Prezident Shavkat Mirziyoyev Mirzo Ulug‘bek tumanidagi O‘zbekiston ovozi ko‘chasida tashkil etilgan gastronomik turizm ko‘chasi faoliyati bilan tanishdi.
Turizm kam mablag‘ evaziga ko‘p ish o‘rni yaratadigan, aholi daromadlarini oshirib, hududlar qiyofasini yaxshilaydigan muhim sohadir. Toshkent shahrida bu borada imkoniyatlar katta.
Xususan, Mirzo Ulug‘bek tumanida mazkur salohiyatdan to‘liq foydalanish maqsadida qator loyihalar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston ovozi ko‘chasida olib borilgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari mamlakatimizda turizm va servis sohalarini rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tiborning amaliy ifodasi bo‘ldi.
Mazkur loyiha davlatimiz rahbarining 2022-yil 30-aprelda qabul qilingan “Ichki turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida amalga oshirilgan.
Obyekt 2025-yil sentabr oyida ishga tushirilgan bo‘lib, loyihasi Rossiyaning “City Makers” va “Lyudi Arxitekts” byurolari tomonidan ishlab chiqilgan.
Ko‘chaning umumiy uzunligi 2,1 kilometrni tashkil etadi. Bu yerda zamonaviy infratuzilma yaratilgan. Jumladan, keng piyodalar va velosiped yo‘laklari barpo etilgan, aholi va sayyohlar uchun qulay sharoitlar yaratilgan.
Hududda selfi-zonalar, ochiq havodagi sport maydonchalari, biohojatxonalar tashkil etilgan. Shuningdek, oilaviy dam olish maskanlari, bolalar uchun ekomaydonchalar va arqonli bog‘ faoliyat ko‘rsatmoqda.
Davlatimiz rahbari ko‘cha bo‘ylab yurar ekan, zamonaviy uslubda ta’mirlangan xonadonlar, obod ko‘chalar va aholi uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Shu yerda istiqomat qilayotgan oilalar bilan samimiy suhbatlashdi.
Loyihaning umumiy qiymati 40 milliard so‘mni tashkil etadi. Ko‘chada jami 165 ta savdo obyekti faoliyat yuritmoqda. 89 ta tadbirkorlik subyekti uzluksiz ishlash tartibiga o‘tgan. Shuningdek, 2 ming 221 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.
Prezidentimizga shu yerning o‘zida Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi turizm va gastronomik ko‘chalarda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axborot berildi.
Qayd etilganidek, 2025-yilda poytaxtda jami 26 ta ko‘cha tun-u kun faoliyat yuritishga o‘tdi. Bu yo‘nalishga 540 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Natijada 1 ming 103 ta yangi savdo va servis obyekti tashkil etilib, 315 ta tadbirkorlik subyekti 24/7 rejimida ishlashni boshladi, 26 ta xorijiy brend faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Amalga oshirilgan ishlar iqtisodiy ko‘rsatkichlarga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatgan. Ko‘chalarda turli xizmatlardan foydalanuvchilar sutkasiga 80 mingdan 200 mingga yetgan, 6 ming nafar aholi bandligi ta’minlangan.
Joriy yilda yana 18 ta yangi turizm ko‘chasini tashkil etish, 500 ta yangi obyektni ishga tushirish va 7 ming nafargacha yangi ish o‘rni yaratish rejalari haqida ma’lumot berildi.
Prezidentimiz Mirzo Ulug‘bek tumanida gastronomik turizm ko‘chalari sonini yanada ko‘paytirish, mavjud imkoniyatlarni to‘liq ishga solish, xizmatlar sifatini oshirish va yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha mas’ullarga aniq topshiriqlar berdi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!