“Turkiston” va “Hi-Tech Bank” xususiy aksiyadorlik tijorat banklaridan bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi lisenziyalar chaqirib olindi. Bu haqda O‘zbekiston Markaziy banki xabar berdi.
Markaziy bank boshqaruvining 2022 yil 7 oktyabrdagi 22/2-sonli qaroriga asosan “Hi-Tech Bank” xususiy aksiyadorlik tijorat bankidan (keyingi o‘rinlarda “Turkistonbank” va “Hi-Tech Bank”) bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi lisenziya chaqirib olindi.
“Hi-Tech Bank” aktivlar hajmi bo‘yicha respublika bank tizimida 29-o‘rinni egallagan, “Turkistonbank” esa 26-o‘rinda qayd etilgan.
“Turkistonbank” va “Hi-Tech Bank” tomonidan “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunning 54 va 77-moddalarida belgilangan qoidabuzarliklar sodir etilganligi, xususan:
– bank aktivlari bo‘yicha ehtimoliy yo‘qotishlarga qarshi yetarlicha zaxiraning mavjud emasligi;
– regulyativ kapitalining ellik foizidan ortiq miqdorda zarar ko‘rganligini;
– bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilganligi;
– buxgalteriya hisobining hisobotga oid ma’lumotlar buzilishiga olib keladigan va bankning haqiqiy moliyaviy ahvolini aks ettirish imkonini bermaydigan qoidabuzarliklar bilan yuritilganligi;
– bank faoliyatidagi qo‘pol qoidabuzarliklarni bartaraf etish to‘g‘risidagi Markaziy bank ko‘rsatmalarining belgilangan muddatda bajarilmaganligi;
– jiddiy qoidabuzarlik uchun Markaziy bank tomonidan jarima qo‘llanilganidan keyin huddi shunday qoidabuzarlikni takroran sodir etilganligi sababli “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘isida”gi Qonunning 20-moddasiga muvofiq Markaziy bank boshqaruvi ushbu qarorni qabul qildi.
Markaziy bank boshqaruvining yuqorida keltirilgan qaroriga asosan “Turkistonbank” va “Hi-Tech Bank”ni tugatish komissiyasi tarkibi tayinlandi va “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunga asosan bank ishlarini boshqarish bo‘yicha, shu jumladan, bank aksiyadorlarining umumiy yig‘ilishi, kuzatuv kengashi va boshqaruvi vakolatlari ushbu komissiyaga o‘tdi.
Omonatchi-jismoniy shaxslar uchun ma’lumot:
O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning banklardagi omonatlarini himoyalash kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq aholining banklardagi omonatlari Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash fondi tomonidan to‘liq kafolatlanganligi munosabati bilan “Turkistonbank” va “Hi-Tech Bank” omonatchilarining barcha mablag‘lari, birinchi navbatda, 2 oydan so‘ng to‘liq qaytariladi.
Aholiga omonat mablag‘larini qaytarish Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash fondi tomonidan ushbu qonunda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Omonatlarni qaytarish bo‘yicha batafsil ma’lumotni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 71-200-00-44, 71-236-75-24 ishonch telefonlari orqali olishingiz mumkin.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!