“O‘zgidromet” Toshkentdagi havo ifloslanishiga izoh berdi.
Qayd etilishicha, Makrosinoptik holat bo‘yicha respublika hududi, shu jumladan Toshkent shahri ham antisiklon periferiyasi ta’sirida qolmoqda. Mazkur jarayon atmosferaning yer sirtiga yaqin quyi qatlamida havoning quyosh botishi va chiqishidan so‘ng radiatsion sovushini keltirib chiqaradi.
Bu esa havoda suv bug‘lari to‘yinishi, qalin tuman va bulduruq hodisalariga sabab bo‘ladi. Havodagi suv bug‘lari harorat 10-15 daraja sovuqda muz parchalariga aylanib, mayda disperss zarrachalar ko‘rinishida havoda xiralikni yuzaga keltiradi. Shu bilan birga shamol omilining yo‘qligi esa havoda ko‘rinuvchanlikni pasaytirib yuboradi.
Ayni vaqtda Toshkent shahridagi atmosfera havosining pastki qatlamida (100-150 metrgacha) harorat inversiyasi (havo haroratining balandlikka qarab ortib borishi) vujudga kelgan. Harorat inversiyasi havoning vertikal harakatlariga to‘sqinlik qiladi, natijada mayda zarrachali (PM 2,5) ifloslantiruvchi moddalar konsentratsiya oshib borishiga sabab bo‘ladi.
Havodagi ko‘rinuvchanlikni pasayishi esa transportlarni harakatlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Jumladan, 22-yanvar soat 22:00 dan 23-yanvar soat 05:00 ga qadar poytaxtda radiatsion sovish fonida qalin tuman hodisalari ro‘y berib, Toshkent xalqaro aeroportida ko‘rinish masofasi 50-100 metrgacha bo‘lganligi sababli ushbu vaqt oralig‘idagi 11 ta aviareyslar zaxira aeroportlarga yo‘naltirilgan.
Shu bilan birga, tuman va bulduruq hodisalari ta’sirida PM 2,5 mayda dispers zarrachalarini ortishi o‘lchov vositalarida aniqlanib, AQI reytingida Toshkent shahri 23-yanvar kuni soat 7:00-9:00 oralig‘ida 317 ko‘rsatkich bilan birinchi o‘ringa ko‘tarilgan. Ayni damda havo haroratining ortishi natijasida tuman, bulduruq hodisalari chekinib havoning mayda zarrachalar bilan ifloslanishi pasaymoqda (soat 12:00 holatiga AQI reytingida 3-o‘rinda).
“Hamshaharlarimizga shuni eslatib o‘tmoqchimiz-ki, ushbu jarayonda atmosfera havosining zararli ifloslantiruvchi moddalar (karbonad angidrid, oltingugurt, ammiak, chang) bilan ifloslanish holati ruxsat etilgan me’yoriy miqdorlardan ortmagan. Avtotransport harakati natijasida azot ikki oksidi miqdori 0,2-0,3 marotaba ruxsat etilgan me’yoriy mifdorlardan ortgani qayd etilib, ushbu ko‘rsatkich yuqori darajadagi ifloslanish hisoblanmagan holda inson salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi”, – deyiladi “O‘zgidromet” munosabatida.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!