritgan?
1958-yili Farg‘ona shahrida azotli o‘g‘itlar zavodi qurish haqidagi hukumat qarori qabul qilinib, Qirgulidagi neftni qayta ishlash zavodi yonida bo‘sh yotgan dasht yerlardan 50 gektar maydon ajratilgan. 1959-yil 22-iyul kuni qurilajak zavod direktsiyasi tarkibini tasdiqlash haqida buyruq chiqarilgan. Shu tariqa qurilish ishlariga start berilib, bu jarayonga mamlakatimizning eng nufuzli va tajribali mutaxassislari jalb etilgan. Zavod qurilishi 3 yil davom etgan.
“Farg‘onaazot” aktsiyadorlik jamiyati 1962-yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda O‘zbekistonda mineral azotli o‘g‘itlar, defoliantlar va syellyuloza asetatlar ishlab chiqaruvchi yirik korxonalardan biri hisoblanar edi. Korxona 3 ta asosiy kompleksga bo‘lingan:
Mineral o‘g‘itlarni ishlab chiqarish: AM-76 keng ko‘lamli ammiak agregati, konsentratsiyalanmagan AK-72M azot kislota va AS-72M ammiakli selitra ishlab chiqarish, karbamid ishlab chiqarish;
Natriy xlor va magniy xlorat defoliantini ishlab chiqarish;
Atsetat tolasi va syellyulozaning murakkab efirlarini ishlab chiqarish.
Bundan tashqari, zavodda azot-fosfor o‘g‘itlari AFO, KAS suyuq o‘g‘iti, suyultirilgan azot-kalsiyli o‘g‘it, “Darmon” issiqxona xo‘jaliklari uchun o‘g‘itlar, natriy nitrati, natriy bikarbonati, polietilen paketlar, mineral o‘g‘itlarni konteynerlar bilan ta’minlash uchun polietilen qoplar va boshqa ishlab chiqarish syexlari mavjud. Korxonaning jami ishlab chiqarish quvvati-yiliga 2,8 million tonna o‘g‘itni tashkil qilgan.
Kompaniyaning ustav fondi (kompaniyaning asosiy va aylanma mablag‘lari qiymati) 83 472 914 900 so‘mni (83 mlrd 472 mln 914 ming 900 so‘m) tashkil etgan. Ushbu AJning rahbari – Mannonov Dilshod Erkinovich edi. Tashkilot xususiylashtirilgunga qadar aktsiyalarining 49,90 foizi “O‘zkimyosanoat” AJga, 49,10 foizi “Davaktiv agentligi”ga tegishli bo‘lsa, 1 foiz aktsiya yuridik va jismoniy shaxslar qo‘lida. 6700 nafardan ziyod ishchi-xodim mehnat qiladi. Korxona muassisligida 4 sahifali “Kimyogar” gazetasi chop etiladi.
O‘tgan-yilning 26-avgust kuni “Farg‘onaazot” aktsiyadorlik jamiyatining 60-yilligi tantana qilingan va bayram tadbirida viloyat hokimi Xayrullo Bozorov ham ishtirok etgan edi.
“Farg‘onaazot”ning investorga sotilishi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020-yil 24-fevral kuni kimyo sanoatini isloh qilish bo‘yicha istiqbolli rejalar hamda joriy-yilda amalga oshiriladigan asosiy vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.
Davlat rahbari parlamentga yo‘llagan Murojaatnomasida va Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisida kimyo sohasiga alohida e’tibor qaratib, hukumat oldiga uni modernizatsiya qilish, ilm-fan va innovatsiyalarni keng joriy etish bo‘yicha qator vazifalar qo‘ygan edi.
Bu bejiz bo‘lmagan. Chunki mazkur tarmoqda muammolar, hali foydalanilmayotgan imkoniyatlar ko‘p. Jumladan, yurtimizda ishlab chiqarish mumkin bo‘layotgan, murakkab tarkibga ega bo‘lmagan kimyo mahsulotlari chetdan olib kelinayotgan, eksport strukturasi diversifikatsiya qilinmagan, bunda hanuzgacha mineral o‘g‘itlar ulushi juda katta ekani qayd etilgan edi. Ishlatilayotgan uskunalarning 60 foizi eskirgani, energiya sarfi me’yordan 2-3 baravar ortiqligi alohida urg‘ulangandi.
Unda sohani isloh qilish, korxonalar samaradorligi va salohiyatini oshirish bo‘yicha vazifalar belgilanib, “Farg‘onaazot” aktsiyadorlik jamiyati, Qo‘ng‘irot soda zavodi va Dehqonobod kaliyli o‘g‘itlar zavodida davlat ulushini investorlarga sotish masalalariga to‘xtalib o‘tilgan.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor Gʻaniyev o‘z Telegram kanalida 2020-yil 10-fevral kuni Farg‘ona viloyat hokimligida o‘sha vaqtdagi viloyat hokimi (Shuhrat Gʻaniyev) va o‘rinbosari “Indorama Corporation” vise-prezidenti Amit Loxia boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashgani va unda kompaniya tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritish orqali “Farg‘onaazot” AJ korxonasini bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish, iqtisodiyot tarmoqlarida talab yuqori bo‘lgan kimyoviy mahsulotlarning yangi turlari hamda neft-gaz va to‘qimachilik sanoati uchun kimyoviy qo‘shilmalar ishlab chiqarish bo‘yicha qiymati 170 million AQSH dollari miqdoridagi loyihani amalga oshirish istiqbollari bo‘yicha dastlabki muzokaralar o‘tkazilgani haqida yozgan edi.
Demak, singapurlik tadbirkorlarda ushbu loyiha avvaldan qiziqish uyg‘otgan va oxir-oqibat “Farg‘onaazot” AJni to‘laligicha sotib olishgan.
2021-yil avgust oyida Navoiy viloyatiga tashrifi doirasida “Navoiyazot” korxonasida bo‘lgan Shavkat Mirziyoyev, u yerda 2 ta zamonaviy kimyo majmuasini ishga tushirish va yana bir yangi yirik loyihani boshlashga bag‘ishlangan marosimdagi nutqida kelgusi-yillarda yana 5 ta kimyoviy texnologik klaster bosqichma-bosqich tashkil etilishini ma’lum qilgan.
O‘shanda Farg‘ona viloyatida “Farg‘onaazot” negizida lok-bo‘yoqlar, mebel uchun melamin, to‘qimachilik sanoati uchun sun’iy tolalar ishlab chiqarish haqida xabarlar tarqalgan edi.
2021-yilning oktyabr oyida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Farg‘onaazot” AJ ustav kapitalidagi 99,02 foiz ulushni xususiylashtirish jarayonlariga xalqaro nufuzga ega konsultant va auditorlik kompaniyalarini tanlov asosida jalb qilganligini ma’lum qildi.
Xususan, “Farg‘onaazot” AJ ustav kapitalidagi 99,02 foiz ulushni xususiylashtirish uchun Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan birgalikda takliflar ishlab chiqilib, mutasaddi vazirlik va idoralar tomonidan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi” hamda Davlat tender komistsiyasining tegishli qaroriga muvofiq, “katta to‘rtlik”ka kiruvchi xalqaro kompaniyalar orasidan eng maqbuli jumladan, narx (tijorat) taklifi, mazkur soxadagi tajribasi, malaka va salohiyati, shuningdek savdolarni tashkil etish yondashuvlari bo‘yicha taqdim etgan quyidagi kompaniyalar tanlab olingan:
Xususiylashtirish jarayonlarini amalga oshirish va kompleks tahlil o‘tkazish uchun yetakchi konsultant etib – “Deloitte” xalqaro konsalting kompaniyasi;
Ulushni baholash ishlari uchun – “KPMG” xalqaro baholovchi kompaniyasi.
Shu bilan birga, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Strategik konsultanti sifatida Xalqaro moliya korporatsiyasini davlat aktivini sotish jarayonlari doirasidagi muzokaralarda maslahat berish uchun jalb etilishi mumkinligi aytib o‘tilgan edi.
2022-yil iyun oyida “The Financial Times” gazetasi O‘zbekistondagi xususiylashtirish jarayonlari haqida maqola e’lon qilgan va “Xususiylashtirishning hozirgi bosqichi avvalgisidan shunday jihati bilan farq qiladiki, O‘zbekiston hukumati davlatning iqtisodiyotdagi o‘rnini maqsadli ravishda qisqartirayotgani” alohida ta’kidlangan.
Shuningdek, maqolada “Farg‘onaazot” O‘zbekistondagi eng yirik o‘g‘it ishlab chiqaruvchi korxona ekanligi va 2021-yilda xususiylashtirish ko‘lami 2020-yilga nisbatan 8 baravar ko‘pligiga e’tibor qaratilgan.
Shuningdek, “Farg‘onaazot” AJ 2020-2021-yillarda daromadlarni ikki baravarga va EBITDA (foizlar, soliqlar, amortizatsiya va hisoblangan amortizatsiyadan oldingi foyda summasiga teng analitik ko‘rsatkich) 72 foizga oshirgani ta’kidlangan hamda mahsulotlar narxlarining yuqori darajasini hisobga olgan holda o‘ta “jozibador” investision imkoniyatdir:
“Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi bilan jismoniy va yuridik shaxslarga “E-auksion” elektron savdo maydonchasi orqali tadbirkorlik faoliyati uchun qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini mulk huquqi va ijara asosida olish imkoniyati yaratilgan. “Shaffof va raqobatbardosh savdolar asosida, bu ularga yerdan moliyaviy aktiv sifatida foydalanish imkonini beradi.
Ushbu muvaffaqiyatni mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi hukumati tomonidan 2021-yilda davlat aktivlarini xususiylashtirish jarayonini jadallashtirish, jumladan, mamlakatimiz kimyo sanoatini isloh qilish doirasida bir qator o‘g‘it ishlab chiqaruvchi korxonalarni xususiylashtirish bo‘yicha rejalar qabul qilindi. Bu harakatlar jiddiy niyatlar bilan boshlangan – 2022-yil fevral oyida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi mamlakatimizdagi eng yirik azotli o‘g‘itlar, defoliantlar va syellyuloza asetat ishlab chiqaruvchilardan biri bo‘lgan “Farg‘onaazot” aktsiyadorlik jamiyatini xususiylashtirish niyatida ekanligini ma’lum qilgan edi.
“Farg‘onaazot” AJ yaxshi moliyaviy ko‘rsatkichlarni namoyon etjdi: kompaniya daromadlari 2020-2021-yillar davomida ikki baravar, EBITDA esa 72 foizga oshdi. 2020-yildagi o‘sish O‘zbekistonning kuchli ichki bozori, 2021-yildagi o‘sish esa yuqori eksport hajmi va yuqori yakuniy mahsulot narxlari hisobiga ta’minlandi.
O‘g‘itlar global oziq-ovqat talabini qondirishda muhim rol o‘ynaydi
O‘g‘itlar hayotiy muhim oziq-ovqat mahsulotlari sifati, mavjudligi va arzonligini ta’minlashga yordam beradi hamda dunyoning tez o‘sib borayotgan aholisini oziqlantirishga yordam beradi. Mineral o‘g‘itlarning umumiy iste’moli-yiliga qariyb 110 million tonnaga yetdi, oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabning oshishi hisobiga ularni iste’mol qilishning yanada kuchli o‘sishi prognoz qilinmoqda. Azotli o‘g‘itlar bozori mustahkam bo‘lib, joriy bozor 2021-yilda 58 milliard AQSH dollaridan oshadi va 2028-yilga kelib qariyb 74 milliard AQSH dollariga o‘sishi prognoz qilinib, sanoat uchun jozibali o‘sish istiqbollarini yaratadi.
Muhim investitsiya salohiyati
O‘zbekistondagi yirik o‘g‘it ishlab chiqaruvchilardan biri sifatida “Farg‘onaazot” aktsiyadorlik jamiyati o‘g‘itlarga bo‘lgan ortib borayotgan milliy, mintaqaviy va jahon talabini qondirish uchun qulay sharoitga ega. Ammiakli selitra va karbamid kompaniya tomonidan ishlab chiqariladigan asosiy mahsulotlar (2021-yildagi daromadning 50 foizi va 42 foizi), umumiy ishlab chiqarish quvvati 2,8 million tonna-yillik o‘g‘it hisoblanadi. Uning ishlab chiqarish majmuasiga Farg‘ona shahridagi Qirguli sanoat markazida joylashgan ammiak, karbamid, nitrat va nitrat kislotasi ishlab chiqarish bo‘yicha uchta asosiy uchastka kiradi, syellyuloza efirlarini ishlab chiqaruvchi va defoliant zavodi (O‘zbekistonda yagona ishlab chiqaruvchi).
Barcha ishlab chiqarish maydonlari temir yo‘l tarmog‘iga ulangan bo‘lib, kompaniyaning o‘z avtomashinalari va temir yo‘l sisternalari (shu jumladan ammiak sisternalari), mineral vagonlar, sovutgichli vagonlar va umumiy sig‘imi 8,7 ming kubometr va 7,4 ming tonna yuk ko‘tarish qobiliyatiga ega bo‘lgan og‘irlikni tekshirish vagonlari mavjud.
Investorlar uchun yangi bozor
O‘zbekistonning kimyo va o‘g‘itlar tarmog‘i o‘sish uchun ulkan salohiyatga ega bo‘lib, “Farg‘onaazot” aktsiyadorlik jamiyatini xususiylashtirish korxonani modernizatsiya qilish, ishlab chiqarishni kengaytirish va salmoqli eksport salohiyatini rivojlantirishni maqsad qilgan investor uchun imkoniyat yaratadi.
“Deloitte TCF LLP” xalqaro konsalting kompaniyasi ushbu bitim bo‘yicha yetakchi maslahatchi, Xalqaro moliya korporatsiyasi esa O‘zbekiston Davlat aktivlarini boshqarish agentligining strategik maslahatchisi vazifasini bajargan.
Investorga qanday majburiyat qo‘yilgan?
Kelishilgan shartlarga ko‘ra, investorning majburiyatlariga Korxonaning barcha joriy ijtimoiy dasturlarini saqlab qolinishi, jumladan, xodimlar sonini va ish haqlarini qisqartirmaslik, xodimlarning malakasini oshirish hamda zamonaviy ekologik nazorat tizimini ishlab chiqish kiradi.
“Farg‘onaazot” nima sababdan o‘zbekistonlik tadbirkorlarga kerak bo‘lmay qolgani tushunarsiz, chunki kompaniyani xususiylashtirish orqali sohadagi samaradorlikni oshirish ko‘zda tutilgan. Xorijiy investor foyda ko‘rishiga ishonmasa hatto bitta cho‘pni ham xarid qilmaydi.
Xulosa...
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Farg‘onaazot” aktsiyadorlik jamiyatining 99 foiz ulushini raqobatbardosh savdo yo‘li bilan sotishni rejalashtirgan edi, bu esa investorga biznesning rivojlanishi va o‘sishini ta’minlash uchun sohaning ilg‘or tajribalari va yangi texnologiyalarni joriy etish ustidan to‘liq nazorat qilish imkonini berardi. O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotida qishloq xo‘jaligining ulushi qariyb chorak (24 foiz) qismni tashkil etishini inobatga olsak, ushbu bitim kompaniya mahsulotlariga ichki va xalqaro talabning ortib borayotgani, shuningdek, butun dunyoda mahsulotlar narxlarining yuqori darajasini hisobga olinsa, bu investor – “Indorama Corporation” uchun juda yaxshi imkoniyatdir.
Tarmoqni qo‘shimcha xususiylashtirish rejalashtirilganligini hisobga olsak, “Farg‘onaazot” AJga kiritilayotgan sarmoya O‘zbekiston va Markaziy Osiyoda jadal rivojlanayotgan sektordagi ishtirokini kengaytirishga sarmoya bo‘lishi mumkin.
Iqtisodchi-bloger Otabek Bakirovga ko‘ra O‘zbekistondagi eng rentabelli zavodlardan biri hisoblangan “Farg‘onaazot” nominalidan arzoniga sotilgan
“Xususiylashtirish boshlangani e’lon qilinganidan rasman bir-yildan ko‘proq vaqt o‘tib, takliflarni qabul qilish muddati kamida 5 marta uzaytirilganidan keyin, nihoyat kecha “Farg‘onaazot” AJdagi davlat aktsiyalar paketini sotish bo‘yicha kelishuvga erishilgani e’lon qilindi.
Manbalarga ko‘ra, ma’qullangan g‘olib nomi ancha avval ma’lum edi (bu nom noyabrdagi iqtisodiy forum kuluarlarida bir necha bor yangragan edi), lekin bitimni imzolash uchun Singapurga tashrif vaqtidan foydalanildi.
Demak, “Farg‘onaazot” AJ ustav kapitalidagi 99,02 foiz davlat aktsiyalar paketi “Indorama Corporation Pte. Ltd” nazoratiga o‘tadi.
Sotib olish qiymati qariyib 140 million AQSH dollari (130 mln. AQSH dollari va 107 mlrd. so‘m)ni tashkil etadi, shuningdek, Investor tomonidan Korxonani modernizatsiya qilish uchun 100 million AQSH dollari miqdoridagi investitsiya kiritish majburiyati olinadi. Nega to‘lovning bir qismi so‘mda ekaniga yoki investision majburiyat nima uchun 100 million dollar etib belgilanganiga, bu sotuv qiymatiga qanday ta’sir o‘tkazganiga izoh berilmagan.
“Farg‘onaazot” AJni sotib olishga go‘yoki talabgor bo‘lgan 4 nafar talabgorlar nomi, ularning takliflari ochiqlanmagan (hech qursa zaxira g‘olib nomi, agarda Indorama fikridan qaytib qolgudek bo‘lsa).
O‘zi nafaqat “Farg‘onaazot” AJ, bironta boshqa aktiv sotilishi bo‘yicha ham talabgorlar takliflari Yangi O‘zbekistonda ochiqlanmagan. Ayrim bitimlar bo‘yicha allaqachon ma’qullangan investorlardan boshqa talabgorlar borligiga menda jiddiy shubhalar mavjud, masalan. Bo‘lgan bo‘lsa ham, ular formal, sparring talabgorlar rolini bajarishgan”, – deyiladi tahliliy postda.
Shunday qilib, O‘zbekistonning davlat nazoratidagi eng daromadli zavodlaridan biri jami kapitalidan arzonroqqa, aniqrog‘i 93 foiz qiymatiga ketdi. 2021-yilni 349 mlrd.so‘m sof foyda bilan yakunlagan zavod, dividend to‘lash bo‘yicha ham liderlardan bo‘lgan. Masalan, 2022-yil 9 oyi yakunlari bo‘yicha oddiy aktsiyalar bo‘yicha nominalga nisbatan 217,35 foiz qiymatda dividend to‘langan.
Bakirovga ko‘ra, o‘rganib qolinganidek, investorga xodimlar sonini va ish haqlarini qisqartirmaslik vazifasi yuklangan. Bu investision majburiyatlar bilan birga sotilgan aktiv qiymatini keskin pasaytirgan bo‘lishi tabiiy. Bu shunchaki malakasizlikmi yoki maqsadli harakatmi, mulohazalar bilan bo‘lishishga odam, to‘g‘risi, cho‘chiydi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!