Markaziy Osiyoda suv zaxiralari va tog‘ muzliklari massasi kamayib bormoqda. Tadqiqotlarga ko‘ra, mintaqadagi muzliklar to‘planayotgan muzga qaraganda ko‘proq muz yo‘qotmoqda.
Olimlar so‘nggi yillardagi ko‘rsatkichlarni 1991–2020-yillardagi o‘rtacha ma’lumotlar bilan taqqoslagan. Natijalarga ko‘ra, Tojikiston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Afg‘onistondagi ayrim suv havzalariga suv oqimi sezilarli darajada kamaygan.
Ayniqsa, Amudaryo va Sirdaryoni o‘z ichiga olgan Orol dengizi havzasida vaziyat jiddiy ekani qayd etilgan. Markaziy Osiyoda daryo oqimining yarmidan ko‘pi qor va muzliklarning erishi hisobiga shakllanadi.
Tadqiqotlarda 2025-yil mintaqa muzliklari uchun keskin yo‘qotishlar kuzatilgan davr bo‘lgani qayd etiladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, bir yil davomida Markaziy Osiyo muzliklari qariyb 30 kub kilometr muz yo‘qotgan. Bu mintaqadagi mavjud muzliklar hajmining qariyb 2 foiziga teng.
Mutaxassislar muzliklarning qisqarishiga bahor va yoz oylaridagi yuqori harorat, qor yog‘ishining kamayishi hamda erish mavsumining odatdagidan erta boshlanishini asosiy omillar sifatida ko‘rsatmoqda.
Muzliklarning qisqarishi uzoq muddatda mintaqaning suv xavfsizligiga ta’sir qilishi mumkin. Chunki ular yoz oylarida suv ta’minoti, qishloq xo‘jaligi va gidroenergetika uchun muhim tabiiy suv zaxirasi hisoblanadi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!