$
12814.78 UZS
-14.29
123.50 UZS
-1.41
13442.70 UZS
97.9
18° Kechasi

Shavkat Mirziyoyevning Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining o‘n oltinchi sammitidagi nutqi

14:23 / 09.11.2023

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Hurmatli Bosh kotib!

Anjuman ishtirokchilari!

Avvalambor, Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammitida sizlar bilan uchrashib turganimdan behad xursandman.

O‘zbekiston zaminiga xush kelibsiz!

Bugungi oliy darajadagi uchrashuvimiz bizning umumiy taraqqiyot yo‘lida ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirishga bo‘lgan qat’iy intilishimizning yaqqol dalilidir.

Bugun ko‘z o‘ngimizda dunyo siyosiy arxitekturasi tom ma’noda o‘zgarmoqda va global qayta qurilishi sodir bo‘lmoqda.

Bu murakkab jarayonlarda o‘zining katta o‘rniga ega bo‘lgan Tashkilotimiz davlatlari birgalikda hamjihat bo‘lib harakat qilishi, vujudga kelayotgan xavf-xatarlarga qarshi samarali yechimlar topishi muhimdir.

“Hamkorlikda iqtisodiy barqarorlik va taraqqiyot sari” shiori ostida o‘tayotgan sammitimizda siz, aziz hamkasblarim bilan ko‘p tomonlama aloqalarimizni yangi bosqichga olib chiqish va eng dolzarb masalalar bo‘yicha batafsil fikr almashamiz.

Barchangizga bugungi tadbirimizda ishtirok etayotganingiz va o‘zaro manfaatli munosabatlarimiz ravnaqiga qo‘shayotgan ulkan hissangiz uchun alohida tashakkur bildiraman.

Fursatdan foydalanib, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti hurmatli Ilhom Haydarovich Aliyevni Tashkilotimizdagi muvaffaqiyatli raisligi bilan samimiy tabriklayman.

Ozarbayjon raisligi doirasida “Yashil o‘tish va o‘zaro bog‘liqlik yili”da o‘tkazilgan qator tadbir va tashabbuslar amaliy sherikligimizni kengaytirishga salmoqli hissa qo‘shdi.

Kelgusi yilda Tashkilotimizga raislik qiladigan Eron Islom Respublikasining mintaqaviy savdoni rivojlantirish orqali hamkorlikni yanada chuqurlashtirish borasidagi reja va maqsadlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz.

Hurmatli sammit ishtirokchilari!

Bundan roppa-rosa ikki yil oldin Ashxobod shahrida Tashkilotimizning o‘n beshinchi sammitini muvaffaqiyatli o‘tkazgan edik. Turkmanistondagi yig‘ilishimizda qabul qilingan muhim qarorlar tuzilmamiz faoliyatiga yangi nafas olib kirdi.

Tashkilotni isloh qilish va uning samaradorligini oshirish, xalqaro maydondagi nufuzini yuksaltirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Xususan, transport vazirlarimiz qabul qilgan Toshkent deklaratsiyasining muhim ahamiyatini alohida qayd etmoqchiman.

Boku shahrida Toza energiya markazini tashkil etish va mintaqaviy elektr energiyasi bozorini yaratish masalasi bo‘yicha amaliy ishlar qilinmoqda. Ekologiya sohasida yuqori darajadagi muloqot platformasi tuzildi. Turizm hamkorligini yanada kengaytirish maqsadida birinchi bor Tashkilot turoperatorlari tarmog‘i yaratildi va Xavfsiz turizmni rivojlantirish dasturi tasdiqlandi.

Qadrli delegatsiyalar rahbarlari!

Tashkilotimiz a’zolarini mushtarak tarix va muqaddas islom dinimiz, boy madaniyat va o‘xshash qadriyatlar chambarchas bog‘lab turadi.

Yarim milliard aholi yashaydigan keng mintaqamiz savdo-iqtisodiy, sanoat, investitsiya va innovatsiyalar, transport sohalaridagi aloqalarni rivojlantirishda katta salohiyatga ega.

Tahlillarga ko‘ra, jahondagi global inqirozga qaramasdan, bizning iqtisodiyotlarimiz barqaror o‘sish sur’atlarini namoyon etmoqda.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ortga qaytmas islohotlar jadal amalga oshirilayotganidan barchangiz yaxshi xabardorsiz. Biz iqtisodiyotni liberallashtirish, xalqimizning turmush darajasi va farovonligini yanada yuksaltirishga asosiy e’tiborni qaratyapmiz.

Yangi O‘zbekistonda so‘nggi olti yilda yalpi ichki mahsulot hajmi bir yarim barobar ko‘paydi. 2030-yilga qadar ushbu iqtisodiy ko‘rsatkichni yana ikki barobarga oshirishni mo‘ljallayapmiz. Bunga, avvalo, “yashil” iqtisodiyot va zamonaviy infratuzilmani barpo etish, xususiy sektorni rag‘batlantirish va yangi ish o‘rinlari yaratish, xorijiy investitsiyalarni faol jalb etish hisobidan erishish ko‘zda tutilmoqda.

Bu borada xalqaro maydonda o‘z ovozi va nufuziga ega Tashkilotimizning barcha a’zolari bilan samarali ishlashga tayyormiz. Zero, yaqin va yaxshi qo‘shni bo‘lgan mamlakatlarimiz iqtisodiyotlari bir-birini to‘ldira oladi. Umumiy savdo-transport koridorlari va energetika tarmoqlari esa davlatlarimizni uzviy bog‘laydi. Biz yangi “o‘sish nuqtalari”ni birgalikda izlab topish orqali kelgusida salmoqli natijalarga albatta erishamiz.

Hurmatli yig‘ilish ishtirokchilari!

O‘zbekiston Tashkilotimizning asosiy hujjati bo‘lgan “Istiqbollar – 2025” ijrosini sarhisob qilishni qo‘llab-quvvatlaydi. Hozircha ishga solinmayotgan katta imkoniyatlarning chuqur tahlili asosida Tashkilotimizning kelajakdagi ustuvor soha va tarmoqlarini belgilab beruvchi “Iqtisodiy hamkorlikning strategik maqsadlari – 2035” konseptual hujjatini ishlab chiqish vaqti keldi, deb hisoblaymiz.

Ushbu muhim hujjatda quyidagi asosiy yo‘nalishlarga e’tibor qaratish lozim.

Birinchidan, o‘zaro savdoni rag‘batlantirish. O‘tgan yili mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo ko‘rsatkichi 85 milliard dollarni tashkil etdi. Bu Tashkilotga a’zo davlatlar umumiy tashqi savdosining atigi 8 foizi demakdir. Afsuski, imtiyozli savdo bitimini tuzish bo‘yicha ko‘p yillik urinishlar kutilgan samarani bermayapti. To‘siqsiz savdoni shakllantirish yo‘lida hali-hamon ko‘plab cheklov va muammolar saqlanib qolmoqda.

Bu holatlarni ochiq tan olishimiz va ularni ijobiy tomonga o‘zgartirish uchun vaziyatga yangicha qarash bilan yondashish kerak. Shu munosabat bilan ekspertlarimiz tomonidan ishlab chiqilgan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti doirasida savdoni soddalashtirish to‘g‘risidagi bitimni qabul qilishga chaqiraman.

Ushbu hujjatda tovar va xizmatlar savdosini yengillashtirish, texnik va notarif to‘siqlarni bartaraf etish, bojxona, fitosanitariya va veterinariya tartib-qoidalarini raqamlashtirish, elektron savdoni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, bu chora-tadbirlar orqali 2035-yilga borib o‘zaro savdo hajmlarini kamida ikki barobar ko‘paytirish mumkin.

Ikkinchidan, o‘zaro transport-kommunikatsiya bog‘liqligini kuchaytirish. A’zo davlatlarning aksariyati dengizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyatiga ega emas. Shu bilan birga, Osiyo-Tinch okeani, Janubiy Osiyo, Yaqin Sharq va Yevropa mintaqalarining yirik bozorlari bilan bog‘laydigan va bizning hududlarimiz orqali o‘tadigan transkontinental transport yo‘laklari salohiyatidan to‘liq foydalanishimiz zarur.

Kelgusida “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” va Transafg‘on multimodal yo‘llarining ishga tushirilishi barcha a’zo davlatlar manfaatlariga mos keladi.

Toshkentda 2-noyabrda bo‘lib o‘tgan transport vazirlarining yig‘ilishida “O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron – Turkiya” transport yo‘lagini rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan hujjatga boshqa a’zolarni ham qo‘shilishga, o‘zaro tarif va yig‘imlarni maqbullashtirishga chaqiraman.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Ozarbayjon va Turkiya bilan yuk tashish hujjatlarini raqamlashtirdi, shuningdek, boshqa davlatlar bilan bunday loyihalar amalga oshirilmoqda.

Bu kabi zamonaviy tizimlarni keng joriy qilish hamda samarali muvofiqlashtirish uchun Toshkent shahrida Tashkilotning Raqamli transport va bojxona ofisini tashkil etish tashabbusini bildiraman.

Uchinchidan, sanoat kooperatsiyasi hamda ishbilarmonlik aloqalarini faollashtirish, industrial xablarni shakllantirish.

Biz o‘zaro investitsiyalar oqimini ko‘paytirish, ularni himoya qilish va sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish bo‘yicha Qo‘shma harakatlar dasturini ishlab chiqib, Tashkilotimiz Kotibiyatiga taqdim etdik. Mazkur hujjatda kimyo, energetika, geologiya, to‘qimachilik, charm-poyabzal, oziq-ovqat, farmatsevtika va qurilish sohalarida yangi qo‘shma loyihalarni ilgari surish maqsad qilib qo‘yilgan. Bu ezgu yo‘lda Tashkilotning Savdo va taraqqiyot banki bilan sheriklik aloqalarini kengaytirish tarafdorimiz.

Kecha Toshkentda o‘tgan Savdo-sanoat palatalari va ko‘plab kompaniyalarimiz rahbarlari ishtirokidagi beshinchi biznes-forum xususiy sektorda katta salohiyatga ega ekanimizni yaqqol ko‘rsatdi. Biz Tashkilotimiz doirasida hududlararo sanoat ko‘rgazmasini tashkil etish va uning dastlabki tadbirini 2024-yilda yurtimizda o‘tkazish taklifini ilgari suramiz.

To‘rtinchidan, energetika xavfsizligini kafolatli ta’minlash. Milliy energetika strategiyalarini uyg‘unlashtirish, mintaqalararo energiya resurslarini uzatish tarmoqlarini rivojlantirish, “yashil” energetika texnologiyalarini keng joriy etishning ahamiyati oshmoqda.

Biz Tashkilotning energetika sohasida hamkorlik strategiyasining asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish borasida keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirmoqdamiz. 2030-yilgacha 25 gigavatt quvvatdagi qayta tiklanuvchi energiya manbalarini yaratishni va balansimizda ularning ulushini 40 foizga yetkazishni maqsad qilganmiz. Shu yilning o‘zida 2 gigavatt quvvatdagi yirik shamol va quyosh elektr stansiyalarini ishga tushiryapmiz. Shuningdek, “yashil vodorod” ishlab chiqarish sohasida ham ilk qadamlarni qo‘ymoqdamiz. Ushbu yo‘nalishlarda barcha davlatlar bilan ochiq muloqot va tajriba almashishga tayyormiz.

Hamkorlik masalalarini batafsil muhokama qilish va ishlarni tizimli asosda olib borish uchun Tashkilotimiz doirasida alohida Energetika vazirlari kengashini ta’sis etishni taklif etamiz.

Beshinchidan, iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurash va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha aloqalarni jadallashtirish. Hozirgi vaqtda bizning davlatlarimiz bu o‘tkir muammolarning og‘ir oqibatlariga duch kelmoqda. Muzliklarning erishi, suv resurslari taqchilligi, cho‘llanish, chang bo‘ronlari, tuproq yemirilishi va biologik xilma-xillikning yo‘qolishi kabi jarayonlar qattiq xavotir uyg‘otmoqda.

Tuzilmamiz doirasida Ekologiya masalalari bo‘yicha yuqori darajali platforma yaratish bo‘yicha g‘oyamizni qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun tashakkur izhor etaman. Uning birinchi anjumanini 2024-yili Samarqand iqlim forumi doirasida tashkil etishga tayyormiz.

Shuningdek, kelgusi haftada yurtimizda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Cho‘llanishga qarshi kurashish konvensiyasi bajarilishini ko‘rib chiqish bo‘yicha qo‘mita yig‘ilishida vakillaringizni faol ishtirok etishga chorlaymiz. Hozirgi vaqtda tobora jiddiy muammoga aylanib borayotgan qum-chang bo‘ronlariga qarshi kurashish maqsadida Samarqand deklaratsiyasini qo‘llab-quvvatlashga chaqiramiz.

Oltinchidan, turizm sohasida hamkorlikni kuchaytirish. Yaqinda 140 dan ortiq davlatlar ishtirokida Samarqandda bo‘lib o‘tgan Butunjahon turizm tashkiloti Bosh Assambleyasi sessiyasi mintaqamiz sayyohlik salohiyatiga butun dunyo e’tiborini jalb etish borasida tarixiy voqea bo‘ldi.

Bugungi kunda Tashkilot makonida YUNESKOning 90 ga yaqin Butunjahon merosi obyektlari joylashgan bo‘lib, mamlakatlarimizga har yili salkam 80 million xorijiy sayyohlar tashrif buyurmoqda.

Transchegaraviy yo‘nalishlar tobora ommalashayotganini hisobga olib, qo‘shma turistik marshrutlarni joriy etish hamda “Ipak yo‘li” sayyohlik brendi ostida umumiy sayyohlik dasturlarini ko‘paytirishni taklif etaman.

Tashkilotimiz Kotibiyati huzurida a’zo mamlakatlarning turizm ma’muriyatlari va yetakchi ekspertlardan iborat alohida Turizm bo‘yicha maslahat qo‘mitasini tashkil etish taklifini bildirmoqchiman. Uning ilk uchrashuvini kelgusi yili Tashkilotimizning turizm poytaxti deb e’lon qilingan Shahrisabz shahrida o‘tkazishga tayyormiz.

Shuningdek, a’zo davlatlarni Samarqandda ochilgan Butunjahon turizm tashkilotining Xalqaro turizm akademiyasi imkoniyatlaridan unumli foydalanishga chaqiramiz.

Yettinchidan, madaniy-gumanitar hamkorlikni chuqurlashtirish orqali do‘st xalqlarimizni yanada yaqinlashtirish. Har yili mamlakatlarimizda navbat bilan Madaniyat, san’at va kino haftaliklarini o‘tkazib borish, yoshlarning ijodiy festivallari va innovatsion hamkorlik platformasini yo‘lga qo‘yish, fundamental ilmiy yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish aloqalarimiz rivojiga kuchli turtki bag‘ishlaydi.

Hurmatli sammit qatnashchilari!

Global tinchlik va xavfsizlikka jiddiy tahdid solayotgan Yaqin Sharqdagi Falastin-Isroil urushi barchamizda katta tashvish uyg‘otmoqda. Ming afsuski, bu qonli nizo oqibatida avvalo, tinch aholi vakillari, ayniqsa, ayollar, bolalar va keksalar ko‘plab qurbon bo‘lmoqda. Urushning mintaqa bo‘ylab yoyilib ketish xavfi tobora real tus olmoqda.

Qarama-qarshilikning keng ko‘lamli nizoga aylanib ketishiga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Biz tomonlarni zudlik bilan harbiy harakatlarni to‘xtatishga, tinch muzokaralarni boshlash, oqilona murosaga kelishga chaqiramiz.

Falastin xalqi Birlashgan Millatlar Tashkiloti rezolyutsiyalari bilan tasdiqlangan huquqqa, ya’ni, o‘zining mustaqil davlatini barpo etish huquqiga ega, degan qat’iy pozitsiyamizni yana bir bor bildiramiz.

Shuningdek, bugungi sammit Tashkilotimiz a’zolaridan biri bo‘lgan Afg‘oniston ishtirokisiz o‘tayotganiga diqqatingizni qaratmoqchiman.

Asrlar davomida bizga yon qo‘shni bo‘lgan ko‘pmillatli Afg‘oniston xalqini bugungi murakkab muammolari qarshisida yolg‘iz qoldirib bo‘lmaydi. Ushbu mamlakatni mintaqaviy integratsiya jarayonlariga faol jalb etish barqaror taraqqiyotimizning ajralmas va zaruriy shartidir.

Barchangizni afg‘on xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatishni ko‘paytirishga, ushbu mamlakatdagi o‘tkir ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni jamoaviy mas’uliyat va maqbul mexanizmlar asosida hal etishga chaqiraman.

Hurmatli hamkasblar!

Nutqimning yakunida alohida ta’kidlamoqchimanki, bugungi tarixiy sammit va uning natijalari Tashkilotimizni samarali va ta’sirchan tuzilmaga aylantirishga, ko‘pqirrali sherikligimizni yangi marralarga olib chiqishiga ishonaman.

E’tiboringiz uchun rahmat.


Bu ham qiziq

O‘zbekiston va Tojikiston o‘zaro yuk tashish uchun ruxsatnomalarni bekor qildi

O‘zbekiston va Tojikiston o‘zaro yuk tashish uchun ruxsatnomalarni bekor qildi

Bu haqda Tojikiston transport vazirligi xabar berdi.
19:30 / 25.11.2024
“Zo‘ravonlikka qarshi 16 kunlik faol harakat” global kompaniyasi boshlandi

“Zo‘ravonlikka qarshi 16 kunlik faol harakat” global kompaniyasi boshlandi

“Toshkentda 25-noyabrdan boshlab “Zo‘ravonlikka qarshi 16 kunlik faol harakat” global kompaniyasi boshlandi. Bu tashabbus Xa…
09:12 / 25.11.2024
Mirzo Ulug‘bekda mashina yonib ketdi

Mirzo Ulug‘bekda mashina yonib ketdi

Bu haqda Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
08:21 / 25.11.2024
Hirotdagi ayollar kafesi “Tolibon” tomonidan yopildi

Hirotdagi ayollar kafesi “Tolibon” tomonidan yopildi

Hirot shahridagi ayollar kafesining faoliyati “Tolibon” tomonidan to‘xtatilgan. Bu haqda Hasht-e Subh Daily xabar bermoqda.
11:17 / 25.11.2024
Oyatulloh Ali Xomanaiy Netanyaxuga o‘lim jazosi berish kerakligini aytdi

Oyatulloh Ali Xomanaiy Netanyaxuga o‘lim jazosi berish kerakligini aytdi

Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy Binyamin Netanyaxuga o‘lim jazosi berish kerakligini aytdi, deya xabar bermoqda R…
08:37 / 26.11.2024
Zaporojyeda portlashlar sodir bo‘ldi

Zaporojyeda portlashlar sodir bo‘ldi

Kiyev tomonidan tayinlangan Zaporojye viloyat davlat ma’muriyati rahbari Ivan Fedorovning ta’kidlashicha, dushanba oqshomida…
11:02 / 25.11.2024
Toshkent havosining ifloslanish darajasi me’yordan 4 baravar yuqori

Toshkent havosining ifloslanish darajasi me’yordan 4 baravar yuqori

Bu haqda IQAir platformasida ma’lum qilingan.
10:19 / 26.11.2024
Maymun chechagiga qarshi ikkinchi vaksina tasdiqlandi

Maymun chechagiga qarshi ikkinchi vaksina tasdiqlandi

Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
14:30 / 25.11.2024
25-noyabr kuni qanday ob-havo kuzatiladi?

25-noyabr kuni qanday ob-havo kuzatiladi?

Harorat kechasi 2-4, kunduzi 14-16 daraja iliq bo‘ladi.
22:37 / 24.11.2024
BAAda 3 nafar o‘zbekistonlik hibsga olindi

BAAda 3 nafar o‘zbekistonlik hibsga olindi

Avvalroq, Isroil va Moldova davlatlari fuqarosi, Chabad-Lubavich harakati a’zosi, butun dunyo bo‘ylab yahudiylarning targ‘ib…
16:25 / 25.11.2024

O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!

O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!